Golfstrim qayerga g‘oyib bo‘ldi?
Qator yillardan beri insoniyat ona tabiatga nisbatan xuddi xo‘jasizlarcha munosabatda bo‘lib, uning beg‘araz in’omlaridan foydalanib kelmoqda. Bu ham kamlik qilganidek o‘z nafsiga erk berib, cheki yo‘q ehtiyojlarini qondirish ilinjida yurgan inson tabiatga bilib-bilmay zarar yetkazmoqda.
Ammo ona tabiat biz o‘ylaganchalik ojiz va notavon emas. Kezi kelganida u butun olamni larzaga soladigan darajada kuch-qudratini namoyon eta oladi. Odamzotning oxirini o‘ylamasdan tabiiy resurslardan foydalanishi kutilmagan ofatlarni keltirdi. Aytaylik, dengiz yoki ummonda birdaniga to‘fon turib inson boshiga halokat keltiruvchi dahshatli to‘lqinlar bostirib keladi. Uzoq muddat davomida tinchgina mudrab kelayotgan vulqon o‘tkir hayqiriq bilan osmonga otilib kul va otashni olamga sochadi hamda butun atrofni zulmat yopinchig‘i ila qoplaydi. Butun borliqni larzaga solib kutilmaganda kuchli zilzila yuz beradi…
Lekin tan olishimiz lozimki, ona tabiat bizga nisbatan o‘ta saxiylik va mehribonlik bilan munosabatda bo‘lmoqda. Shuncha isrofgarchiklariga qaramay u bor-budini bizga to‘kib-sochishga urinmoqda.
Dunyo olimlari inson va tabiat o‘rtasidagi hozirgi munosabatlar qanday noxush oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ta’riflab berishmoqda. Biz diqqatingizga ana shunday vaziyatlarning ayrimlarini havola etmoqchimiz.
Yevropa va Shimoliy Amerika qit’alaridagi iliq va mo‘tadil iqlim golfstrim deb nom olgan kuchli oqim hisobiga ta’minlanadi. Bordiyu, golfstrim oqimi o‘zining harakatini birmuncha susaytirsa yoxud batamom to‘xtatib qo‘yadigan bo‘lsa, nomi yuqorida zikr etilgan har ikki qit’ada Sibirdagi kabi qahraton sovuq iqlim hukmronlik qila boshlaydi. Golfstrim tabiatida yuz berayotgan noxush o‘zgarishlar haqida olimlar 2004 yildayoq xabar berishgandi. O‘sha davrlarda Grenlandiya va Arktikadagi abadiy muzliklarning erib borishi, yomg‘ir yog‘ishi tufayli azaldan suvi sho‘r bo‘lgan dengiz va ummonlarga kelib tushayotgan chuchuk suv miqdorining haddan ziyod ortishi sababli golfstrim oqimining harakati anchagina susayganini e’tirof etishdi. 2004 yilning noyabr oyida dunyodagi eng katta va uzun daryolardan biri sanalmish Amazonka daryosining oqimidan 60 barobar kuchliroq va tezroq harakat qiluvchi golfstrim oqimi bir muddatga bo‘lsa hamki to‘xtab qolgani qayd etilgandi. Aynan shu vaqtdan boshlab olimlar butun dunyo hamjamiyatini ogohlikka chorlaydi. Olimlarning ta’kidlashicha, golfstrim oqimining batamom harakatdan to‘xtashi oqibatida Shimoliy Atlantika ummoni hududlaridagi iqlim butunlay o‘zgarib ketadi. Ayrim joylardagi o‘rtacha harorat 10 darajagacha, Buyuk Britaniyaning sohillarida esa 5 darajagacha pasayib ketishi ehtimoli bor. Olimlar taxmin qilishicha, hozirgi noxush vaziyat o‘zgarmasa 2049 yilga kelib golfstrim oqimi butunlay g‘oyib bo‘lar ekan.
Ammo vaqt o‘tgan sari ushbu masala biroz e’tibordan chetda qolganday bo‘ldi. Biroq, Meksika ko‘rfazida yuz bergan navbatdagi ekologik falokat golfstrim muammosining hamon dolzarb ekanini eslatib qo‘ydi. Shu vaqtda ko‘rfazda neft qazib olish ishlari bilan band bo‘lgan xalqaro kompaniyalarning biri yo‘l qo‘ygan mudhish xato tufayli dengizga uzoq muddat davomida 40 ming kubometrdan ziyod qayta ishlanmagan neft oqib ketdi. Buning golfstrim oqimiga nima aloqasi bor deysizmi? Gap shundaki, bir kubometr neft 1 kvadrat km. masofadagi suv sathini sun’iy parda bilan qoplashi mumkin. Biz muhokama etayotgan muammoning bosh sababchisi golfstrim aynan Meksika ko‘rfazida shakllanadi.
So‘nggi yillarda ro‘y berayotgan tabiiy xodisalar tabiatga nisbatan aql va mehr bilan e’tibor ko‘rsatish lozimligini anglatadi.
Mohinur HASANOVA tayyorladi.