Saylov va yoshlar: caylash va saylanish huquqi

Bugun mamlakatimiz aholisining 64 foizini o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil qiladi. Davlatimiz, jamiyatimiz va keng jamoatchilik mamlakat ko‘lamida yoshlar masalasining mazmun va mohiyatiga umumxalq harakati sifatida qarayotganining boisi ham ana shunda.

“Yoshlarimizga nafaqat ishonch bildirish, balki, ularga o‘zligini amalda namoyon etish uchun maydonni kengaytirish kerak”, deya ta’kidlagan edi mamlakatimiz rahbari Islom Karimov. Yoshlarni siyosiy chiniqtiradigan ana shunday maydonlardan biri-mamlakatdagi saylovlar jarayonlaridir. Ta’bir joiz bo‘lsa, u yoshlar uchun katta mahorat maktabi bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarda belgilangan saylov to‘g‘risidagi huquqiy normalarga e’tibor bersangiz navqiron avlodga bo‘lgan yana bir g‘amxo‘rlik o‘z ifodasini topganligini his qilasiz. Ularda yoshlarning siyosiy huquq va manfaatlarini himoyalash nazarda tutiladi va hayotda, jamiyatda, munosib o‘rin egallashini ta’minlashga qaratilgandir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 7-moddasida “Xalq davlat hokimiyatining birdan bir, manbaidir” deyilgan bo‘lsa, 10-moddasida “O‘zbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan Respublika Oliy Majlisi va Prezidenti ish olib borishi mumkin”, deb belgilangan. Demak, bu moddalar saylovlar katta ahamiyatga ega ekanligini aks ettirib turibdi. Xalq o‘z xohish-irodasini saylovlar orqali amalga oshiradi va shunday qilib davlat ishlarida, siyosiy hayotda hokimiyatga saylab qo‘ygan vakillari orqali ishtirok etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasi saylov tizimiga doir huquqiy normalar belgilab qo‘yilgan. Unda mamlakatimiz fuqarolari vakillik organlariga saylash va saylanish hamda o‘z xohish – irodasini bildirish tengligi va erkinligi kafolatlangan. Ushbu moddaning ikkinchi bandida esa yoshlarning saylashga doir huquqiy normalari belgilangan. “O‘zbekiston Respublikasining 18 yoshga to‘lgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar” deb ta’kidlangan. Bu modda fuqarolarning, jumladan yoshlarning faol saylash huquqini belgilaydi.

Fuqarolarning saylov huquqi va uning mazmun – mohiyati haqida so‘z yuritishdan oldin “saylov nima?” degan savolga izoh berib o‘tish kerak. Ushbu tushuncha biron-bir organni ya’ni davlat, jamoat, xalqaro tashkilot va hakozolarni ovoz berish yo‘li bilan shakllantirish demakdir. Saylov huquqi tushunchasiga kelsak, u muhim siyosiy huquqlardan biri bo‘lib, fuqarolarga nafaqat vakillik organlarini tashkil etish, balki bunday organlarga o‘z vakillarini yuborish imkoniyatini ham beradi.

Saylov huquqi tushunchasi ikkita bo‘lib, faol va passiv saylov huquqiga bo‘linadi. Fuqarolarning saylab qo‘yiladigan organlarni tuzishda qatnashishi huquqi uning faol saylov huquqi hisoblanadi. Fuqarolarning saylab qo‘yiladigan organlarning tarkibiga saylanishga bo‘lgan huquqi esa uning passiv saylov huquqidir.

Faol saylov huquqi, ya’ni saylash huquqi bevosita demokratiyaning bir ko‘rinishi bo‘lib, u har bir fuqaroning davlatni boshqarishda o‘z vakillarini saylash bilan ishtirok etishini ko‘zda tutadi. Bu huquqqa Konstitutsiyada belgilanganidek, 18 yoshga yetgan, muomalaga layoqatli mamlakat fuqarolari ega bo‘ladilar. “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida ta’kidlanganidek, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy ahvoliga, irqiy va milliy mansubligiga, jinsi va ma’lumotiga, tili, dinga munosabatiga, mashg‘ulot turi va xususiyatiga qarab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining siyosiy huquqini biron-bir tarzda bevosita yoki bilvosita cheklash ta’qiqlanadi.

Yana o‘qing:  Kumushbibi shifokor bo‘lmoqchi

Fuqarolarning passiv saylov huquqi, ya’ni saylanish huquqidir. Bu huquqiy norma nomzodning saylovchilar tomonidan e’tirof etiladigan kasbiy va aqliy fazilatlari bilan bog‘liq bo‘lib, fuqaroga hokimiyat vakillik organlari boshqaruvida faoliyat olib borish imkoniyatini yaratadi.

“Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilanganidek, Qonunchilik palatasiga saylanish huquqiga saylov kuni yigirma besh yoshga to‘lgan hamda kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston fuqarolari egadirlar. Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylanish huquqiga esa saylov kuni yigirma bir yoshga to‘lgan hamda kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston fuqarolari egadirlar.

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas va saylovlarda qatnashmaydilar. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Saylov kuni saylovchilar faqat bitta nomzodni qo‘llab-quvvatlab bir martagina imzo qo‘yishga haqli. Bunda saylovchi o‘z familiyasini, ismini otasining ismini tug‘ilgan yilini, yashash joyi manzilini, pasportning seriyasi va tartib raqamini, shuningdek, imzo qo‘ygan sanani ko‘rsatadi. Agar u 18 yoshda bo‘lsa, qo‘shimcha ravishda tug‘ilgan kuni va oyini ham yozishi shart. Ovoz berishga kelish va kelmaslik, qanday ovoz berish ixtiyoriylikka asoslanadi. Saylov tadbirlarida ishtirok etmaganlik, ovoz berishga kelmaganligi uchun fuqaroga hech qanday chora ko‘rilmaydi. Lekin saylov jarayonida faol ishtirok etish, ovoz berish natijasi har bir fuqaroning o‘zi uchun, ovoz berishi mamlakat taqdiriga ta’sir etishini anglashi uchun zarur. Zero, u yoshlarga saylov jarayonlarida ovoz berishda faol ishtirok etishdek fuqarolik va vatanparvarlik burchini yuklaydi.

Saylovlarda yoshlarning ishtiroki ularni to‘laqonli shaxs sifatida namoyon qiladi. O‘zlarini jamiyatning huquqiy a’zolari sifatida his qilishiga sabab bo‘ladi.

Saylovga befarq qarovchi yoshlar siyosiy hayotda ishtirok etmagan, demak o‘z siyosiy huquqlaridan foydalanmagan bo‘ladi.

Mamlakatimizda ovoz berish ixtiyoriyligi demokratik tamoyillarga mos keladi. Ba’zi mamlakatlarda, masalan, Avstriyada ovoz berilmaganlik uchun jarima belgilangan. Gretsiya va Turkiyada hatto ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘rnatilgan. Argentinada esa ovoz berishga kelmagan saylovchiga jarima solinadi va u uch yil davomida davlat mansablarini egallash huquqidan mahrum qilinadi.

Yana o‘qing:  Kuz

Yoshlar saylovlarga yurtimiz hayotidagi eng muhim, jamiyatimizning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatiga daxldor, har bir saylovchi taqdiriga ta’sir ko‘rsatadigan siyosiy voqea sifatida yondashishlari mamlakatning eng katta yutuqlaridan biridir.

Javlon Sa’dullayev

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: