SOKIN HARAKATLAR JOZIBASI
Yoga mashqlari sog‘lom va xotirjam bo‘lishingizga yordam beradi
Yogani sevuvchi jaHonga mashHur kishilar
Yoga mashqlariga bo‘lgan qiziqish G‘arb davlatlarida ancha yillardan buyon davom etib kelmoqda. U bugungi kunda ham oddiy ofis menejerlaridan tortib, katta biznesmenlaru jahonga mashhur insonlarni ham chetlab o‘tmayapti.
Jumladan, Jenifer Aniston, Madonna, Jorj Bush, Naina Yelsina, Rashid Nurgaliyev, Irina Xakamada, Tatyana Arno, Janna Friske, Aliksandr Sekalo va boshqa qator taniqli insonlarning nomlarini sanab o‘tish mumkin.
Albatta, yoga ta’limotining, keng ma’noda olib qaraydigan bo‘lsak, diniy tomoni ham mavjud. Lekin biz uning faqat harakatlantiruvchi, jismonan baquvvat qiluvchi, eng muhimi, insonni ruhiy jihatdan tinchlantiruvchi xususiyatlariga e’tibor beramiz, xolos.
Bugungi kunda qator mamlakatlarda, shu jumladan O‘zbekistonda ham zamonaviy tibbiyot sohasida, jumladan psixoterapiyada yoganing ruhiy toliqish va stressni yo‘qotishdagi afzalliklaridan unumli foydalanilmoqda.
Yurtimizning so‘lim vohalari, bir-biridan chiroyli go‘shalarida joylashgan Botanika, Bo‘ston, Turon va Chirchiq sanatoriylarida o‘tkazilgan ta’tillarim chog‘ida bunga guvoh bo‘lganman.
Bundan tashqari, mahalliy poliklinikalardagi shifokorlarimiz tomonidan ko‘pchilikka tavsiya qilinayotgan “davolovchi jismoniy tarbiya mashqlari” (LFK)da ham yoga harakati elementlari talaygina.
MashQlarni O‘rgatgan jurnalist-ustozim HaQida
1993-1994 yillarda Hindiston poytaxti Dehli shahridagi Hindiston Ommaviy axborot vositalari institutida (Indian Institute of Mass Communications) o‘qib yurgan kezlarimda Bharat Bhushan Babu ismli jurnalist bilan tanishib qolgan edim. U Andhra Pradesh shtatining Guntur shahrida tug‘ilgan.
O‘sha biz tahsil olib yurgan paytimizda Bharat mazkur institutni endigina tamomlab, Hindistonning eng yirik teleradiokompaniyasida – “Durdarshan”ning Yangiliklar tahririyatida muharrir vazifasida ish boshlagan edi.
Bilishimcha, Bharat Babu bolaligidan yurak xastaligi bilan og‘rigan va u vrachlar maslahatiga ko‘ra, maktabdaligidanoq Xatxa-yoga mashqlarini bajarib turishga odatlangan ekan. Bharatning qayd etishicha, mazkur mashqlar uni shu og‘ir darddan batamom forig‘ etgan va bu harakatlar uning o‘ziga xos hayot tarziga aylanib qolgan.
Muhim jihati shundaki, hindistonlik zamondoshimiz, qolaversa, oddiy bir muxbir uchun kundalik yoga mashg‘ulotlari hozirgi kunda ham tetik, sog‘lom va o‘z kuchiga ishonadigan, irodali inson bo‘lishiga asos bo‘lib kelmoqda.
Xullas, Bharat Babu meni yoganing inson sog‘ligi uchun o‘ta foydali ekanligiga ishontirgan va buni o‘z misolida o‘sha paytdayoq isbotlab bergan edi.
To‘g‘risi, o‘zim ham bolalikdan nafas yo‘llarining shamollashidan, mavsumiy quloq og‘rig‘idan tez-tez bezovta bo‘lib turardim. 5-6 yoshligimda bormagan shifoxonamiz qolmaganini haligacha bilan eslayman.
Ammo, ishoning, Xatxa-yoga ushbu darddan qutulishimga yaqindan yordam berdi va bugun erkin nafas olayotganimdan behad baxtiyorman.
Keyingi qariyb yigirma yil davomida, mazkur “oddiy badan tarbiya mashqlari” ish faoliyatim jarayonida yoki umuman kundalik hayotdagi turli xil murakkab vaziyatlar, o‘tkinchi holatlardan, jumladan, hayajonlanish, tushkunlik, stressdan biroz ustunroq turishimga ko‘maklashdi. Hayot tarzimning ajralmas bir bo‘lagiga aylandi.
Shuningdek, ba’zan bezovta qilib turadigan yuqori qon bosimini ham yoga mashqlari yordamida jilovlashni o‘rgandim. Yoglar kabi chuqur nafas olish va tinchlanish orqali qon bosimi ko‘rsatkichini bemalol tushirish mumkin ekanligiga ishonch hosil qildim.
Juda yaxshi eslayman. Biz Bharat Babu bilan faqat yoga mashqlarini bajarish bilan chegaralanmadik. Institutning mo‘jazgina, lekin bahavo stadionida katta tennisni ham qoyillatgan paytlarimiz ko‘p bo‘lgan.
Shuningdek, har ikkalamizning ham asosiy mehnat faoliyatimiz yaqin bo‘lganligi sababli jurnalistikaning ilg‘or sohalari, xususan axborot va telekommunikatsiyalarning bugungi kuni va kelajagi to‘g‘risida o‘zaro fikr almashardik.
Aytmoqchi, Bharat o‘z kasbi – telejurnalistikaning haqiqiy ustasi bo‘lganligi uchun ham unga nisbatan ixlosim, qolaversa, samimiy hurmatim oshgan. Shu bois uni “guru” ya’ni ustoz deb chaqiradigan bo‘ldim.
Biz tahsil olgan institut Dehlining eng sokin va eng yashillikka boy go‘shasida Javaharlal Neru Universiteti hududining cheksiz va go‘zal bog‘lari ichida joylashgan edi.
Aynan shu yerdagi so‘lim bog‘lar, tinch va osoyishta muhit, muhtashamlik, insonning tabiat bilan o‘zaro mutanosibligi – hayot uchun nihoyatda zarur ekanligini ilk bor his etgan edim. Axir yon-atrofingizda bemalol uchib yurgan qirg‘iylar, yirik to‘tiqushlar va rang-barang tovuslarni ko‘rib kim ham tabiatga mehr qo‘ymaydi, deysiz.
Ana shu jannatiy go‘shalardan ilhomlanib yoga mashqlarini o‘rgandim. Eng muhimi, bugungi kunga kelib u haqdagi shaxsiy taassurotlarim diyorimizdagi aziz o‘quvchilar bilan o‘rtoqlashishga jazm etdim.
Beruniy ALIMOV,
jurnalist