TILSIZ YOV TILSIMI OGOHLIK
Kunlar sovib, qish yaqinlashgani sari xonadonlarimizda isitish uskunalaridan foydalanishga ehtiyoj sezamiz. Ammo ulardan to‘g‘ri foydalanish qonun-qoidalariga hamma ham amal qilavermaydi. Natijada ko‘ngilsiz hodisalar ro‘y berishi mumkin. Buning oldini olish maqsadida yong‘in xavfsizligi boshqarmasi xodimlari aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib bormoqdalar.
Shayxontohur tumani IIB YOXB inspektorlari kichik serjant Azizjon Azimov hamda kichik serjant Shuhrat Aribjonov muntazam ravishda mahalla va o‘quv muassasalarida bo‘lib, yong‘in xavfsizligi qonun-qoidalarini tushuntirib, ayniqsa yoshlar o‘rtasida “O‘z uyingni o‘zing asra!” shiori ostida suhbatlar o‘tkazishda faol ishtirok etmoqdalar.
Uchrashuvlarda olov bilan kurashish faqatgina yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlarining emas, balki har bir fuqaroning burchi ekanini, ochiq alangadan foydalanayotganda ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish, elektr va gaz uskunalarini soz holda tutish, qo‘lbola isitgich asboblaridan foydalanmaslik zarurligini eslatib o‘tamiz. Yuqoridagi qoidalarga doimiy ravishda amal qilib borilsa, yillab to‘plangan mol-mulk, uy-joyni saqlab qolish, qolaversa, har bir fuqaro o‘zining va yaqin kishilarining hayotini ham asragan bo‘ladi.
Sherzod NURMATOV,
Shayxontohur tumani IIB YOHB inspektori, kichik serjant