OLAM VA ODAM – BOLALAR NIGOHIDA
Ma’lumki, yurtimizda yosh avlodning kamol topishi, o‘z iste’dod va iqtidorini erkin namoyon etishiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Istiqlol yillarida mamlakatimizning barcha hududlarida barpo etilgan Bolalar musiqa va san’at maktablari mazkur g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasidir.
Joriy yilning “Sog‘lom bola yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan kuni kecha Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “Olam va odam – bolalar nigohida” mavzuida Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa va san’at akademik litseyi iqtidorli o‘quvchilarining asarlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazmada 100 dan ortiq tasviriy san’at na’munalari tomoshabinlar e’tiboriga havola qilindi.
Shuni alohida ta’kidlash zarurki, mazkur ko‘rgazmada namoyish etilgan asarlarning mualliflari joriy yilda Italiya, Avstriya, Chexiya, Polsha, Rossiya va Hindistonda bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rgazma va tanlovlarda muvafaqqiyatli ishtirok etishib, yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritishgan.
Xalqaro tanlovlar g‘oliblari asarlarini yurtimizda birinchi bor yaxlit holda namoyish etayotgan ushbu ko‘rgazma shu yilning 26 noyabriga qadar davom etadi.
Ch.XUSHVAQTOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri