Otamning o‘gitlari”dan

TISH VA TIRNOQ

(“Otamning o‘gitlari”dan)

Tish sohibiga hamisha sodiq xizmatda bo‘ldi. Yillar o‘tib u qarib, tish ham nuray boshladi. Xuddi sodiq xizmatkorini munosib mukofotlab, zar to‘n kiydirgan kabi, sohibi tishga tilla qopladi. Endi sohibi xursand bo‘lib kulganida, tilla tish ham yaraqlab ketadi.

Tirnoq esa unib-o‘sgani hamono o‘z bag‘riga kir-chirlarni to‘pladi. Shu bois uni har doim qirqib tashlashardi.

Shuning uchun, yosh do‘stim, hayot qiyinchiligiga tishingni-tishingga bosib, chida, sabr qil. Xuddi tilla tish kabi e’zozda bo‘lasan. Hech qachon birovga tirnoqcha ham yomonlik qilma. Aksincha tish-tirnog‘ing bilan yaxshilik uchun xizmat qil.

KITOB – OFTOB

Quyosh nuri kirmagan xonadonga tez-tez tabib kirib turadi” degan gap bor. Bu quyoshning inson salomatligi uchun nechog‘li muhim va ahmiyatli ekanini bildiradi.

Kitob – oftob degan gap ham bor. Kitob kirmagan xonadonga ham jaholat qadam qo‘yadi, in quradi. Ma’naviy jihatdan nosog‘lom bo‘lgan bu muhitga esa keyin tez-tez tashvish va kulfatlar “tashrif” buyuradi.

TANDIR TAFTI

Ertaksevar ukam tandirni ajdar og‘ziga o‘xshatgandi. Chindin ham lovullab o‘t yonganda og‘zidan otash purkayotgan ajdahoga o‘xshaydi u. Lekin unga bahodirlar emas, onalar yuzma-yuz, tik kelishadi. Non yopadigan o‘shalar-da. Shunda bir qiyos o‘yga keladi: jonfido onalar farzandlarga non-nasiba yetkazib berish uchun o‘zini ajdarho komiga urishdan ham qaytmaydilar, bahodirlar kabi.

Ona mehridan ham buyuk, kuchli tuyg‘u bormikan? Farzandi uchun o‘zini o‘tga-cho‘qqa urishga tayyor onajonlarimiz hamisha o‘tdan ham, boshqa ofatlardan ham omon bo‘lishsin. Olamning yomon o‘t-otashlari tandirlarga joylansin, ezgulikka xizmat qilsin. Dunyoni tutunmas, ona mehri va tandir taftida pishgan shirmoy non hidi tutsin!

Dilshod RAJAB

Yana o‘qing:  EKOLOGIK BARQARORLIK BORASIDA MUHIM HAMKORLIK

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: