EKOLOGIK BARQARORLIK BORASIDA MUHIM HAMKORLIK
Ayni vaqtda mamlakatimizda Orolbo‘yidagi ekologik muammo va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etish borasida bir qator xayrli ishlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda Orol dengizi havzasidagi inqiroz holati nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasining, balki butun dunyoning muammosiga aylanayotgani sir emas. Joriy yilning 28-29 oktyabr kunlari Urganch shahrida bo‘lib o‘tgan “Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ham ushbu masala alohida ta’kidlandi. Bir qator xorijiy mamlakatlardan, shuningdek, YUNYeP, YUNYeSKO, BMT Taraqqiyot dasturi, BMTning Yevropa iqtisodiyoti komissiyasi, Markaziy Osiyo Mintaqaviy ekologik markazi, BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy-ijtimoiy komissiyasi, Qurg‘oqchil hududlarda qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari bo‘yicha xalqaro markazi kabi nufuzli tashkilotlar vakillari ishtirok etgan mazkur anjumanda asosiy e’tibor muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimi holati uni rivojlantirish istiqbollari, arid hududlari (cho‘l, sahro va boshqalar) suv hamda yer resurslaridan foydalanish, qurigan Orol dengizi tubida daraxtzorlarni barpo etish orqali tuz-chang ko‘tarilishini bartaraf etish masalalariga qaratildi.
Ma’lumki, Orol ekologik tanazzulining oqibatlari genetik hamda turlar xilma-xilligiga, shu bilan birga uning noyob ekotizimiga katta ziyon yetkazmoqda. O‘tmishda mintaqada bir qator gidroqurilish ishlarining olib borilishi tabiiy chuchuk suv ko‘llarining, shuningdek, hayvonot olamining doimiy yashovchi hamda ko‘chib yuruvchi turlarining barqarorligini ta’minlovchi to‘qay va o‘rmonlar maydonining qisqarib ketishiga olib keldi.
Bugungi kunga kelib o‘simliklarning 11 turi, qushlarning 29 turi va sut emizuvchilarning 12 turi yo‘qolib ketish arafasida turibdi yoki deyarli yo‘qolib ketgan. So‘nggi to‘rt yilda sayg‘oqlarning soni 6100 boshdan 1700 gacha qisqarib ketdi.
Ekotizim va biologik xilma-xillikni qayta tiklash, hayvonot hamda o‘simlik dunyosini saqlab qolish va muhofaza qilish uchun Orol dengizi havzasidagi mamlakatlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha ikkita dastur yakunlanib, hozirda 2011-2015 yillarga mo‘ljallangan uchinchi dastur ishlab chiqildi.
Anjuman ishtirokchilari ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov boshchiligida Orolbo‘yidagi mavjud muammolarning yechimini hal etish, shuningdek, Orol dengizi tanazzuli va mintaqadagi noyob ekotizimlarga uning salbiy ta’siri bilan bog‘liq masalalarga jahon hamjamiyatining e’tiborini jalb etish bo‘yicha sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Ustyurt Platosida sayg‘oqlarni muhofaza qilish, ko‘paytirish va barqaror rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida kelishuvning imzolanishi biologik xilma-xillikni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim voqealardan biri bo‘ldi.
Orolbo‘yidagi ekologik holatni yaxshilashning muhim usullaridan biri lokal suv havzalarida suv resurslarini bir maromda saqlab turish, shuningdek, qurigan Orol dengizi tubida ihota (to‘siq) o‘rmonzorlarini barpo etish hisoblanadi.
1998-2002 yillarda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi va Global ekologik fond “Sudochye” ko‘lini qayta tiklash bo‘yicha hamkorlikdagi loyihani amalga oshirdi. Yo‘qolib borayotgan ko‘l deyarli avvalgi hajmi – 40 ming gektarga qadar qayta tiklandi. Mazkur sa’y-harakatlar sababli ushbu ko‘l baliq, ondatralarning ko‘paytirish uchun noyob ob’yektga hamda kamyob va ko‘chib yuruvchi qush turlarining yashash manziliga aylandi. Loyiha Janubiy Orolbo‘yidagi ekologik holatni sog‘lomlashtirish bo‘yicha yangi kompleks ishlarning amalga oshirilishiga turtki bo‘ldi.
Shuningdek, mintaqaning muammoli hududlarida 740 ming gektar maydonda daraxtzorlar barpo etildi. Kelgusi yillarda yana 200 ming gektar maydonda daraxtzorlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Orolbo‘yi mintaqasida fermer hamda baliqchilik xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha samarali platformani tashkil etish zarur. Hozirda respublikada qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvini yuritishni takomillashtirish, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yuzasidan keng ko‘lamli dastur amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda to‘qay ekotizimlari bioxilma-xilligini saqlab qolish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilinmoqda. 2011 yilda Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati tashkil etilgan. Biorezervat ekotizimlarni saqlashdek asosiy vazifadan tashqari ekologik turizmni rivojlantirish uchun keng salohiyatga ega.
Orolbo‘yi mintaqasida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimi to‘rtta toifadagi 19 ta tabiatni muhofaza qilish ob’yektlaridan tashkil topgan. Ularning umumiy maydoni Orolbo‘yining umumiy maydonidan 32 foizni tashkil etadi.
O‘zbekistonda bioxilma-xillikni bir maromda saqlab turish, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish davlat ekologik siyosatining muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning kelgusida kengaytirish uchun 2014-2023 yillarga muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini rivojlantirish dasturi ishlab chiqilgan. Dastur ularni yana 7 million gektarga qo‘shimcha kengaytirish imkonini beradi. Bu esa mamlakat umumiy maydonidan 17 foizni tashkil qiladi va barcha turdagi ekotizimlarni, shuningdek,hayvonot hamda o‘simlik dunyosi endemik turlarini qamrab oladi.
Bugungi kunda biologik xilma-xillikni saqlab qolish bo‘yicha yangi Milliy strategiya va harakatlar rejasini ishlab chiqish yakunlanmoqda.
Milliy strategiyada tabiiy ekotizimlarni saqlab qolish va barqaror foydalanish bo‘yicha zamonaviy yondoshuv aks etgan bo‘lib, u kompleks ekotizim xizmatlarini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.
Muhokamalar davomida ishtirokchilar ta’kidlab o‘tganidek, qabul qilinayotgan chora-tadbirlarga qaramay Orol tanazzuli hali-hanuz ekotizim va biologik xilma-xillik, hayvonot hamda o‘simlik dunyosi holatiga salbiy ta’sir etishda davom etmoqda. Orol dengizi mintaqasidagi ekologik talofatlar ko‘lami butun dunyo uchun oldindan aytib bo‘lmaydigan salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu sababli xalqaro hamkorlikni rivojlantirishni, qo‘shimcha moliyaviy resurslarni hamda texnik ko‘makni jalb etishni talab etadi.
Ishtirokchilar e’tiboriga ko‘plab loyihalar taklif etildi. Loyihalar to‘plami ekologiyaga doir muammoli va dolzarb masalalarni o‘zida aks ettiradi. Janubiy Orolbo‘yi hududida cho‘llanishga qarshi kurashish, yerlarning degradatsiyaga uchrashini bartaraf etish, suv resurslarini boshqarish uchun biomuhandislik texnologiyalarini ishlab chiqish, shuningdek tatbiq etish, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining gidrologik hamda gidrokimyoviy rejimini barqarorlashtirish bo‘yicha loyihalar shular jumlasidandir. Shu bilan bir qatorda Amudaryo etaklarida vetlandlarning mahsuldorligini oshirish, daryo havzasida ochiq yer usti suv havzalarini kompleks monitoring qilish tizimini yaratish yuzasidan dasturlar taqdim etildi. “Orolbo‘yi buyurtmaxonasi” tabiiy kompleksini tashkil etish va Ustyurt platosida biologik xilma-xillikni saqlab qolishga yo‘naltirilgan loyiha, dasturlar mehmonlar hamda ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ijtimoiy soha masalalari ham e’tibordan chetda qolmadi. Mazkur yo‘nalishda Orolbo‘yi mintaqasida ijtimoiy-maishiy tarmoqlarda qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha loyihalar taklif etildi. Atrof-muhit holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini takomillashtirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Analitik nazoratga ixtisoslashgan davlat inspeksiyasini mobil laboratoriyalar bilan jihozlash va modernizatsiya qilish” loyihasi taqdim qilindi.
Xalqaro konferensiyada mintaqadagi ekologik tanazzulning biologik xilma-xillik holatiga ta’siri, hududning ekologik-iqtisodiy kelajak uchun ahamiyatiga doir masalalar muhokama qilindi. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, arid hududlarda Shuningdek, prognozlash hamda Orol dengizi havzasidagi inqiroz holatining oldini olish maqsadida Orolning gidrometeorologik rejimini o‘rganish, atrof tabiiy muhit monitoringi natijalarini qiyosiy tahlil etib, o‘rganish va o‘z vaqtida ekologik tang vaziyatni barqarorlashtirish uchun to‘g‘ri qaror qabul qilish zarur. Orolbo‘yida qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan tumanlarni iqtisodiy va ekologik jihatdan rivojlantirish, shu bilan birga ekotizimlarni saqlab qolish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Anjuman ishtirokchilari Urganch konferensiyasini yuqori baholadilar. Ular Orol dengizining qurishi bilan ijtimoiy-ekologik oqibatlar ko‘lamiga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirishda mazkur tadbirlar muhim asos bo‘lib xizmat qilishiga hamda yangi, o‘ziga xos platformaga aylanishiga katta ishonch bildirdilar.
Jamila HAYDAROVA