Orasta, oqila, farishta qizlar
Joriy yilning 4 noyabr kuni M. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti Toshkent shahar filialining katta majlislar zalida “Orasta qizlar” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi o‘tkazildi.
Ma’lumki, 2011 yilda O‘zbekitson Xotin qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan respublikadagi o‘quv muassalari qoshida “Orasta qizlar” to‘garaklari tashkil etilgan bo‘lib, mazkur to‘garakning asosiy maqsadi, bolalar, o‘smirlar va yoshlarda shaxsiy gigiyena va sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini to‘g‘ri shakllantirish, ularda o‘zi, xonadoni, mahallasining tozaligiga e’tiborini kuchaytirish, ekologik, tibbiy madaniyatni yuksaltirish, yoshi va fiziologik rivojlanish bosqichiga qarab ular o‘rtasida balog‘atga yetmasidan turmush qurishning oldini olish, nikoh yoshidagi qizlar o‘rtasida oila muqaddasligi, o‘zaro oilaviy munosabatlar haqida keng tushuncha berishdan iborat.
Tanlov shartlaridagi savollar Yurtboshimizning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” hamda Kaykovusning “Qobusnoma” asarlari bo‘yicha tuzildi. Tanlov avvalida hududiy jamoalar qur’a tashlash orqali aniqlanib olindi. Bellashuv berilgan shartlar asosida va bosqichma-bosqich bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rik-tanlov yakunlariga ko‘ra birinchi o‘ringa Namangan viloyatining “Namangan gullari” guruhi munosib deb topildi. Ikkinchi o‘rinni Toshkent viloyatining “Namuna” guruhi egalladi. Uchinchi o‘rin esa Qashqadaryo viloyatining “Nafosat”, Surxondaryo viloyatining “Surxon gavhari” jamoalariga nasib etdi.
G‘olib jamoa homiylar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ma’rifat TOLIPOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri