ERTAK AYTIB BERAYMI?

Ertaklar bola ruhiyatida muhim rol o‘ynaydi. Afsonaviy qahramonlar kichkintoylar fe’l-atvori, ichki dunyosi va dunyoqarashiga ta’sir etmay iloji yo‘q. Shuning uchun ham xalqimiz qadimdan bir-biridan qiziqarli ertaklar aytib berib, o‘z farzandlarining tarbiyasi bilan shug‘ullanishgan. Ammo bolajonlarga hamisha ham siz tanlagan ertak yoqavermasligi mumkin. Buning uchun nima qilish kerak? Farzandingiz ma’nan sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishi uchun ularni to‘g‘ri yo‘naltira olyapsizmi, ertaklarni to‘g‘ri tanlay olyapsizmi?

Ertak kitob tanlaganda shunchaki bola ruhiyatiga yo‘l topa olish kerak, ichki dunyosini tushunish. Shunda hammasi ko‘ngildagidek bo‘ladi. Dastlab, ertaklarning eng soddasidan boshlagan ma’qul. Ayniqsa, aqlini endi taniy boshlagan bolajonlarga bu juda qiziqarli bo‘lsin. Masalan, “Bo‘g‘irsoq”, “Tulki va qarg‘a”, “Oltin baliq”; yoshining ulg‘ayishiga qarab esa bu ertaklarni biroz boyitib boring.

Ertak mavzusini farzandingiz bilan birgalikda tanlang. Farzandingizga ertak o‘qib berishdan ilgari uning mavzulari nima haqda bo‘lishini u bilan kelishib oling. Masalan, “Bugun nima haqida ertak aytib beray?” – deb so‘rang. Agar uzoq o‘ylanib javob berishga qiynalsa, unda o‘zingiz bir qancha ertak mavzularini aytib o‘ting. U albatta o‘ziga yoqqan sarlavhani tanlaydi. Shunda bolangiz nimalarni xohlashini, dunyoqarashi qanday rivojlanayotganini ham kuzatib borasiz. Hech qachon bolajonlarga qo‘rqinchli, ular yoqtirmaydigan, zerikarli ertaklarni aytmang. Bu ularning ruhiyatiga salbiy ta’sir qilishi mumkin va xalq og‘zaki ijodidan, ertaklardan ko‘nglini sovitib qo‘yasiz. “Uch og‘ayni botirlar” haqidagi ertak farzandingizda o‘zaro ahillik, mardlik va qahramonlik, to‘g‘rilik kabi xislatlarning shakllanishiga yordam beradi. Shu bois qadimdan bu ertak barcha bolajonlarga aytib kelingan va hozirga qadar kichkintoylar “Uch og‘ayni botirlar”ni juda yaxshi ko‘rib tinglashadi.

– Bolangizda kitobga havas uyg‘oting. Texnika taraqqiy etgan hozirgi davrda bolajonlarni kitobga qiziqtirish qiyin deb o‘ylashga biroz shoshilmang, – deydi psixolog Zebiniso Ahmedova. – Chunki televizor yoki kompyuterdan chiqadigan zararli nurlar har qancha himoyalanmasin, farzandingiz sog‘lig‘i uchun yaxshi emas. Ularni bu qulayliklardan chalg‘itganingiz va kitoblarga nisbatan havas uyg‘otganingiz foydaliroqdir. Avvalo, kadrlarda tez ko‘rinib o‘tayotgan suratlar bolalar xotirasida yaxshi saqlanmaydi va u kadrlarni farzandingiz o‘z tasavvuricha noto‘g‘ri tushunib borishi mumkin. Rasmli kitoblar orqali o‘zingiz ertaklar ma’nosini, uning qahramonlariga xos bo‘lgan ijobiy xislatlarni tushuntirib borsangiz, bu ularga yaxshi ta’sir qiladi va tushunib yetgan narsalarini tezda unutib yubormaydilar. Buning ustiga, farzandingiz ongida to‘g‘ri fikrlay olish, tahlil qilish qobiliyatini ham shakllantirib borasiz.

Yana o‘qing:  Shifoxonaning yangi binosi

Shuni alohida e’tibor berish joizki, tanlangan kitoblarning suratlarida milliylik, yaxshi fazilat, qahramonlar ko‘zlarida ifoda etgan sharqona ruh bo‘lsagina ularni xarid qilgan ma’qul. Iloji boricha, farzandingizga “O‘zbek xalq ertaklari” kitobini olib bering. Boshlang‘ich sinfga borganida ham unga bunday kitoblarni hadya qilib turing. Shunda farzandingiz kitobga mehr qo‘ya boshlaydi.

Muallifi sizga noma’lum bo‘lgan ertak kitoblarini tanlamang. Chunki, unda qanday g‘oya ilgari surilganini bilmaysiz. Barchaga ma’lum va mashhur bo‘lgan ertaklarni tanlang. Masalan, “Qizil qalpoqcha”, “Susambil”, “Ur, to‘qmoq”, “Oltin baliq”.

“Ertaklar – yaxshilikka yetaklar” – deya bejiz aytmagan dono xalqimiz. Shunday ekan, farzandingizga hamisha yaxshi ertaklar aytib berishdan, ularning qalbi va ichki dunyosini anglashdek mas’uliyatli vazifadan aslo o‘zingizni chetga olmang.

Nafisa NORIYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: