ISLOHOT VA SAMARA: KENG IMKONIYATLAR – MUVAFFAQIYATLAR ASOSI
Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha sohalari qatorida ta’lim tizimiga ham alohida e’tibor qaratilgani bugun o‘z samarasini bermoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”da belgilangan vazifalar izchil amalga oshirilayotgani bois mamlakatimizda taraqqiyot yo‘lining ajralmas qismi bo‘lgan yangi ta’lim tizimi yaratildi. Ayni vaqtda zamonaviy ko‘rinishda qad rostlagan akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida minglab o‘g‘il-qizlar tahsil olmoqda.
Ta’limning o‘rta bo‘g‘ini hisoblangan ilm maskanlarida yaratilgan shart-sharoitlar o‘quvchilarning ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritishida asos bo‘lmoqda. Samarqand iqtisodiyot va servis instituti qoshidagi 1-son akademik litsey 2005 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bu bilim maskanida ta’lim sifati va samaradorligi yildan-yilga ortib borayotir. Mavjud kompyuter, laboratoriya xonalari, 20 mingga yaqin kitob fondiga ega bo‘lgan Axborot-resurs markazida yoshlar o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirmoqda. O‘quvchilarning fanlarni chuqur o‘zlashtirishlarini ta’minlash maqsadida muassasada ingliz, nemis, fransuz tillari to‘garaklari, iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash sektori, 17 ta fan 8 ta sport to‘garaklari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Akademik litseyda bugungi kunda aniq fanlar, xorijiy, ijtimoiy fanlarga ixtisoslashgan yo‘nalishlar bo‘yicha 1 ming 300 nafardan ortiq o‘g‘il-qizlar tahsil olmoqda.
Joriy yilda ta’lim maskanini to‘liq ta’mirlashga 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanib, moddiy-texnika ba’zasi yanada takomillashtirilgani o‘quvchilar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Shu bois ham mazkur ta’lim dargohi yoshlari nafaqat respublikada, balki xalqaro fan olimpiadalarida ham muvaffaqiyatli o‘rinlarni qo‘lga kiritayotir. Akademik litsey o‘quvchisi Gulruh Vohidova kimyo fani bo‘yicha o‘tkaziladigan Mendeleev xalqaro olimpiadasida sertifikat bilan taqdirlangan bo‘lsa, Bo‘stonoy Eshboltayeva 2013 yil Shveysariyada, joriy yilda esa Indoneziyada bo‘lib o‘tgan biologiya fani bo‘yicha xalqaro olimpiadada sertifikatni qo‘lga kiritdi.
Birgina bu emas mazkur muassasa o‘quvchilari turli ko‘rik-tanlovlarda ham muvaffaqiyat qozonib tengdoshlariga namuna bo‘lmoqda. Diyora Salimova, Umida Jo‘rayeva, Muhayyo Axmadovalarning Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lishi esa o‘quvchilar tomonidan jonkuyar ustozlari berayotgan bilimlarning oqlanganining isbotidir. O‘quvchilarning ma’naviy yetuk va jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishlarida ularning intellektual salohiyati bilan birga jismoniy qobiliyatlarini yuksaltirishga ham katta e’tibor qaratilgan. Buning samarasini oxirgi uch yil ichida respublika sport musobaqalarida 22 nafar o‘quvchi g‘oliblikni egallagan bo‘lsa, D. Bobobekov, T.Xolmuhammedov, S.Bozorov kabi sportsevar yoshlar xalqaro sport musobaqalarida 5 ta sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritgan.
Ta’lim maskani o‘quvchisi Shaxnoza Tursunova sportning shaxmat turi bo‘yicha 16 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida Eronda o‘tkazilgan musobaqada bronza medali bilan taqdirlandi.
Tinimsiz mehnat yuksak samara beradi. Shu bois ham respublikada “Eng namunali akademik litsey” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan ilm maskani o‘qituvchi va o‘quvchilari erishilgan yutuqlarni yanada mustahkamlashga astoydil harakat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “Malakali pedagog kadrlar tayyorlash hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini shunday kadrlar bilan ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida o‘qituvchilarning malakasini oshirishga katta e’tibor qaratilgan. Akademik litsey o‘qituvchilari AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Fransiya kabi davlatlarda malaka oshirib, o‘z bilim va mahoratlarini boyitib kelmoqda. Ular xorijiy tillar bo‘yicha o‘z bilim va tajribalarini o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi o‘qituvchilari malaka oshirish kurslarida kasbdoshlariga namunaviy dars o‘tish jarayonida targ‘ib etib kelmoqda.
Ha, o‘quvchining har bir erishgan yutug‘ida avvalo o‘qituvchining munosib o‘rni bor. Shu bois ham kollej o‘qituvchilari U. Ortiqov, “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan bo‘lsa N. Soy “Do‘stlik” ordeni sohibi L. Rasulova esa “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi a’lochisi” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lgan.
Ilm maskanining erishayotgan yutuqlari bitiruvchi o‘quvchilarning oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlarining yuqoriligida ham namoyon bo‘lmoqda.
Joriy yilning oktyabr oyida Samarqand shahrida o‘tkazilgan BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya Kengashi 99-sessiyasi qatnashchilarining akademik litseyga tashrifi va tashkil etilgan sayyohlik ko‘rgazmalari bilan tanishishi o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi. Mazkur xalqaro tashkilot Ijroiya Kengashi raisi Taleb Rifai o‘quvchilarning mehmonlar bilan xorijiy tillarda bo‘lgan muloqotlarini ko‘rib ular haqida iliq fikrlar bildirishi o‘zbek farzandlarining hech kimdan kam emasligini yana bir bor isbotidir.
Bir so‘z bilan aytganda, buguni charog‘on ertasi esa yanada farovon bo‘lgan yurtimizda bu kabi ta’lim maskanlarida mamlakatimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarga bilim berish ularni yetuk insonlar qilib tarbiyalash yo‘lida olib borilayotgan ishlar tahsinga sazovordir.
S.NAZAROV,
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti qoshidagi 1-sonli akademik litseyi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari