“QIRQ QIZ”
u haqida nimalarni bilasiz?
Choshgoh vaqti. Borliq ham shomning og‘ushiga o‘z ixtiyorini topshirgandek sukunatda. Aldamchi jimjitlikka ishonmagan malika qirq nafar kanizaklari bilan asta ortiga o‘girildi. Ortda otasining mag‘lubiyati-yu, necha-necha qurbonlar… Askarlarining Vatan uchun to‘kkan qoni ufqqa tutashib ketgandek samo qirmiz tus olgan. Dushman malika ortidan izma-iz ta’qib etar ekan so‘nggi ilinjining shovullashi uning ko‘ngliga umid shul’asini yoqardi. So‘nggi ilinj – qarshisidagi asov daryo. Or-nomus qadri, erk va jasorat tuyg‘usi malika va uning kanizaklari tomirida shu daryodan ham kuchliroq, shiddatliroq jo‘sh urardiki, bu kuch ularga bir soniya ham o‘ylashga izn bermadi. Lahza o‘tmay yurakdagi kuch va shiddat asov daryo bilan qorishib ketdi…
Toshkent viloyati, Olmaliq tumanidagi “Qirqqiz” ziyoratgohi tarixi ana shu rivoyat bilan bog‘lanadi. Hozir bu yerda daryoning qurishi natijasida hosil bo‘lgan qirqta irmoq mavjud. Aytishlaricha, ular qirqta qizning ko‘z yoshlari emish. Mahalliy aholining ta’kidlashicha, choshgoh vaqtida ziyoratgoh atrofida qirqqizning alamli yig‘isi elas-elas eshitilib turarmish.
Qirqqiz rivoyati nomi bilan bog‘liq ziyoratgohlar Farg‘ona viloyatining So‘x, Farg‘ona, Beshariq, Oxunboboyev, Oltiariq tumanlarida, shuningdek, Koraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo viloyatida ham mavjud. Qadimshunos L.Tolstovning ta’kidlashicha, “Qirq qiz” nomi bilan bog‘liq rivoyatlar va xalq dostonlarining ildizlari miloddan avvalgi asrlarda yashagan sak-massagetlaridagi rivoyatlar bilan chambarchas bog‘liq. Chunki, o‘sha davrlarda qabilalarda jangchi qizlar bo‘linmalarining borligi Yunon va Rim tarixchilari tomonidan ham tilga olingan. Bu ayollarning jasorati, shijoati, harbiy sohadagi mahorati el og‘ziga tushib, keyinchalik ular to‘g‘risida turli rivoyat va dostonlar yuzaga keladi. Shu tariqa joy nomlari ham paydo bo‘lgan. Elshunos O.Murodovning yozishicha, O‘rta Osiyo xalqlarida qadimdan “Qirq qizlar”ga iltijo qilib, madad so‘rash odati ham mavjud. Keyinchalik bu odat folbin ayollarda saqlanib qolgan.
“Qirq qiz” yoki forscha “Childuxtoron” nomli joylar O‘rta Osiyoda ham ko‘plab uchraydi. Aytish joiz, qirq raqamini e’zozlash turkiy xalqlarda qadim zamonlardan boshlanganini deyarli barcha olimlar tasdiqlashadi.
Afsona va rivoyatlarda el-yurt, vatan himoyachisi yoki dushman ta’qibidan sirli yo‘sinda g‘oyib bo‘lgan qirq nafar sohibjamol, go‘zal qizlar obrazining yuzaga kelishida, qirq sonining sehrli raqam sifatidagi talqinlari ham muhim o‘rin tutgan. Ma’lumki, qirq raqami qadim zamonlarda sanoqning oxiri vazifasini bajargan va bo‘liqlik, to‘liqlik, buyuklik, ilohiy qudrat timsoli ma’nolarini anglatgan. Qirq raqami matriarxat davrida ham ko‘plik tushunchasining mifologik ifodasi vazifasini bajargan.
Qirqiz nomi bilan bog‘liq ziyoratgohlar bilan yaqindan tanishar ekansiz, yurtimizda shunga o‘xshash ko‘plab muqaddas qadamjolar, afsonalar mavjudligiga guvoh bo‘lasiz. Tarixni o‘rganish asnosida raqamlar va afsonalarga e’tibor berish emas, undagi afsona va rivoyatlarning zamiridagi ibratli tomonlarni o‘rganish, uning tarbiyaviy ahamiyatini anglashdan iboratdir. Muqaddas ziyoratgohlarga mehr va ixlos qo‘yish barobarida Vatanga, yurt tarixiga hurmat va ehtirom tuyg‘ulari yanada mustahkamlanadi.
Akbar BOBOBEKOV,
O‘zMU “Arxeologiya va etnologiya” kafedrasi dotsenti