ZAMONAVIY TIBBIYOT: MALAKA VA TAJRIBA UYG‘UNLIKDA

Ko‘pincha sport xabarlarini OAV orqali yoki internetdan kuzatish jarayonida sportchilarning musobaqa vaqtida yoxud bevosita mashg‘ulotlar jarayonida jarohat olgani haqida ko‘p eshitamiz. Ba’zi sportchilar esa aynan jarohatlar tufayli butunlay sport bilan xayrlashishga majbur bo‘ladilar. Shu sababdan bugun biz aynan sport mashg‘ulotlari jarayonida olingan tan jarohatlari va ularni davolash haqida so‘z yuritmoqchimiz.

Barcha sohalarda bo‘lgani kabi sportning qay turi bo‘lmasin barchasi o‘ziga yarasha mashaqqat va qiyinchiliklarga ega. Sportning bu turi xavfsiz, unisi xavfli deb xulosa chiqarish esa noto‘g‘ri. Chunki bu – sport. U tasodiflarga to‘la. Kimdir bir umr boks bilan shug‘ullanib jiddiy jarohat olmasligi mumkin, lekin suzuvchi qandaydir jiddiy jarohat bilan sportga umuman qaytolmasligi ham ehtimoldan xoli emas. Zamonaviy va tez sur’atlarda rivojlanib borayotgan tibbiyot esa sportchiga ulkan g‘alabalarni qo‘lga kiritishdek baxtni yana qaytarib berishi mumkin. Poytaxtimizdagi Travmatologiya va ortopediya ilmiy tadqiqot institutining sport jarohatlari bo‘limi bu borada nafaqat sportchilarga, balki barcha fuqarolarimizga samarali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Institutdagi ushbu bo‘lim Sidney Olimpiadasiga tayyorgarlik sifatida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan 2005-yilda tashkil etilgan. Respublikamizda travmatologiya va ortopediya sohasidagi bosh tibbiy muassasada faoliyat yuritayotgan bu bo‘lim sportchilarimiz salomatligini qayta tiklashda samarali mehnat qilib kelmoqda. Bo‘limda faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari Respublikamizdagi ko‘pgina sport federatsiyalari bilan hamkorlikda ish olib borib, badiiy gimnastika, sport gimnastikasi, trampoline, velosport bo‘yicha musobaqalarda o‘z xodimlari bilan muntazam qatnashib, yordamga shay turadilar. Hatto, 2012-yil Londonda bo‘lib o‘tgan XXX yozgi Olimpiadada ham bo‘lim shifokorlari yuqoridagi sport turlari bo‘yicha sportchilar olgan tan jarohatlarini davolashda faol ishtirok etdilar. Shu bilan birga “Barkamol avlod”, “Universiada”, “Umid nihollari” musobaqalarida mazkur bo‘limning malakali shifokorlari joylarda bir haftalik ilmiy safarlarda bo‘lib kelmoqda. Hozirgi kunda bo‘lim har qanday jarohatlarni davolash imkoniyatiga ega. Bo‘lim mushak va paylarda, suyak tizimida bajariladigan jarrohlik operatsiyalarini amalga oshirish uchun xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan. Bo‘lim tashkil etilganidan buyon 1 ming 500dan ortiq bemorlarda artroskopik amaliyot qo‘llanildi. 1 ming 600 sportchilar davolandi. Ulardan 400 nafar bemorlarda turli xil operatsiyalar o‘tkazildi.

Yana o‘qing:  Farzandlarimizni virusli gepatit A dan asraylik!

El salomatligini ta’minlash va ularni sog‘lom hayotga qaytarish, darddan forig‘ etishda nafaqat bo‘limning, balki Mirhakim Azizov rahbarligidagi institut jamoasi: qo‘li yengil, shirinsuxan shifokor va hamshiralarining sidqidildan bemorlarga xizmat ko‘rsatayotganliklarini ta’kidlab o‘tish kerak. Ularning g‘amxo‘rliklari, bemorlarga shirinso‘zligi kasallarning nafaqat jismoniy, balki ruhiy jihatdan tez sog‘ayishlariga yordam beradi. Bugun institutda mehnat qilayotgan kattalar bo‘limi shifokorlari Zinat Sapayev, Negmat Abdulxanov, hamshiralardan Feruza Fayzullayeva, Sabira Asilbekova, Jana Ahmedovalar shifo istab kelgan bemorlarga qo‘ldan kelgancha mehr bilan xizmat qilmoqdalar. Insonlar ko‘nglida yashashga umid, ertangi kunga ishonch uyg‘otishda mana shunday qo‘li yengil, o‘z kasbini sevgan va unda sadoqat bilan ishlayotgan tibbiyot xodimlarining o‘rni kattadir.

Aholiga malakali xizmat ko‘rsatishda sport jarohatlari bo‘limining chet davlatlar bilan olib boryotgan samarali hamkorligini ta’kidlab o‘tish lozim. Bo‘limga asos solingandan beri bo‘lim shifokorlari ko‘p xorijiy davlatlarda bo‘lib, sohaga oid bilim va tajribalarini oshirib qaytmoqdalar. Xususan, joriy yilning 5-17 mart kunlari davomida bo‘lim rahbari Murod Irismetov va malakali shifokor Farrux Usmonovlar Avstriyadagi Vena xususiy klinikasida bo‘lib, xorijlik hamkasblari bilan tajriba almashib qaytishdi.

Zilola ERGASHEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: