MEHRGA PAYVASTA KO‘NGILLAR

Ana shu mehr-oqibat tuyg‘ulari “Mehribonlik uylari”, maxsus maktab-internatlarda tarbiyalanayotgan bolajonlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Mehrga tashna o‘ksik ko‘ngillarning boshini silab, ularning hech kimdan kam bo‘lmasligi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarning ko‘lami keng.

Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida joylashgan 15– “Mehribonlik uyi”da bo‘lganimizda bolajonlarning yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalanib ko‘plab muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritayotganlarining guvohi bo‘ldik. 3 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan tarbiyalanuvchilarni o‘z bag‘riga olgan “Mehribonlik uyi” zamonaviy ko‘rinishdagi binoga ega bo‘lib, barcha jihozlar bilan ta’minlangan. Mavjud to‘quvchilik, musiqa, sportga ixtisoslashgan 12 ta to‘garakda mashg‘ulotlar o‘tayotgan Nigora Jalilova, Zulayho Havasova, Mirjalol Qosimov, Davron Komilov singari ustozlarining o‘gitlariga amal qilayotgan tarbiyalanuvchilar tuman va viloyat miqyosidagi ko‘rik-tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelishmoqda.

Joriy yilning sentyabr oyida 15-16 yoshli o‘smirlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan “O‘zbek jang san’ati” sport musobaqasining viloyat bosqichida 9-sinf o‘quvchisi Sulaymon Abramenkov birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. “Mehribonlik uyi”ning 7-sinf o‘quvchisi Karena Andreeva 2013-yilda respublika miqyosida o‘tkazilgan og‘ir atletika bo‘yicha musobaqada O‘zbekiston chempioni nomiga sazovor bo‘lib, ayni kunlarda respublika terma jamoasi safida yangi musobaqalarga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda.

– Har bir bolaning o‘ziga xos iqtidori bor. Uni namoyon etishi uchun tinimsiz izlanamiz, – deydi “Mehribonlik uyi” rahbari Abdurasul Akmalov. – Bola bilan bola bo‘lib suhbatlashmasang uning dilidagini anglay olmaysan. Bu borada Lyudmila Daduyeva, Qosima Po‘latova, Qorasoch Yuldasheva, Gulnora Sarvarova, Shokir Musurmonov singari malakali pedagoglarning tarbiyalanuvchilarni o‘z farzandlari kabi ardoqlashayotgani ularni muvaffaqiyatlar sari yetaklamoqda. Maskandagi “Mohir qo‘llar”, “Kitob haqiqiy do‘stimiz”, “Orasta qizlar”, “Men chizgan rasm” kabi turli tanlovlar yangi-yangi nomlarni kashf etayotgani barobarida o‘quvchilar qo‘l mehnati bilan yaratilgan ijod na’munalarini turli ko‘rgazmalarda ham namoyish etishmoqda.

Darhaqiqat, Abdurasul aka aytganidek xoh o‘g‘il, xoh qiz bo‘lsin har bir bolaning o‘ziga xos ko‘ngil olami bor. Unga ezguliklar ulashsanggina ko‘zlagan maqsadingga erishasan. Ushbu maskanda qizlarni mustaqil hayotga tayyorlab, yigitlarni kasb o‘rganishiga zamin hozirlash ham muhim vazifa sanaladi. Har bir ishga hamjihatlikda bir oila farzandlari kabi yondashish asnosida bolalarni xuddi opa-singil, aka-ukadek ulg‘ayishlariga zamin yaratilmoqda. Maskan oshxonasida pazandalik sirlarini o‘rganayotgan qizlarning shirin pishiriqlari, yigitlarning qo‘l mehnati bilan yaratgan ishlarini ko‘rib tom ma’noda hayotdan saboq olayotganining guvohi bo‘ldik.

Yana o‘qing:  Xushxabar, raqamlar (2014/42)

Maskandagi ko‘rgazmalar doskasiga qo‘yilgan turli munchoqlardan to‘qilgan gullar, daraxtlar, bejirim liboslar bolajonlarning har bir ishni qunt bilan bajarishini aks ettirib turardi.

Tarbiyalanuvchilar bilan savol-javob qilar ekanmiz, ularning bilimga chanqoq ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldik.

“Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchisi 6-sinf o‘quvchisi Zaki Larionov yonimizga kelib, “Chizgan rasmlarimni gazetada chop etsa bo‘ladimi?” – deya iymanibgina so‘radi.

Nigina bo‘lsa meni suratga oling, katta bo‘lsam, shifokor bo‘laman, deydi shiringina jilmayib.

– Men o‘qituvchi bo‘lib, bolalarga o‘qish yozishni o‘rgataman, – suhbatimizga qo‘shiladi Sarvar Qodirov.

Fotima va Zuhra Davlatovalarning musiqa ohangiga mos jozibali raqslaridan bir olam shodlikka to‘lib “orzularing oqqushlar misol parvoz etaversin”, deymiz quvonch bilan.

O‘ksik ko‘ngillarga mehr ulashib yashash tengsiz savob. Ammo qo‘llarini uzatib ota va ona bag‘rini qumsayotgan bolajonning uvoli ham borligini bolasini o‘zidan ayro tutganlarga eslatib qo‘ygimiz ham keldi.

Jamila HAYDAROVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: