KUZ VA QISH MAVSUMI: O‘TKIR RESPIRATOR INFEKSIYALAR AVJ OLMASLIGINING ChORA-TADBIRLARI
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga qaraganda har yili 40 millionga yaqin kishi o‘tkir respirator infeksiyalar bilan og‘riydi. Gripp ana shu infeksiyalarning eng asosiysidir. Ushbu kasallik keng tarqalgan bo‘lib, bu haqida ko‘proq ma’lumot berishni lozim deb bilamiz.
O‘tkir respirator infeksiyalar havo-tomchi yo‘li bilan yuqadigan o‘tkir infeksiyalar guruhidir. U nafas yo‘llarining turli sohalarini zararlaydi. Ularning qo‘zg‘atuvchilari gripp va paragripp viruslari, rinovirus, respirator-sinsitial virus, koronavirus, reovirus, adenovirus va boshqa mikroorganizmlar bo‘lishi mumkin. Kasallikning o‘tkir boshlanishi, uning odatda qisqa muddat davom etishi, kataral o‘zgarishlar (yo‘tal, yuqori nafas yo‘llarining qizarishi va hakozo), tana haroratining ko‘tarilishi va intoksikatsiya (tananing mikroblar ta’sirida zaharlanishi) bu infeksiyalarning asosiy xususiyatlaridir.
Adenovirus infeksiyalari uchun asosan hiqildoq, bodomsimon bez, kon’yunktiva (ko‘z shilliq qavati)larning zararlanishi, limfa bezlarining kattalashishi va tana haroratini oshishi xos bo‘lsa, paragripp uchun laringit, respirator-sinsitial infeksiya uchun nafas yo‘llari pastki qismlarining zararlanishi, koronavirus va rinovirus infeksiyalari uchun burun shilliq qavatining zararlanishi ko‘proq xosdir. Reovirus infeksiyasi ko‘proq bolalarda uchraydi. Bunda nafas yo‘llarining zararlanishi bilan birga ovqat hazm qilish tizimi ham zararlanadi. Shunday bo‘lsada, bu infeksiyalarni uning klinik manzarasiga ko‘ra farqlash ancha murakkabdir. Bundan tashqari ko‘kyo‘tal, mikoplazmali infeksiya, enterovirus infeksiyasi, yuqumli mononukleoz, qorin tifi va paratif kasalliklari, enterovirus infeksiyasi va difteriya (bo‘g‘ma) kabi og‘ir kechadigan kasalliklardan ham o‘z vaqtida farqlash zarur.
Shuning uchun gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalar alomatlari kuzatilganda, albatta, shifokorga murojaat qilish zarur.
Gripp so‘zi fransuzcha «gripper» degan so‘zdan olingan bo‘lib, u «qamrab olish» degan ma’noni anglatadi. Virus past haroratda yaxshi rivojlanadi. Ayniqsa, gripp qish faslida ko‘p uchraydi. Kasallikning qo‘zg‘atuvchisi juda o‘zgaruvchan bo‘lib, inson tanasida ham, tashqi muhitda ham yangi-yangi shtammlari paydo bo‘lib turadi.
Grippga xos kasallik haqidagi ma’lumotlar eramizgacha bo‘lgan 412 yillarda Gippokrat zamonida ham ma’lum bo‘lgan. Dastlab bu kasallik «yuqumli isitma» nomi bilan yuritilgan, keyinchalik «inflyuensa», 1743 yildan «gripp» deb yuritila boshlagan.
U havo-tomchi yo‘li bilan yuqadigan o‘tkir virusli infeksiya bo‘lib, organizmning umumiy zaharlanishi va nafas yo‘llarining zararlanishi bilan kechadi.
Xastalik virusining A, V va S turlari mavjud. Viruslar tashqi muhitga chidamsiz bo‘lib, quyosh nuri va dezinfeksiyalovchi(zararsizlantiruvchi) moddalar ta’sirida tez nobud bo‘ladi. Lekin past haroratda uzoq vaqt saqlanib qolishi mumkin. Virus juda o‘zgaruvchan bo‘lib, inson tanasida ham, tashqi muhitda ham yangi-yangi shtammlari paydo bo‘lib turadi. Bu holatda, tabiiyki, virusning xususiyatlari ham o‘zgaradi.
Kasallikning dastlabki kunlarida virus organizmdan ko‘p miqdorda ajraladi. Bemor aksirganda, yo‘talganda va gaplashganda havo zarrachalari va so‘lak tomchilari bilan atrof-muhitga tarqaladi va yaqin atrofdagi odamlarga nafas yo‘llari orqali yuqadi. Sog‘lom inson infeksiya yuqtirgan kishiga 1-2 metr yaqinlikda bo‘lganda kasallik yuqish xavfi ortadi. Aholi zichligi grippning tarqalishini osonlashtiradi. Kasallikdan keyin hosil bo‘ladigan immunitet bir necha yillar, hatto umr bo‘yi saqlanishi mumkin. Alohida ta’kidlash lozim, bu immunitet aynan shu kasallik turiga nisbatan yuzaga chiqadi. Bir mavsumda bir necha marta gripp bilan kasallanish insonning boshqa virus shtammlari yuqtirganligini bildiradi. Bunday holat asosan immuniteti past va nimjon bolalarda ko‘proq kuzatiladi.
Grippning yashirin davri bir necha soatdan 1-2 kungacha davom etadi. Kasallik o‘tkir boshlanadi. Sog‘lom yurgan odamning to‘satdan mazasi qochadi: eti uvishadi, lohas bo‘ladi, tana harorati ko‘tariladi. Keyinchalik harorat 39-40 S gacha ko‘tariladi. Bunda bemor sovqotadi. Qo‘l-oyoq mushaklari va suyaklari qaqshab og‘riydi. Bemorning boshi og‘riydi, ayniqsa, boshning peshona va chakka qismlarida og‘riq kuchli bo‘ladi. Ba’zan bosh aylanib, ko‘z tinadi, uyqu buziladi. Ko‘zni harakatlantirganda ko‘z soqqasida og‘riq seziladi. Burundan suv keladi, tomoq quriydi va qichib og‘riydi, quruq yo‘tal bezovta qiladi. Bemorning yuz terisi qizarib, lab va burun qanotlari oldida uchuq paydo bo‘lishi mumkin. Kasallik og‘ir kechganda bemorning ko‘ngli aynib qusadi, burni qonaydi.
Grippda asosan asab tizimi va qon tomirlari zararlanadi. Bundan tashqari angina(bodomcha bezlarining yallig‘lanishi), quloqning yallig‘lanishi – otit, yurak mushaklarining zararlanishi – miokardit, buyrakning yallig‘lanishi – piyelonefrit, miya pardasining yallig‘lanishi – meningit va o‘pkaning yallig‘lanishi – pnevmoniya(zotiljam) kabi asoratlarga sabab bo‘ladi. Kasallikning kam uchraydigan, lekin juda og‘ir kechadigan asoratlaridan biri bosh miya to‘qimasining yallig‘lanishi – ensefalitdir.
Kasallik, ayniqsa, 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar va keksa yoshdagi kishilarda og‘ir kechadi va turli asoratlar qoldiradi. Bunga asosiy sabab bolalarda immunitetning to‘liq shakllanmaganligi bo‘lsa, keksa yoshdagi kishilarda mavjud surunkali kasalliklarning qo‘zg‘ashidir.
Gripp tashxisini kasallikning klinik alomatlariga qarab qo‘yish qiyin emas. Uning laboratoriya tekshiruvlari zamonaviy yuqori texnologik tekshiruv usullariga ega maxsus laboratoriyalarda amalga oshiriladi. Keyingi yillarda gripp va boshqa respirator virusli infeksiyalarni aniqlashda zamonaviy tekshirish usullari hisoblangan IFT (immunoferment tahlil) va PZR (polimeraza zanjir reaksiyasi) keng qo‘llanilmoqda. Bunday tekshiruvlar virusning turi va tipini, kasallanishni oldindan aniqlash va vaksina ishlab chiqish uchun muhimdir.
Grippni davolash shifokor nazoratida olib boriladi. Yotoq rejimiga rioya qilinadi. Bemorni davolashda maxsus parhez tayinlanmaydi. Lekin ishtahaning pasayganligini e’tiborga olgan holda, odatda ko‘proq suyuq taomlar buyuriladi. Yana turli suyuqliklarni ichish tavsiya qilinadi. Limon, malina va turli murabbolar solingan choylar, asal qo‘shilgan choy, xonadonda tayyorlangan sharbatlar iliq va issiq holda tez-tez ichib turilsa maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, iliq holda gazsiz mineral va qaynatilgan suvni ichib turish zarur.
Ko‘p hollarda grippga chalingan kishilar kasallik alomatlari kuzatila boshlagan bo‘lsada, «o‘tib ketadi» qabilida ish tutib shifokorga murojaat qilishmaydi va aksariyat hollarda kasallikni oyoqda o‘tkazadilar. Bu bir tomondan atrofdagilar uchun infeksiya yuqish xavfini oshirsa, ikkinchi tomondan kasallikning zo‘rayishi va turli asoratlar qoldirishiga imkon yaratadi. Vaholanki, kasallikning boshlanishidayoq yotoq rejimiga rioya qilgan holda o‘z vaqtida davo muolajalari o‘tkazilsa, bemor tezda tuzalib ketishi tabiiy.
Bugungi kunda dunyoda 100 dan ortiq Gripp markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining farmoyishiga ko‘ra 2005 yilda Virusologiya ilmiy tekshirish instituti qoshida Gripp milliy markazi tashkil qilindi. Mamlakatimizda gripp va boshqa respirator virusli infeksiyalar bilan kasallanish dinamikasini o‘rganish, epidemik vaziyatni tahlil qilish va oldindan aniqlash, zamonaviy laboratoriya usullarini takomillashtirish va nazoratini o‘rnatish hamda monitoring o‘tkazish, ilmiy izlanishlar olib borish va bu infeksiyalarning tarqalishining oldini olish borasida tadbirlar majmuasini ishlab chiqish markazning asosiy vazifalaridandir. Mazkur yo‘nalishdagi tadbirlarni amalga oshirishda Respublika davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazi (DSENM) bilan hamkorlikda faoliyat yuritiladi.
Maxsus profilaktika maqsadida gripp mavsumi boshlanishidan oldin vaksina bilan emlanadi. Grippga qarshi vaksinani qo‘llash kasallik tarqalishini keskin kamaytiradi. Isitish mavsumiga tayyorgarlik tadbirlari va bolalar ta’tillarining tashkil qilinishi ham gripp va boshqa respirator infeksiyalarning tarqalishining oldini olishda muhim ahamiyatga ega.
Gripp mavsumi vaqtida tibbiyot xodimlari, savdo va boshqa aholiga xizmat ko‘rsatuvchi soha xodimlari niqob taqqan holda ishlashlari zarur.
Kasallik manbai bo‘lmish bemorni erta aniqlash va ularni sog‘lom kishilardan ajratish muhim. Buning uchun u alohida xonaga yotqizilib, yotgan joy to‘siq bilan yopiladi va xasta kishi shifokor nazoratida davolanadi. Katta yoshdagi kishilar kasallikka moyil bo‘lgan guruh, ya’ni go‘dak yoshidagi bolalarni parvarish qilishda to‘rt qavatli doka niqob yoki respiratordan foydalanishlari zarur. Bemor yotgan xona muntazam ravishda shamollatib turilishi kerak. Xonani namlab tozalash ham muhim ahamiyatga ega.
Muntazam ravishda organizmni chiniqtirgan kishiga kasallik kam yuqadi. Yuqqan taqdirda ham u yengil o‘tadi va asoratlar qoldirmaydi. Shuning uchun sog‘lom turmush tarzini shakllantirish: doimiy badantarbiya bilan shug‘ullanish, to‘g‘ri ovqatlanish, o‘z vaqtida uxlash, dam olish, ishni to‘g‘ri tashkil qilish, yashash va ish joylarida sanitariya va gigiyena qoidalariga amal qilish organizmning himoya kuchlari(immunitet)ni oshiradi. Bu tadbirlar organizmni nafaqat gripp, balki yuqumli va turli kasalliklardan ham himoya qiladi.