KITOB YO‘LI

Kitob inson hayotida bebaho o‘ringa ega ekanligini takrorlashga hojat yo‘q. Shu bois ham dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida kitobga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar, tadbirlar, yig‘ilishlar muntazam o‘tkazilib kelinayotir. Ana shunday tadbirlardan biri shu yil 24-26 sentabr kunlari Turkmaniston Respublikasi poytaxti Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan «Kitob-hamkorlik va taraqqiyot yo‘li» IX Xalqaro ko‘rgazma yarmarkasidir. Bu ko‘rgazma allaqachon an’anaga aylangan bo‘lib, dunyoning qator nufuzli davlatlari qatnashib kelmoqda.

Bizning Xalqaro ko‘rgazmaga boradigan yo‘limiz kitob va kitob muxlislari bilan bevosita bog‘liq bo‘ladi. G‘.G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida ilk bor o‘tkazilgan «Bolalar kitobi» respublika festivalining ochilishida ishtirok etib, uning ikkinchi kunida yo‘lga tushdik. Bizga bog‘da namoyish etilayotgan yuzlab kitoblar go‘yo «Oq yo‘l» tilab qolgandek edi…

Ashxobodga Urganch, so‘ng Toshhovuz orqali bordik. Toshhovuzda yana bir kitob bayramining ustidan chiqdik. O‘sha kunlari bu shaharda bir million kitob fondiga ega bo‘lgan Toshhovuz viloyat kutubxonasi ochildi.

Ashhobod IX Xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi 24– sentabrda ko‘rgazmalar Mar-kazida tantanali ochildi. Bu galgi ko‘rgazmada dunyoning o‘ttizdan ortiq mamlakatlaridan kelgan noshirlar, matbaachilar va ijodkorlar qatnashdilar. Jumladan, AQSh, Angliya, Avstriya, Germaniya, Rossiya, Turkiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Hindiston, Eron, Polsha, Saudiya Arabistoni, Ruminiya, Albaniya, Belorussiya, Ukraina, Qozog‘iston, Tojikiston, Armaniston, Ozarbayjon, Moldova mamlakatlari bilan birga O‘zbekiston noshirlari ham ko‘rgazmada faol ishtirok etdilar. Bizga ajratilgan pavilonda nashriyotlarimizda chop etilgan 200 dan ortiq nomdagi kitoblar va albomlar namoyish etildi. Va aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasi paviloni kitobxonlar, olimlar, ijodkorlar, noshirlar va jurnalistlar bilan doimo gavjum bo‘ldi.

Ular bizdan mustaqil O‘zbekiston erishayotgan yutuqlar va o‘zgarishlar haqida katta qiziqish bilan so‘radilar, shuningdek, Oybek. Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, O‘lmas Umarbekov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, O‘tkir Hoshimov singari mashhur ijodkorlar hayoti va ijodi hamda ularning asarlari bilan ko‘proq qiziqdilar.

Xalqaro ko‘rgazma yarmarka yakunida «O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan chop etilgan «O‘zbekiston-meva-sabzavotchiligi hamda uzumchiligining salohiyati va istiqbollari», deb nomlangan albom ko‘rgazmaning nufuzli hay’ati tomonidan III-o‘rin bilan taqdirlandi. Shuningdek, «O‘qituvchi» nashriyot-matbaa ijodiy uyi ko‘rgazmaning maxsus diplomiga sazovor bo‘ldi. Bu o‘zbek noshirlari faoliyatini xorijda e’tirof etilishi va erishgan katta yutuqlaridan biridir.

Яна ўқинг:  Абитуриентларнинг вазифалари, мажбуриятлари ва ҳуқуқлари

Bu yil 290 yilligi keng nishonlanayotgan mashhur turkman shoiri Maxtumqulining ko‘plab tillarga tarjima qilingan kitoblari ko‘rgazmaning nufuzini yanada oshirdi. Ayniqsa, Janubiy Koreya noshirlari chop etgan «Maxtumquli, tanlangan she’rlar» kitobi hajmi, bezatilishi bilan ko‘pchilik ko‘rgazma qatnashchilarini hayratga soldi.

Xullas, ushbu ko‘rgazma uning qatnashchilarida katta taassurot qoldirdi. Kitob chop etishdan boshlab, matbaa yangiliklari, zamonaviy texnologiyalar kelgusi ishlarimizga samarali ta’sir ko‘rsatadi.

Haqiqatan ham kitob yo‘li – ezgulik va ma’rifat yo‘li. Xalqlarni tinchlikka, do‘stlikka chorlovchi ma’naviyat yo‘lidir.

Ashurali JO‘RAYEV,

«O‘zbekiston» NMIU direktorining birinchi o‘rinbosari

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: