ORASTA XONADON BEKASI YOKI RO‘ZG‘OR TUTUMI HAM BIR SAN’AT

Erta tong. Hovlida yangi tushgan kelin ko‘cha supurmoqda. Keyin esa u uy yig‘ishtirish, hamma turguncha choy tayyorlashni rejalashtirgan. Odatdagidek oila a’zolari dasturxon atrofiga nonushta uchun jamuljam bo‘lishdi. Pazanda kelinining qo‘lidan choy ichib o‘tirgan qaynona uning qilgan ishlarini zimdan kuzatdi.

O‘zining ham bir paytlar yosh kelin bo‘lgani esiga tushib ketdi. Qaynonasi ham unga asta-sekinlik bilan hamma ishlarni, ro‘zg‘or tutishni yangi xonadonga moslashguncha o‘rgatgandi. O‘ylab qarasa endi kelinlarga bu tutumni o‘rgatish navbati uning o‘ziga kelibdi. Qaynona aslida tabiatan saranjom-sarishta va tozalikni sevuvchi ayol. O‘zi oqko‘ngil, hammaga yaxshilikni ravo ko‘ruvchi bo‘lganligi sababli qo‘ni-qo‘shnilarining oldida hurmati baland. Uning ro‘zg‘or tutishiga hamma havas qilardi. Hatto-ki, bir paytlar hamshira bo‘lib ishlagan joyida ham ozodaligi, mehnatkashligi bilan hamkasblarining mehrini qozongan edi. U erta tongda turib, hovlini supurar, sigirni sog‘ib, issiq non yopib, bolalarini uyg‘otardi. Keyin esa har safargidek ishga otlanardi. Bolalar onasi ishdan kelguncha maktabga borib-kelib, buyurib ketgan ishlarni bajarib o‘tirishar edi. Bir kuni to‘satdan uyga qaynonaning hamkasblari mehmon bo‘lib kelishdi. Uyning toza va orastaligini ko‘rib, ular lol bo‘lgancha «Bu uyda bolalarni katta qilganmisiz o‘zi, yoki bolalaringiz qo‘shninikida o‘tirishadimi?» deb hazillashishgan. Azizaxon aya og‘ir-bosiq va hamma bilan tez til topisha oladigan mehnatkash ayol bo‘lganligi uchun ham atrofdagilarning mehrini tez qozonadi.

Endi esa qaynona yangi tushgan kelinga o‘rgatish, unga qattiq gapirmasdan tushuntirish kerakligini yaxshi biladi. Hozircha kelini qilgan ishlaridan uning salgina ko‘ngli to‘lmayroq turibdi. Kelinposhsha hovlini supurib supurgini joyiga qo‘ymapti. Allaqachon hamma choy ichib bo‘lgan bo‘lsa ham dasturxon hali ochiq turibdi. Kelin esa boshqa ish bilan ovora. Bularni ko‘rib u darrov kelinini oldiga chaqirib nasihat qildi: «Qizim hali yangi kelinsiz bilaman, lekin aytib qo‘yay bu mening vazifam. Supurgi joyida tik holda qolib ketgan. Supurib bo‘lgach, omborxonaga olib borib qo‘yishingiz kerak. Bo‘lmasa bexosiyat bo‘ladi. Dasturxon haliyam ochiq holda turibdi. Darrov boshqa ish qilmasdan oldin dasturxonni yig‘ishtirib olishingiz zarur. Chunki, uyimizdan baraka uchadi. Yana ochiq-sochiq yotgan dasturxonga chang-g‘ubor yoki pashshalar qo‘nadi». Azizaxon aya uzoq mulohaza qilib, kelinning ko‘ngliga botmaydigan ohangda mehribonlik bilan yana shunday dedi: «Keyin yana bir nasihatim sizga, o‘zingizga doimo oro berib yuring. Toza va orasta bo‘ling. Uyingizni ozoda saqlang, birorta g‘ubor qolmasin, eringizni kiyimini toza tuting. Mehrli bo‘ling, ana shunda hammaning sizga hurmati oshadi. Uyingiz fayz-barakaga to‘ladi. Shuning uchun qizim gaplarimni qulog‘ingizga quyib oling. Shunda hech kimdan kam bo‘lmaysiz. Sizdan men ham xursand bo‘lib yuraman. Men ozodalikni xush ko‘raman. Doimo uyni toza saqlasangiz, gullarni o‘stirib, ularni mehr bilan parvarish qilsangiz, men uchun eng katta ishni amalga oshirgan bo‘lasiz. Sizdan doimo rozi bo‘laman».

Yana o‘qing:  O‘N TO‘QQIZ YOSHLI CHEVAR

Kelin esa oyijonisining nasihatini qulog‘iga ilib, chaqqon kelin bo‘lishga harakat qiladi.

To‘g‘risini aytganda ozodalik tuman boylik keltiradi. Ko‘nglimiz charog‘on bo‘lib, qilayotgan ishlarimizda baraka bo‘ladi. Zero, mehnatsevarlik kishiga doimo yaxshi kayfiyat bag‘ishlaydi.

Charos XUSHVAQTOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: