QALBLARGA EKILGAN MEHR DARAXTI
Ustoz! Bolakaylarning tilidan jaranglayotgan bu so‘zni eshitganimizda beixtiyor olis bolalik yillari yodga tushadi. Qo‘limizdan tutib, bizga harf o‘rgatgan ustozimizning nafasini yonginamizda his etgandek bo‘lamiz, mehrini tuyamiz. Yillar o‘tib, o‘zimiz o‘qituvchi darajasiga yetgan bo‘lsakda, hamon bola bo‘lib qolgimiz, ustozimizga erkaliklar qilgimiz keladi. Hayot so‘qmoqlarida goh g‘amli, goh shodon kunlarga ro‘para bo‘lganimizda ustozlarimiz bergan pand-nasihatlar esimizga tushadi.
Toshkent shahridagi, Yashnobod tumaniga qarashli 61-maktabda o‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi. Bolakaylarning ustozlariga bo‘lgan mehrini ko‘rib, jajji ko‘ngillarga yo‘l topish ham oson ish emasligini his etdik.
– Bizda ustoz va shogirdlik an’analari juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, – deydi maktabning ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Ma’pura Akramova. – Shu bois bo‘lsa kerak muassasada ta’lim olayotgan yoshlarning ustozlariga bo‘lgan mehri bo‘lakcha. O‘qituvchilarimizning sa’y-harakatlari bilan o‘quvchilarimiz har yili turli ko‘rik-tanlov va musobaqalarda faxrli o‘rinlarni egallab kelishadi.
Nargiza Beybetova shu maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi:
– Bolalarning qalbiga mehr-muhabbat, odamiylik, vatanparvarlik kabi insoniy tuyg‘ular boshlang‘ich sinflardanoq singdirib borilmog‘i zarur, deb o‘ylayman. Chunki, bola bu yoshda dunyoni, olam va odamlarni anglayotgan, fikri shakllanayotgan bo‘ladi. Hozir beshinchi marta boshlang‘ich sinflarni yuqori sinflarga kuzatayotgan bo‘lsamda, har doim ilk marta darsga kirgandek hajonlanaman. Chunki bolaning qalbi juda sezgir. Rost yoki yolg‘on gapirayotganligingizni qalban his qilib turadi.
Tadbir so‘ngida maktab o‘quvchilarining ustozlari haqida aytgan dil so‘zlarini tinglarkanmiz, ularning ko‘zlarida ajib bir yolqin, qalblarida o‘zgacha hayajon borligini sezib, jajji qalblarga mehr urug‘ini qadagan ustozlarga chin dildan havas qildik. O‘qituvchi va murabbiylarni kasb bayramlari bilan qutlar ekanmiz, beg‘ubor qalblarga ekkan mehr nihollaringiz ulkan chinorlarga aylansin, deya tilak bildirdik.
Gulruh YORMATOVA