Adog‘i yo‘q savollarga JAVOB IZLAR BOLAJON
Oyijon ayting-chi Oymoma osmonda uxlaydimi, yonida nechta yulduz bor? Daraxtlar ham gapiradimi? Nega odamlar uchmaydi? Bolalar shu kabi savollar bilan ota-onalarini qiyin vaziyatlarga solib qo‘yadi. Shularni inobatga olib O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi ota-onalar uchun maxsus qo‘llanmalar chop etdi. Undan yuqoridagiga o‘xshash savollarga javob topish mumkin.
Beg‘ubor qalb egalarini sog‘-salomat holda komil inson qilib tarbiyalash avvalo oiladan boshlanadi. Umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinfiga maktabgacha ta’lim muassasasidan kelgan bola bilan oila muhitida tarbiyalangan bolalarning xulqi, aqliy va ijodiy, muloqotga kirishish qobiliyatlari, savodxonligida albatta farq bo‘ladi. Ana shu farqni yo‘qotish uchun ota-onalarga, albatta qo‘shimcha ko‘mak zarur.
Ayni vaqtda respublika miqyosida 0 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 2 million 497 ming 210 nafarni tashkil etadi. Ularning 23,3 foizi, ya’ni 581 ming 539 nafari maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olingan. Shuningdek, qisqa muddatli guruhlarga qamrab olingan bolalar, maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olinmagan bolalarning 12,2 foizini tashkil etadi. 2015-2020 yillar uchun bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga jalb qilish qamrovini 45 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan bo‘lib, ayni vaqtda maktabgacha ta’lim muassasalarini xatlovdan o‘tkazish ishlari boshlandi. Mazkur muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangidan qurish, to‘liq va joriy ta’mirlash hamda zamon talablari asosida jihozlash maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga mo‘ljallangan bosqichma-bosqich tizimning asosini tashkil etadi.
2014-2015 o‘quv yilida 1ming 220 ta guruh tashkil etish va unga 61 ming nafar maktabgacha ta’lim muassasasiga qamrab olinmagan bolalarni jalb qilish rejalashtirilgan. Ana shu guruhning manzilli ro‘yxati shakllantirilib “Qisqa muddatli guruhlar” dasturi ishlab chiqildi. Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq va Yangiyo‘l tumanlarida joriy yilning 1 mayidan beshtadan maktabgacha ta’lim muassasasida “Qisqa muddatli guruhlar” tashkil etilib, tajriba-sinov ishlari boshlanadi.
“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturining 94-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini qayta tayyorlash malakasini oshirish respublika o‘quv markazi metodistlari tomonidan, farzandi 5-7 yoshli bo‘lgan ota-onaga bolalarni maktabga tayyorlashga yaqindan yordam beradigan besh nomdagi qo‘llanma nashrga tavsiya etilib, ota-onalarga yetkazish yo‘llari ishlab chiqildi. Maktabgacha ta’limga qamrab olinmagan bolalarning ota-onalari uchun yaratilgan mazkur qo‘llanmalar asosida kichkintoylarni oila davrasida maktab ta’limiga tayyorlashga yaqindan yordam beradi. “Maktabgacha ta’limga qo‘yiladigan Davlat talablari”, “Bolajon” tayanch dasturi asosida “Nutq o‘stirish, o‘qish va savodga tayyorgarlik”, “Matematik tasavvurlarni shakllantirish”, “Sog‘ tanda-sog‘lom aql” nasriy va she’riy asarlar to‘plamlari bolajonlarning tengqurlari va kattalar olamiga kirib borish (ijtimoiy hayot), maktab ta’limiga psixologik tayyorgarlik, har tomonlama shaxsiy rivojlanish ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.
Darhaqiqat, “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi doirasida bolajonlarimizning kelajagi porloq bo‘lishini ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bunday ulug‘vor vazifalarni bajarish ertamizning munosib vorislarini tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega.
Sahifani Jamila HAYDAROVA tayyorladi