Yo‘l harakati qoidalari HUSHYORLIKKA ChORLAYDI

Yo‘llar… bu bepoyon manzillar sizu bizni ko‘zlagan yerimizga eson-omon yetkazishi eng avvalo o‘zimizga bog‘liq. Birgina misol: kichkintoyni qo‘lidan yetaklab ketayotgan bobo-yu buvijonlar yoki ota-onalar, xullas kattalar uning ilk qadamlaridanoq yo‘lingda ehtiyot bo‘lib yurgin, shoshilma, mashinalar qatnoviga e’tibor berish lozim, – deya uqtirib borishsa bolakay albatta unga amal qilishga intiladi. Uning jajji tafakkurida yo‘lda yurishning ham o‘ziga xos qonun-qoidalari borligi haqida ilk tasavvur paydo bo‘ladi.

Bir qarashda bolajonlarning bilishi va amal qilishi lozim bo‘lgan narsalar unchalik ham murakkab emasdek, ammo qoidalar yo‘llarda sodir etilishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsizliklarning oldini olish, hayotga soya solish ehtimoli mavjud bo‘lgan xavfni bartaraf etish maqsadida, demakki siz-u bizning maqsadimizni ko‘zlagan holda ishlab chiqilgan va hayotga tatbiq etilgan. Xoh o‘g‘il xoh qiz bo‘lsin zurriyotimizni sog‘-salomat holda kamolga yetib kelgusida el koriga yaraydigan farzand bo‘lishi uchun nafaqat ajdodlarimiz tarixini bilishi, koinot sirlarini o‘rganishi, zamonaviy texnik qurilmalardan foydalana olishni bilishi, balki “Yo‘l harakati qoidalari”ni ham mukammal o‘zlashtirishi va unga amal qilishi lozimligini eslatib borishimiz shart.

Bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, xususan, “O‘zbekiston Respublikasida bolalar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha 2010-2015 yillarga mo‘ljallangan Davlat Dasturi”ning ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent shahar IIBB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqa qilish bo‘linmasi tomonidan bir qator ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Bo‘linma boshlig‘i, podpolkovnik Zoyir Sayidaliyev boshchiligida ish olib borayotgan inspektorlar bolalar ishtirokida yuz berayotgan hodisalarni oldini olishga qaratilgan yo‘nalishlarda joylarda keng qamrovli tadbirlarni tashkil etib, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida muntazam ravishda turli tadbirlar, uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazishmoqda.

– Asosiy vazifamiz yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash faoliyatida targ‘ibot va tashviqot ishlarini tashkillashtirish, OAV hamda keng jamoatchilik bilan mustahkam aloqa o‘rnatish, yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash, xalqimizga yo‘l harakati xavfsizligiga oid qonunlar, me’yoriy hujjatlarni tushuntirish, bolalar o‘rtasida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish kabi ishlarni amalga oshirishdan iborat. Toshkent shahar Xalq ta’limi Bosh boshqarmasi, “Kamolot” YOIH, “Mahalla” xayriya jamoat fondining Toshkent shahar bo‘limi kabi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan tuman, shahar, respublika miqyosidagi “Yashil chiroq”, O‘zbekiston Respublikasi Qizil Yarim Oy jamiyatining Toshkent shahar bo‘limi bilan hamkorlikda “Salomatlikning yosh do‘stlari” kabi musobaqalar bolajonlarni yo‘l harakati xavfsizligi borasidagi bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlab borayapti. “1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” bayrami munosabati bilan tashkil etilgan “Targ‘ibot avtokarvoni”, har yili 2 sentyabrdan 12 sentyabrga qadar o‘tkazib kelinayotgan “Diqqat, bolalar!” tadbiri, shuningdek, yo‘l harakatiga oid kitoblar, o‘quv qo‘llanmalari, roliklar, turli ko‘rgazmali vositalar ham bu borada qo‘l kelmoqda. Natijada joriy yilning sakkiz oyi mobaynida bolalar bilan bog‘liq yo‘l transport hodisalari o‘tgan yilga nisbatan 21 taga, jabrlanganlar soni 31 taga kamaygan, – deydi bo‘linma inspektori, mayor Alisher Abduqodirov.

Yana o‘qing:  DADAJON

Maktablarning yuqori sinflarida “Yosh avtonazoratchilar” guruhi, qizlar o‘rtasidagi “Sanitariya posti” guruhi tuzilgan. 10-15 nafar o‘quvchilardan iborat “Yosh avtonazoratchilar” guruhi a’zolari maxsus formaga ega bo‘lib ular ham ta’lim maskanidagi targ‘ibot ishlarida, o‘tkazilayotgan musobaqalarda faol ishtirok etishmoqda. – Ushbu guruhlar bilan olib borayotgan ishlarimiz ham o‘z samarasini bermoqda, – deya ta’kidlaydi bo‘linma inspektori, kapitan Mirzoulug‘bek Alimov. – Ana shunday guruhlardan biri poytaxtimizning Yunusobod tumanida joylashgan 17-maktabda tuzilgan. O‘quvchilar yo‘l qoidalari to‘g‘risidagi bilimlarni puxta egallaganligi bois Jizzax viloyatining Zomin tumanida maktab o‘quvchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan respublika miqyosidagi avtonazoratchilarning “Yashil chiroq” musobaqalarida faxrli I o‘rinni qo‘lga kiritishdi. “Bola boshidan, aql yoshdan”, deganlaridek kezi kelganda bolalarga doimo amal qilishi lozim bo‘lgan “Yo‘l harakati qoidalari”ning ayrim talablarini yana bir bor eslatib o‘tmoqchimiz. Bunda ota-onalarning ham munosib hissasi bo‘lishi lozim. Kichik do‘stlarimiz yo‘lning qatnov qismini faqat maxsus belgilangan joylaridan kesib o‘tishi, svetofor va yo‘l chiziqlarining talablariga rioya qilishlari shart. Yaqinlashib kelayotgan transport vositalari oldidan chopib o‘tmaslik, piyodalar yo‘lakchasi bo‘lmagan joylarda, yo‘lning chetidan, transport harakatiga qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanishi lozim. Yo‘lning qatnov qismiga uylar, to‘xtab turgan transport vositalari, daraxtlar orqasidan yugurib chiqmasligi kerak.

Ha, Mirzoulug‘bek aka aytganidek bolalar harakat serqatnov yo‘llarda kattalarning yordamidan foydalanishlari shart.

Darhaqiqat, “Yo‘l qoidasi– umr foydasi” ekanligini bolajonlarimiz avvalo oila davrasida so‘ngra maktabgacha ta’lim muassasalarida keyinchalik maktabda puxta o‘rganishadi. Toshkent shahar Yunusobod tumani Xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limining Voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘yicha uslubchisi Saodat Sultonovaning aytishicha maktablarda yo‘l harakati qoidalariga oid bo‘lib o‘tayotgan jonli muloqotlar, turli tadbirlarda ota-onalarning ham ishtirok etishi ayni muddao bo‘lmoqda. Bu borada Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqa qilish bo‘linmasi xodimlari bilan uzviy hamkorligimiz qo‘l kelmoqda.

Ayni vaqtda mazkur bo‘linmaning oynaijahon orqali berib borilayotgan “Poytaxt yo‘llarida”, “Bolajon” kanalidagi “Yo‘l saboqlari” kabi ko‘rsatuvlaridan barcha bahramand bo‘lmoqda. Sizu bizni hamisha hushyor va sergak bo‘lishga chorlovchi yo‘l qoidalariga barchamiz amal qilsak ko‘zlangan maqsadga erishamiz. Hech vaqt shoshma-shosharlik qilmang. Ana shunda yo‘lingiz ravon, hayotingiz farovon bo‘lishi muqarrardir, aziz yurtdoshlar!

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: