Dardga malham “DILCHYeHRA”

– Anchadan buyon yuragim bezovta qiladi, kardiologga ko‘rinmoqchi edim.

– Keling, xolajon! Klinikamizda barcha yo‘nalishdagi malakali shifokorlar bor. Jumladan, kardiologimiz ham juda tajribali. Qani yuring-chi, sizni o‘zim shifokorga olib kiraman, – deya onaxonni ichkariga yetakladi oq xalatli hamshira.

O‘sha kuni yurak og‘rig‘idan bezovtalanib kelgan Rizvon xola Davletova kardiolog ko‘rigidan o‘tib, shifokor maslahatlariga amal qilgach, o‘zini yengil his etdi. Mijoz anchadan so‘ng shirinsuxan shifokorlarning sa’y-harakati tufayli o‘zini sog‘lom his etayotganini aytib, klinika rahbariga o‘z minnatdorligini bildirdi.

15 yildirki, tibbiyot sohasida sifatli servis xizmatini yo‘lga qo‘yib, aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelayotgan Chirchiq shahar “Dilchehra” xususiy klinikasi xizmatidan xursand ana shunday mijozlarning sanog‘i yo‘q. Chunki, bu maskanda mijozlarga tezkor, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, sanitariya-gigiyena qoidalari va tartib-intizomga rioya etish birinchi o‘rinda tursa, bino atrofining obodonlashtirilgani, manzarali daraxtlar soyasi va gullarning barq urib ochilib yotgani klinikaga qadam ranjida qilgan insonlarning ruhiyatiga yanada ijobiy ko‘tarinkilik bag‘ishlaydi.

Sohadagi ko‘p yillik amaliy tajribalariga tayanib ish tutuvchi muassasa rahbari Rajabbuvi Imomberdiyevaga insonlarga doimo yaxshilik qilish xislati aslida onasidan o‘tgan. Oilada sakkiz farzandni oq yuvib, oq tarab o‘stirgan, saranjom-sarishta, tejamkor va pazanda bo‘lgan Ziyra aya farzandlari ichida Rajabbuvidan umidi katta edi. Tez-tez og‘rib, shifokorlarga murojaat qilaverish kichik qizchaning yosh qalbida nish urgan hamshira bo‘lish istagini qat’iy ahdga aylantirdi.

Ota-ona iqtidorli qizini kasbga yo‘naltirishda adashmagan ekan. Har ishda zukko, tirishqoq qiz maktabni tugatgach, eng yuqori ball to‘plab tibbiyot kollejiga o‘qishga kirganda ota-onaning qalbi quvonchga to‘ldi. Ular keksayganda beminnat tibbiy ko‘makdan bahramand bo‘lishni o‘ylab, farzandini el koriga yaraydigan shifokor bo‘lishini so‘rab, duolar qilishdi.

“Oltin olma, duo ol”, – deydi dono xalqimiz. Ota-ona roziligi va duosini olib, qalbi ezgulikka yo‘g‘rilgan R.Imomberdiyeva 1976 yilda Chirchiq shahridagi tibbiyot bilimgohini tugatgach o‘zi tug‘ilgan Nanay qishlog‘idagi “Jahonobod” shifoxonasida ilk hamshiralik faoliyatini boshladi. Chirchiq shahridagi bolalar shifoxonasidagi faoliyati mobaynida o‘z amaliy tajribalarini oshirib, el hurmat-e’tiborini qozondi.

– Mamlakatimizda xususiy tibbiy servis xizmatini rivojlantirishda o‘z munosib hissamni qo‘shish maqsadida tuman tadbirkorlik bo‘limi hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining qo‘llab-quvvatlashi tufayli Chirchiq shahar markazidan uch xonali uyni ijaraga olib, fizioterapiya bo‘limini ochdim. Albatta, bu muolajalarni tayinlash uchun mutaxassis shifokorning tavsiyasi lozim. Chunki, fiziomuolajalarning aks ta’siri salomatlikka zarar yetkazadi. Shunday qilib, bo‘limda yetti nafar oliy va o‘rta tibbiyot xodimlarini ish bilan ta’minladim. Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki Chirchiq tuman filialidan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida beriladigan kreditdan dastlab 12 million so‘m, so‘ng esa 60 million so‘mlik mablag‘ olib, qo‘shimcha xonalar va ishchi o‘rinlarini yaratdim. Xonalar zamonaviy tibbiy uskunalar, jihozlar bilan ta’minlanib, to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Shu tariqa muassasa 15 yil mobaynida yangilanib, zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish maskaniga aylantirildi. Hozirda klinikamizda 11 nafar oliy toifali shifokor-mutaxassis, 12 nafar malakali hamshira va 4 nafar ishchi-xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlaymanki, mamlakatimizdagi men kabi tadbirkorlarning erkin faoliyat yuritishlari, mehnat qilishlari uchun shuncha shart-sharoit va imkoniyatlarni yaratib bergan muhtaram Prezidentimizga har qancha minnatdorlik bildirsak oz. Bizning burchimiz ana shu g‘amxo‘rlik va ishonchni oqlamoqdir, – deydi quvonch bilan Rajabbuvi Imomberdiyeva.

Yana o‘qing:  Oilada sport – zavqli mashg‘ulot

Ha, “Dilchehra”ga nafaqat shahar aholisi, balki turli viloyatlardan ham murojaat etayotganlarning ko‘pligi bu yerda ko‘rsatilayotgan zamonaviy tibbiy xizmatning samarali ekanidan dalolatdir. Klinikada nevropatolog, kardiolog, ginekolog, endokrinolog, terapevt, bolalar shifokori kabi shifokor-mutaxassislar, shuningdek, UTT(ultratovushli to‘lqin tekshiruvi), EKG, fizioterapiya xonalari, qon va peshob analizlarini tahlil qilish klinik laboratoriyasi, tibbiy asboblarni sterillash xonalari samarali faoliyat yuritmoqda.

Joriy yilda “Sog‘lom bola yili” davlat dasturini samarali amalga oshirib kelayotgan ishbilarmon rahbar klinikani zamonaviy jihozlash, tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash maqsadida yana bir savobli ishga qo‘l urdi. Klinika Koreya Respublikasining “Samsung medison” kompaniyasi bilan 260 million so‘mlik kredit shartnomasini imzoladi. Avvaldan ushbu kompaniyaning ishonchini oqlagan klinikaga yangi rusumdagi zamonaviy tibbiy uskunaning keltirilayotgani muhim yangilik bo‘ldi. Ko‘p funksiyali “Dopler” uskunasining keltirilishi turli xavfli va xavfsiz o‘smalarni aniqlash, yurak qon-tomir, ayollar jinsiy a’zolari xastaliklari, teri osti hosilalarini, urologik va ginekologik hamda suyak kasalliklari, chaqaloqlarga to‘g‘ri va aniq tashxis qo‘yish imkonini beradi.

Amalga oshirilayotgan ishlar e’tiborga molik. Har kuni 50-60 qatnovli mijozlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish xonalarining soni 15 taga yetkazilib, klinik laboratoriya kengaytirilgani, ularni tibbiy jihozlar bilan ta’minlangani yutuqlar samarasidir.

Klinikada xodimlarning ijtimoiy muhofazasiga ham katta e’tibor qaratilgan. Maosh o‘z vaqtida berilib, bayramlarda xodimlar moddiy rag‘batlantiriladi. Kam ta’minlangan xodimlarga moddiy yordam tashkil etilmoqda. Ayniqsa, tibbiy xizmatga ehtiyojmand, yolg‘iz va nogironlarga, yordamga muhtoj oilalar uchun EKG va UTT tekshiruvlarining bepul qilib belgilanishi, har yili 800 nafardan ziyod kollej o‘quvchi-qizlarining bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi “Dilchehra”ning el koriga yarayotganidan dalolatdir.

Ana shunday mas’uliyatli vazifani uddalab, el salomatligi yo‘lida xizmat qilib kelayotgan R.Imomberdiyeva oilada mehribon ona, ko‘plab shogirdlarga ustoz, turmush o‘rtog‘iga sadoqatli yor hamdir. Uning Nizomiy Davlat universiteti defektologiya yo‘nalishida tahsil olgan qizi Dilchehra klinikada rahbar o‘rinbosari, Zoyirjon “O‘zbekiston Havo yo‘llari”DAKda nazoratchi bo‘lib faoliyat yuritmoqda.

Xayrli ishning kechi yo‘q, deydi donolar. Shunday baxtni, sharaf va faxrni his etib, el salomatligi yo‘lida mehrini, qalb-qo‘rini bag‘ishlab kelayotgan ana shunday fidoyi insonlar baxtimizga doimo bor bo‘lsin!

Yana o‘qing:  ENG YAQIN DO‘ST, ENG YAXShI HAMROH

Maryam AHMEDOVA,

Toshkent viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: