OMAD YOR BO‘LSIN SIZGA, SPORTCHILAR!

O‘zbekiston sport delegatsiyasi 19 sentyabr – 4 oktyabr kunlari XVII Osiyo o‘yinlarida ishtirok etish uchun Koreya Respublikasining Incheon shahriga jo‘nab ketdi.

Toshkent xalqaro aeroportida sportchilarimizni nufuzli musobaqaga kuzatish uchun sport jamoatchiligi, ommaviy axborot vositalari vakillari yig‘ildi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, sportni rivojlantirish, o‘g‘il-qizlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun qulay sharoitlar yaratish, xalqaro maydonlarda Vatan sharafini munosib himoya qila oladigan yosh iqtidor egalarini tarbiyalash va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga doimiy e’tibor qaratilayotir. Buning samarasida sportchilarimiz nufuzli musobaqalar – Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarida muntazam yuqori natijalarga erishmoqda.

Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tadigan bu galgi Osiyo o‘yinlarida qit’amizning qirqdan ziyod davlatidan o‘n ming nafarga yaqin sportchi g‘oliblik uchun kuch sinashadi. Mazkur musobaqada o‘zbekistonlik 300 nafarga yaqin sportchi 32 sport turi bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan bahslarda Vatanimiz sharafini himoya qiladi.

Davlatimiz rahbarining 2013 yil 25 fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016 yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori sportchilarimizning Osiyo o‘yinlariga puxta hozirlik ko‘rishi, ular uchun munosib sharoit yaratishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.

– Mamlakatimiz sportchilarining yirik sport anjumanlarida shohsupaga ko‘tarilishi yaxshi an’anaga aylangan, – deydi dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi Jamol Shodmonov. – Ishonchimiz komilki, yurtdoshlarimizning Incheonda erishadigan natijalari avvalgi Osiyo o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan yutuqlardan yuqori bo‘ladi.

– 2010 yili Guanchjouda o‘tgan Osiyo o‘yinlarida o‘q otish bo‘yicha jamoaviy bahslarda bronza medalni qo‘lga kiritgan edik, – deydi xalqaro toifadagi sport ustasi Sakina Mamedova. – Bu galgi musobaqada oltin medalni ko‘zlayapmiz. Musobaqaga har tomonlama puxta hozirlik ko‘rdik. Niyatimiz – Incheondan yuqori natijalar bilan qaytish.

Mustaqillik sharofati bilan O‘zbekiston sportchilari jahon maydonlarida katta zafarlarga erishmoqda. Xalqaro maydondagi nufuzli musobaqalarda, jumladan, Osiyo o‘yinlarida qatnashayotgan har bir sportchimiz ortida o‘zini mana shunday yuksak darajaga yetkazgan Vatanimiz, xalqimiz turganini, yaratilayotgan sharoitlarning barchasi Prezidentimizning yosh avlod kamolotiga qaratayotgan e’tibori va g‘amxo‘rligi tufayli ekanini chin dildan his qiladi. Mana shu tuyg‘u ularga kuch-quvvat, ishonch bag‘ishlaydi. XVII Osiyo o‘yinlari ham O‘zbekiston sportchilari uchun samarali bo‘lishiga ishonamiz.

Yana o‘qing:  Maroqli hordiq

Bayram AYTMURODOV,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: