HAYOTIY EHTIYOJ

Uyqu markaziy asab tizimining ish qobiliyati tiklanishida muhim omil hisoblanadi

Uyqusizlikka yo‘liqqanlar ko‘p topiladi. Bu dard tungi uyqu maromining buzilishi, ya’ni tunda kam yoki yuzaki uxlash, uyqu kelmasligi, bevaqt uyg‘onaverish jarayoni hisoblanadi. Insonning butun hayotidan uchdan biri uyqu holatida o‘tadi. Uyqu markaziy asab tizimining ish qobiliyati tiklanishida muhim omil hisoblanadi. Organizmdagi hujayra va to‘qimalarning yashovchanligini ta’minlovchi hayotiy ehtiyojdir.

UYQUSIZLIKNING KELIB ChIQISH SABABLARI

Sog‘lom odamlarda uyqusizlikni keltirib chiqaruvchi asosiy omil asabiylashish hisoblanadi. Uxlashdan oldin qancha ko‘p xavotirli, xotirjamlikni buzadigan voqea-hodisalar haqida o‘ylagan yoki ularning bevosita ishtirokchisiga aylangan odamlar uyqusizlik bilan ham kurashib chiqishga majbur bo‘ladilar. Chunki, asabbuzarlik, xavotirlanish odamni sergaklantiruvchi xususiyatga ega. Bu esa albatta uyquning “dushmani” hisoblanadi.

Ayrim kishilar uxlashdan oldin me’yoridan ortiq ovqatlanadilar. Buning natijasida ovqat hazm qilish tizimi zo‘riqadi. Bu esa ruhiy xotirjamlikka putur yetkazadi. Shuningdek, bosh miya tomirlarida zararlanish (ateroskleroz) yoki asab tizimida turli kasalliklari mavjud bo‘lganlar ham uyqusizlikdan aziyat chekadilar.

Yotoqda e’tiborni o‘ziga jalb qiluvchi, yorug‘lik taratuvchi buyumlar bo‘lishi ham bedorlikni keltirib chiqarishi mumkin. Chunki, bunday buyumlar insonlarni chalg‘itibgina qolmay, miya faoliyatini faollashtirishga ko‘maklashadi. Odatiy tartibning buzilishi ham uyqusizlikni keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, haftaning ish kunlari odamlar tanadagi hayotiy quvvat – energiyani ko‘proq sarflab, holdan toyadilar. Bu esa ularning tez uxlab qolishlariga sabab bo‘ladi. Dam olish kunlari esa dangasalik oqibatida o‘zlarini urintirmaslikka intiladilar. Natijada jismoniy jihatdan toliqmagan tanada energiya ko‘p bo‘ladi, natijada uyqu maylining hosil bo‘lish vaqti kechikadi.

Muddatiga ko‘ra qisqa va uzoq uyqusizlik kuzatiladi. Qisqa muddatli uyqusizlik asosan insonning kayfiyati, odatdagi yashash sharoitining buzilishi va tashqi ta’sirlar orqali yuzaga keladi. Bunday holatda bedorlik kamchiliklar bartaraf etilishi va sharoitga moslashishga qarab 1-2 kun davom etishi mumkin.

Uzoq muddatli uyqusizlik esa ko‘pincha asab tizimining kuchli ruhiy, hissiy shikastlari, nevroz, psixoz, bosh miyaning organik kasalliklari (ayniqsa, miya qon-tomirlari aterosklerozi), ichki a’zolar va endokrin bezlar (buyrak, jigar, qalqonsimon bez) kasalliklari bilan bog‘liq asab tizimining funksional buzilishlarida uchraydi. Agar uyqusizlik ikki-uch kundan ortiq davom etsa, shifokor bilan maslahatlashib, zarur muolajalarni olish tavsiya etiladi. Shifokor tavsiyasisiz dori-darmonlar bilan davolanish xavfli asoratlarga olib kelishi mumkin.

Yana o‘qing:  Revmatizm – yurakni “tishlaydi”

UYQU ME’YORI

Har bir odamda yoshiga qarab uyqu me’yori turlicha bo‘ladi. Masalan, chaqaloqlar bir kunda 20 soatdan ziyod uxlashi mumkin. Normal uyqu holati 18-20 yoshdagilar uchun 10 soat, 30-40 yoshdagilar uchun 7-8 soat va 60 yoshdan yuqori bo‘lgan insonlar uchun esa 6 soatni tashkil qiladi.

Lekin jismonan sog‘lom, baquvvat odamlar o‘zlarini kam uxlashga o‘rgatishlari mumkin. Masalan, hayotda faol bo‘lgan ayrim kishilar uchun 4-5 soat ham kifoya qiladi. Chunki, bunday insonlar o‘zlarini shunday uyquga chiniqtiribgina qolmay, hayoti davomida ko‘proq ijodiy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishadi. Ijodkorlar, kompyuter ustalari, dasturchilar, arxitektorlar odatda diqqatini o‘z faoliyatiga ko‘proq safarbar etganliklari bois uyqu maylini boshqara oladilar.

BEDORLIKDAN FORIG‘ BO‘LISH

Uyqusizlikka qarshi isyon ko‘targan ko‘pchilik odamlar uning oson yechimini topishga intiladilar. Ya’ni, turli tabletkalar qabul qilish orqali o‘zlarini aldaydilar. Mutaxassislar uyqusizlikdan qutulish muammosini dori-darmon vositasida hal qilishni yoqlamaydilar. Chunki, tabletkalar garchi tez uxlatishga ko‘maklashsa-da, jigar, o‘n ikki barmoqli ichak, me’da va me’da osti bezlariga nojo‘ya ta’sirlari ham mavjud. Qolaversa, dori vositalarini tez-tez yoki doimiy qabul qilib turish natijasida o‘rganib qolish va ularsiz uxlay olmaslik illatini orttirib olish hech gap emas. Shu sababli tabiiy usullardan foydalanish maqsadga muvofiq.

Bedorlikka qarshi kurashishda odatda uyqudan oldin sayr qilish, sokin musiqa tinglash, ma’lum bir songacha ko‘zlarni yumgan holda sanash va boshqa holdan toydiruvchi mashqlardan foydalaniladi. Bunday mashg‘ulotlarni bajarish biroz zerikarli va odatiy bo‘lgani uchun ham ko‘pchilik bu usullarni yoqtirmaydi. Mutaxassislar esa o‘z-o‘zini rag‘batlantirish orqali bedorlikka chek qo‘yish mumkinligini isbotladilar. Mazkur usulda quyidagi meva va oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish tavsiya etiladi:

Banan mushaklarni tabiiy yo‘llar bilan bo‘shashtiruvchi kaliy va magniy moddalariga boy. Shuningdek, banan tarkibida triptofan aminokislotasi mavjud bo‘lib, u ham tinchlantiruvchi xususiyatga ega. Triptofan miyaga bir soatgacha vaqt oralig‘ida yetib borishi inobatga olinsa, bananni uxlashdan oldin bir-bir yarim soat ilgari iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Bodom oqsil va magniy moddasiga boy bo‘lib, mushaklarni bo‘shashtirish va uxlatish xususiyatiga ega. Shu sababli uyqusi buzilgan odamlar bir siqim bodomni uxlashdan oldin yeyishi maqsadga muvofiqdir.

Yana o‘qing:  Qandli diabetdan saqlanishning 8 usuli

Ayrimlar spirtli ichimliklarni tinchlantiruvchi, yaxshi uxlatuvchi vosita sifatida bilib, iste’mol qiladi. Aslida, bu usulning o‘zi uyqusizlikka olib keladi.

Tuningiz osuda o‘tishini istasangiz, kofe, yog‘li ovqatlar, shokoladlar, quvvatni oshiruvchi ichimliklarni iste’mol qilmasligingiz yoki uxlashdan kamida uch soat oldin iste’mol qilishingiz kerak.

Adham USMONOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: