SALOMATLIK NAZORATI
“Aholining sanitariya-epidemiologiya masalalarida osoyishtaligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonun loyihasiga sharh
Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida deputatlar tomonidan “Aholining sanitariya-epidemiologiya masalalarida osoyishtaligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Mamlakatimizda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash maqsadida davlat sanitariya nazorati tizimi yaratilgan bo‘lib, davlat sanitariya nazoratini tashkil etish va amalga oshirish vazifasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, shahar va tumanlar davlat sanitariya vrachlari boshchilik qilib kelayotgan 216 ta davlat sanitariya-epidemiologiya markazlari tomonidan amalga oshirib kelinmoqda.
Respublikamizda onalar va bolalar o‘limi 3 barobarga kamayganligi, odamlarning o‘rtacha umr ko‘rishi 67 yoshdan 73 yoshgacha yetganligi, bundan tashqari, emlash ishlarining o‘z vaqtida bajarilishi natijasida qizamiq, ko‘kyo‘tal, qoqshol, difteriya, poliomiyelit, parotit kabi yuqumli kasalliklarning oldi olinishi, ularning ayrimlarini keyingi yillarda umuman qayd etilmaganligi, barcha zarur profilaktik va epidemiyalarga qarshi tadbirlarning samarasidir.
Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 19 fevraldagi Qarori bilan tasdiqlangan, “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi I-bobining 3-bandiga asosan aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashning huquqiy asoslarini takomillashtirish, shu jumladan, bolalarning ta’lim-tarbiya, madaniyat, sport va boshqa muassasalariga qo‘yiladigan sanitariya-epidemiologik, kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha talablarni, aholi, ayniqsa bolalarni emlash, sog‘lig‘ini saqlash va mustahkamlash, sanitariya normalari va qoidalariga rioya etishni ta’minlashni hamda maktabgacha, umumiy, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi bosqichlarida bolalarni sanitariya va gigiyena asoslariga o‘qitishga doir chora-tadbirlarni joriy etish maqsadida ishlab chiqilgan.
Albatta, taklif etilayotgan qonun loyihasining amaldagi “Davlat sanitariya nazorati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunidan farqli tomonlari nimadan iborat degan o‘rinli savol tug‘ilishi tabiiy.
Ushbu qonun loyihasining “Davlat sanitariya nazorati to‘g‘risida”gi Qonundan farqi shundan iboratki, aholining sanitariya-epidemiologiya masalalarida osoyishtaligini ta’minlash sohasida yuridik va jismoniy shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlarga sanitariya-epidemiologik osoyishtalikning ta’minlanishida majburiyatlar bilan birgalikda huquqlar ham belgilanmoqda.
Taqdim etilgan qonun loyihasini ishlab chiqishda, qonun tashabbuskori sub’yekti ushbu masalaga jiddiy yondashgan va aholining sanitariya-epidemiologiya masalalarida osoyishtaligini ta’minlash sohasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarining huquqlariga alohida 12-modda ajratilgan.
Aholining sanitariya-epidemiologiya masalalarida osoyishtaligini ta’minlash ma’lum bir talablardan iborat bo‘lib, ushbu talablar qonun loyihasidagi 4-bobda belgilanmoqda.
Unda, texnik tartibga solish sohasida normativ hujjatlarni ishlab chiquvchilarga, yer uchastkasini tanlashga, ob’yektlarni rejalashtirish, loyihalash, qurishga, korxonalarni texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlashga, kimyoviy va biologik moddalarni utilizatsiya qilish va zararsizlantirishga, oziq-ovqat mahsulotlariga, ularni ishlab chiqarishga, tashishga, xo‘jalik-ichimlik suvi ta’minotiga qo‘yiladigan, ta’lim va tarbiya sharoitlariga, mehnat sharoitlariga hamda kasalliklarning kelib chiqishi va tarqalishining oldini olishga, sohaga oid talablarni maxsus ekspertizadan o‘tkazishga doir sanitariya-epidemiologik talablar belgilanmoqda.
Qonun loyihasida O‘zbekiston Respublikasi hududini sanitariya jihatdan muhofaza qilish, profilaktik emlashlar o‘tkazish, dezinfeksiya tadbirlari, majburiy tibbiy ko‘riklar hamda fuqarolarni gigiyenik tarbiyalash va o‘qitishga qaratilgan epidemik holatlarning oldini olishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishga bag‘ishlangan alohida yangi 5-bob kiritilmoqda.
Qonun loyihasining 6-bobi “Davlat sanitariya nazorati” deb nomlandi va unda davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi organlar, mansabdor shaxslar, O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, shaharlar va tumanlarning bosh davlat sanitariya vrachlari vakolatlarini, huquq va majburiyatlarini, mansabdor shaxslarning javobgarligini hamda ularning harakati va harakatsizligi ustidan shikoyat qilish hamda ushbu mansabdor shaxslar faoliyatining asosiy kafolatlari, ularning faoliyatiga aralashishning yo‘l qo‘ymasligi haqidagi talablarni belgilash nazarda tutilgan.
Qonun loyihasi 7 ta bob, 45 ta moddadan iborat bo‘lib, unda bir qator havola normalari ham mavjud.
Qonun loyihasini ishlab chiqishda sohaga oid xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalari hisobga olingan, shuningdek AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi, Belarus va Qozog‘iston kabi davlatlar tajribasi o‘rganilgan.
Ushbu qonunning qabul qilinishi, Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarni bajarishda, aholining sanitariya-epidemiologiya masalalarida osoyishtaligini ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solish bilan bir qatorda, O‘zbekistonning Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishish uchun qo‘yilgan vazifalarni to‘laqonli ro‘yobga chiqishida muhim ahamiyatga ega.
Mavluda ALIMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati