Ilk kitob – qalbga yo‘l
O‘zbekiston Davlat konservatoriyasida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlarining an’anaviy anjumani o‘tkazildi. Turli yillarda sovrindor bo‘lgan qizlarga O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining sertifikati topshirildi. Shuningdek, sport sohasidagi yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan 30 nafar sovrindorlarning yutuqlari e’tirof etildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, bu yil iste’dodli qizlarimizga bo‘lgan e’tibor yanada yuksak bosqichga ko‘tarildi. Har yili 14 nafar nomzod mazkur mukofotga munosib ko‘rilgan bo‘lsa, joriy yilda ularning safi 16 nafarga yetdi.
“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturining ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi sa’y-harakati bilan “Sharq”, “O‘zbekiston”, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari tomonidan sakkiz nafar mukofot sohibalarining kitoblari chop etildi. Mazkur tadbirda mamlakatimizning atoqli yozuvchi va shoirlari ishtirok etdi.
Ular ijrosidagi “Seni ulug‘layman, ona Vatanim” deb nomlangan mushoira va badiiy-musiqiy chiqishlar barchaga zavq bag‘ishladi.
Tadbirdan so‘ng O‘zbek Davlat drama teatrida Zulfiyaxonimning “Xotiram siniqlari” dostoni asosida yaratilgan spektakl namoyish etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova ishtirok etdi.
M.QURBONBOYEVA