TABIIY NE’MATLAR – ham ozuqa, ham shifo
Oltin kuzning “ochil dasturxoni” ko‘zni qamashtiradi. Bozorlarga kirsangiz turli meva-sabzavotlar rastalarni to‘ldirib turibdi. Go‘yo osmondan kamalak tushganu, ularni ona tabiat – rassom turfa tabiiy bo‘yoqlar bilan mohirona bo‘yaganday. Mo‘jizaning o‘zginasi bor bo‘yi basti bilan qarshingizda namoyon bo‘ladi.
Yer yuzida shunday joylar borki, mudom muzlik hukmron. Yana bir hududlarda jazirama issiq borliqni kuydiraman deydi. Seryog‘in yurtlaru, botqoqlik va qalin changalzorlarga kon mamlakatlarni oynai jahonda ko‘rib ona Vatanimiz tuprog‘ini ko‘zimizga surtgimiz keladi. Xaritaga boqsangiz to‘rt fasli tugal jannatmakon O‘zbekistonday go‘zal go‘sha kamdan kam uchrashidan ich-ichingizdan faxr tuyg‘usini his etasiz.
Jonajon yurtimizda o‘sadigan nafaqat giyohlaru o‘t-o‘lanlar, balki meva-sabzavotlar, poliz ekinlari ham shifobaxsh ta’sir kuchiga ega ekan. Chunki, yurtimizga tashrif buyurgan xorijlik mehmonlarning e’tirof etishlaricha, mo‘tadil iqlimli hududda yetishtirilgan bu tabiat ne’matlarining ta’mi o‘ziga xos va mazali.
Har kuni 500 gramm meva va sabzavotlarni iste’mol qilish me’da-ichak tizimi faoliyatiga ijobiy ta’sir etadi. Chunki, inson qabziyat (ich qotish)dan xoli bo‘lsa, unga turli kasalliklar tajovuz qilmaydi. Mevalar tarkibidagi asosiy vitaminlar suvda yaxshi eriydi. Ya’ni, V guruhi vitaminlari, S vitamini va foliy kislota. Ular organizmga tez singiydi va 2-4 hafta davomida tanamizdan chiqib ketadi. Tabiiyki, tarkibida mazkur vitaminlar bor meva-sabzavotlarni tez-tez iste’mol qilib turish zarur.
Organizmda yog‘da eruvchi vitaminlar uzoq muddat saqlanib turadi. Bular A, Ye, K, N(biotin) va D darmondorilaridir. Ayniqsa, sarxil meva-sabzavotlar va poliz ekinlarida vitaminlar miqdori ko‘p bo‘ladi. Olimlarning aniqlashlaricha eng ko‘p foydali va kam kaloriyali meva bu olma ekan. Ushbu meva odamzotni saraton(rak), yurak kasalliklaridan asrab, xolesterinni kamaytiradi. Buyrak faoliyatiga ijobiy ta’sir etadi. Qarishni sekinlashtirib, kayfiyatni ko‘taradi. Yana bu meva podagra (bo‘g‘imlarga tuz yig‘ilib, og‘rishi) kasalligidan ham asraydi.
Kunda 5-6 dona olma iste’mol qilgan inson yuqorida nomlari tilga olingan xastaliklardan xoli bo‘lar ekan. Yana bir foydali meva bu nokdir. Nok qon tomirlar devorini mustahkamlaydi. Uning tarkibidagi tabiiy antibiotik-arbutin uzoq davom etayotgan yo‘talga davo ekan. Shunindek, nok tarkibida kaliy ko‘p miqdorda bo‘lganligi sababli yurak kasalliklari bilan xastalangan bemorlarga tavsiya etiladi. Chunki, kaliy moddasi yurak mushaklarini quvvatlantiradi.
Yurak ritmi buzilganda ham ko‘p miqdorda yaxshi va yetilib pishgan noklarni iste’mol qilish zarur. Agar odamning me’da-ichak tizimida muammo (yallig‘lanish va yara kasalliklari) bo‘lsa, nok iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. Chunki, uning tarkibida klechatka ko‘p uchraydi. Bunday bemorlarga nok kompoti yoki uning quritilgan qoqisi tavsiya etiladi. Bu mahsulotlarga nisbatan qarshi ko‘rsatma yo‘q.
Olxo‘ri mevasi barcha mevalar ichida tez hazm bo‘ladi. Uning eng katta ta’siri – ich surishidir. 5-6 dona mevasini nahorga iste’mol qilsangiz me’da-ichak tizimini yaxshi tozalaydi. Uning tarkibidagi pektin va kletchatka organizmdagi zararli moddalarni o‘ziga shimib oladi. Shu sababli qondagi xolesterin miqdorini kamaytirish uchun ham tavsiya etiladi. Yana olxo‘ri o‘t va peshob haydash (tarkibida kaliy mo‘lligi tufayli) xususiyatlariga ham ega. Shu sababli buyrak, yurak kasalliklari va o‘t pufagi yallig‘lanishida tavsiya etiladi.
Quyida biz olma, nok va olxo‘ridan qishda qanday mahsulotlar tayyorlash mumkinligi xususida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz:
Olma QoQi
Olmalarni qaynatilgan sovuq suvda yuving. So‘ngra sochiq bilan artib, quriting. Po‘stini archib, o‘rtasidagi urug‘larini olib tashlang. Mevalarni yumoloq shaklda to‘g‘rang yoki yupqa bo‘laklarga bo‘ling. Keyin ipga tizib ola-chalpoq quyosh nuri tushib turadigan yelvizakli joyga bir-biriga tegmaydigan qilib osib qo‘ying. Qoqi quriguncha ustiga doka yoping. Bu usulda bir necha kilogramm (uncha ko‘p emas) olma qoqi tayyorlasa bo‘ladi.
Tayyor bo‘lgan olma qoqilarga quritilgan yalpiz yoki rayhon barglarini aralashtirib, havo o‘tkazadigan, paxta tolali qopchalarga solib, quruq joyga osib qo‘ying. Yana olma qoqini turli qurt va hasharotlardan asrash uchun archilgan va bo‘laklarga bo‘lingan olmalarni tuzli suvga chayib oling.
Buning uchun 1 litr qaynatib sovutilgan suvga ikki osh qoshiq tuz solinadi. Tayyor bo‘lgan tuzli aralashmaga olma bo‘laklarini solib, keyin quritish uchun ilib qo‘yiladi. Qishda olma qoqidan kompot yoki olmali choy tayyorlashdan oldin meva qoqilarni qaynatilgan iliq suvda yuvasiz. Shunda uning ustini qoplab turgan tuzli qatlam yuvilib ketadi.
Nokli kompot
Noklarni yuvib, po‘stini arching. Urug‘laridan tozalab oling. Mevalarni 5-10 daqiqa davomida limon kislotali aralashmaga solib qo‘ying. Ushbu aralashmani tayyorlash uchun 1 litr suv, yarim osh qoshiq limon kislota (javharlimu) kerak bo‘ladi. Alohida yana suv qaynatib olasiz. Olovni pasaytirib, nok bo‘laklarini suvga solasiz. Qaynashiga yaqin qolguncha 10-15 daqiqa mevalar shu suvda turadi. Keyin alohida idishga 650 ml suvga 350 gramm shakar solib suyuq qiyom tayyorlaysiz. Qiyomni vaqti-vaqti bilan bo‘yalmagan yog‘och qoshiqda aralashtirib turasiz. Shakarli qiyom o‘rtacha olovda 15 daqiqada tayyor bo‘ladi.
Oldindan sterillab, tayyorlab qo‘yilgan bankalarga nok bo‘laklarini tartib bilan joylashtirib chiqiladi. Har bir bankaga 3-4 sm qalinlikda kesilgan limon po‘chog‘ini ham soling. Nok bo‘laklarining ustidan qaynoq qiyom quyib sterillangan qopqoq bilan mahkam yoping. Bankalarni to‘nkarib qo‘ying. So‘ngra sovugan bankalarni quruq va shamollatib turish qulay bo‘lgan joyda saqlang.
OlxO‘rili sukatlar
1 kg olxo‘rini yuvib, chovli yoki temir elakka soling. Danagidan ajrating. Keyin ikki bo‘lingan olxo‘rilarni qaynoq suvga bir botirib oling. Alohida idishda 1,5 litr suv qaynating. Unga 1kg shakar soling. Olxo‘ri mevalarini besh daqiqa shakarli qiyomga solib oling. So‘ngra sovuting. Oradan 10-12 soat o‘tgach 3-4 marta yana shunday qilib olxo‘rilarni qiyomga botirib oling. Yana har safar oradan 10-12 soat vaqt o‘tishi kerak. Chunki, qiyom mevaga yaxshi singadi. Bu vaqt davomida qiyomga botirilgan mevalarni cirli idishga solib, ustidan doka yopib qo‘ying. So‘ngra tayyor bo‘lgan mevali sukatlarni chovlida qiyomi sizib, quriguncha ushlab turing. Keyin ustidan shakar sepib, banka yoki qutilarga solib, usti yopiq holda saqlang.
Yuqorida nomlari tilga olingan mevalardan yana jem, murabbo, kompot va qoqi tayyorlash mumkin. Eng yaxshisi esa ularni tez-tez sarxil iste’mol qilishdir.
Sahifani Gulchehra Shirinova tayyorladi.