Hayot quvonchi sog‘liqda
Shifoxona hovlisiga kirishim bilan chor-atrofning toza va ozodaligi, salqin qilib suv sepilgan hovli, anvoyi gullarning barq urib ochilgani kayfiyatimni ko‘tardi. Muassasada faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlarining muomala madaniyati va tartib-intizom diqqatimni o‘ziga tortdi.
Bugungi kunda salomatlikni saqlash, kasalliklarning oldini olish va davolash, reproduktiv salomatlik, sog‘lom oilani shakllantirish masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Shu bois yurtimizning eng chekka hududlarida ham barcha tibbiyot maskanlarining davlatimiz tomonidan zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlanayotganligi, soha xodimlarining ishga yanada jiddiy yondoshayotganlari ijobiy o‘zgarish va yuksalishlarga zamin yasamoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 25 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida psixiatriya xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga psixiatrik yordam ko‘rsatishni mukammallashtirish bo‘yicha choralar haqida”gi buyrug‘iga asosan Qashqadaryo viloyat Kitob tumanidagi 2-sonli viloyat asab-ruhiy kasalliklar dispanseri ham Kitob, Shahrisabz, Chiroqchi va Yakkabog‘ tumanlarining aholisiga tibbiy psixiatriya xizmatini ko‘rsatib kelmoqda.
Ushbu maskanda ayni paytda oligofreniya, shizofreniya, shizotipik buzilishlar hamda organik kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarga yordam ko‘rsatilmoqda.
– Dispanserimizda intizom va o‘z ishiga mas’uliyat bilan qarash birinchi o‘rinda turadi. Bugungi kunda sog‘lom farzandni dunyoga keltirish, oilada sog‘lom muhitni yaratish, sog‘lom turmush tarzini ta’minlash biz tibbiyot xodimlaridan fidoyilik va e’tiborni talab etadi. Jamoamizda faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarimiz elning dardiga darmon bo‘lishdek ezgu maqsad yo‘lida harakat qilmoqda, – deydi dispanserning bosh shifokori Erkin Avidov.
Ta’kidlash joizki, ruhiy kasalliklarning nasldan-naslga o‘tish moyilligi boshqa kasalliklarga nisbatan yuqori hisoblanadi. Shu sababli ayniqsa, yoshlarni oila qurishlaridan avval, albatta, psixiatr ko‘rigidan o‘tishlariga e’tibor qaratish lozim.
Muassasada xodimlarning ijtimoiy himoyasiga ham ahamiyat qaratilgan. Kasb bayrami munosabati bilan malakali tibbiyot xodimlari rag‘batlantirilib kelinmoqda.
Dispanserda o‘z kasbiga mas’uliyat bilan yondoshgan holda malakali psixiatriya xizmatini ko‘rsatayotgan shifokorlar Qosim Rajabov, Bunyod Azimov, Mansur Ergashev, Muzaffar Mirzayev, Dilfuza Nizomova, hamshiralardan Gavhar Yaxshiyeva, Gavhar Qorayeva, Latofat Nabiyeva, feldsherlar Odil Oydinov, Shodmon Primovning xizmati tahsinga loyiq.
Ayni paytda kasallikni davolashdan ko‘ra uning oldini olgan afzal, degan aqidaga amal qilib, mehnat qilayotgan jamoa bemorlarga sifatli psixiatriya xizmatini ko‘rsatish, aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borish, samaradorlikni oshirish, sog‘lom bola tug‘ilishi, nikohdan oldingi tibbiy ko‘rikka e’tibor qaratish ishlariga katta ahamiyat qaratmoqda.
Maryam AHMEDOVA