JO‘RABEKNING ILK SOVRINI
Malayziyada o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan nufuzli turnirda tennischimiz Jo‘rabek Karimov xalqaro maydondagi dastlabki sovrinini qo‘lga kiritdi.
Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) musobaqalari taqvimiga kiruvchi turnirning juftlik bellashuvlarida hindistonlik Saxil Deshmux bilan birga o‘ynagan Jo‘rabek Karimov saralash uchrashuvlarida singapurlik Jun Sing Tan va yaponiyalik Ryo Vatanabeni 6:2, 6:2, Irfandi Xendravan va Xendravan Susantoni 6:1, 6:4, malayziyalik Xu Yer Yang va Sayyid Oqil Nagubni 6:3, 4:6, 11:9 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, finalga chiqdi.
Hal qiluvchi bahsda Jo‘rabek Karimov va Saxil Deshmux dueti birinchi raqamda saralangan indoneziyalik Nuradim Ramdani va Armando Soemarno ustidan 6:1, 2:6, 10:6 hisobida zafar quchib, bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
14 yoshli umidli sportchimiz yakkaliklar musobaqasida ham finalda o‘ynadi, lekin Saxil Deshmuxga yutqazdi.