BAXT belanchagi

yoxud bir xonadon manzaralari

Hovlimizning o‘rtasida keng, mo‘l-ko‘lgina so‘ri bor.

Bahor, yoz oylari har saharni shu yerda, nabiralarim davrasida kutib olaman. Goh osuda, goh bahs-munozaraga boy davra, ayniqsa, Mironshoh opasi Niginabonu bilan masala talashgani talashgan, ko‘pincha ularning qarash va munosabatlari turlicha bo‘lib chiqadi.

– Qushlarga maza, ularning osmoni bepoyon, istagan kengliklariga parvoz etishaveradi, – deydi Mironshoh falakda qiyalab uchayotgan chumchug‘u chug‘urchiqlar harakatini havas bilan kuzatar ekan.

– Bizning esa Vatanimiz beqiyos, beg‘ubor osmon ostida serhasham shahar-

qishloqlarimiz, muhtasham bog‘-rog‘larimiz bisyor, muhimi tinch-osuda yurtimiz g‘arazli ko‘zlardan yiroq tursin, – shoirona ohangda ukasini bahsga chorlaydi Niginabonu…

Tong otib, quyosh nur belanchagini tash lashi bilan ko‘chadan uning zarrin kokillariga tarmashib o‘ynayotgan qo‘shni bolalarning sho‘x-shodon qiyqirig‘i eshitiladi. Yaqindagina hovlima-hovli yurib, yettisini to‘ldirgan bolalarni muallima ayol maktabga yozib ketganidan buyon bu ro‘yxatga nomi tushgan Askarshoh qichkintoylar o‘yiniga qo‘shilmay qo‘ygan, tezroq o‘qishga chiqish niyatida kun sanaydi, nuqul:

– Bobo, Mustaqillik bayramiga necha kun qoldi, – deb so‘ragani-so‘ragan, biladiki

qutlug‘ bayramning ertasi kuni maktab boshlanadi.

Ammo Askarshohning galdagi savoli men uchun kutilmagan bo‘lib chiqdi:

– Bobo, yangi gazetalaringizni o‘qidingizmi?

Odatda u rasmli jurnallarnigina varaqlardi.

– Nima edi, o‘g‘lim, – bolaning dili nozik, bir og‘rinsa tuzatish qiyin, ishga shoshilayotgan bo‘lsamda nabiramning murojaatini bee’tibor qoldirmadim.

– Ukachamning katta rasmini chiqarishibdi, – deydi u men bilmagan yangilikdan xabar topganidan qoniqish hissi bilan.

Askarshoh to‘ng‘ich o‘g‘limning kenja farzandi, amakisining, ammalarining o‘zidan kichik o‘g‘il-qizlarini “ukacha” deb ataydi, ular hozircha besh nafar.

– Qaysi birining, – so‘rayman qiziqsinib.

– Parizodaning.

“Parizoda avgustning sakkizinchisida endigina bir yoshni to‘ldirdi, qiziq, bazo‘r atak-chechakni boshlagan qizaloq gazetaga yozadigan nima karomat qo‘rsatdi ekan”, degan savol o‘tdi xayolimdan.

– Qani, olib kel-chi.

Askarshoh allaqayoqqa yugurgilab ketganicha qo‘lida ikki buklangan gazeta bilan qaytdi:

– Mana ko‘rib qo‘ying, akang qarag‘ayning ukachasi zo‘rda.

Shosha-pisha Askarshoh qo‘rsatkich barmog‘ini bigiz qilib ko‘rsatgan sahifaga ko‘z tashladim. Hovlimizdagi gulzor orasida eng jajji nabiram ota-onasi og‘ushida shiringina jilmayib turardi. Rasm tagso‘zida quyidagilar yozilgan edi:

Yana o‘qing:  BU YURTGA G‘ALABALAR YARASHADI

“Jajji farzandlari Parizodani quvonchga to‘lib katta qilayotgan Mirahmad va Gulinur Mirishkor tumanining Pomuq qo‘rg‘onida istiqomat qilishadi. Havas qiladigan tomoni shundaki ularning har ikalasi 1991 yil, Istiqlol bilan tengdosh dunyoga kelishgan. “Mustahkam oila yili”da qurilgan xonadonning “Obod turmush yili”da dunyoga kelgan go‘dagi “Sog‘lom bola yili”da bir yoshga to‘ldi”…

Qalbim Istiqlol yo‘lidan yorqin kelajakni ko‘zlab, dadil odimlayotgan mamlakatimiz har oni to‘y-bayramlarga esh bo‘lib tarixga zarb etilayotganidan faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ldi.

Bundan yetti yil muqaddam, ayni qish chillasi poytaxtimizdagi “Turon” sihatgohida dam olayotgandim. Sahar chog‘i kenja qizim qo‘ng‘iroq qilib qoldi:

– Dada, suyunchini cho‘zing, akamning o‘g‘li bo‘ldi!

– Suyunchi sendan aylansin qizim, umri bilan bergan bo‘lsin, ismini nima qo‘ydingizlar.

– Shuni sizdan so‘ramoqchi edim.

– Nega ikkilanib o‘tiribsizlar, axir ukang ismi bilan tug‘ilibdi-ku,

– Qanday qilib?

– Bugun qaysi sana va qanday kun?

– O‘n to‘rtinchi yanvar, Vatan himoyachilari kuni.

– Barakalla, o‘zing bilar ekansan, ukangning ismini Askarshoh qo‘yinglar.

Go‘shakdan qizimning yonidagilarga quvonch bilan aytgan so‘zlari baralla eshitilib turdi:

– Urey-y-y, ukamning ismi Askarshoh bo‘ldi, ilohim Vatanni ko‘z qorachig‘i yanglig‘ asraydigan, askar yigit bo‘lib yetishsin…

Hammasi sobiq o‘quvchimning ishxonamga birov kelib-ketishidan boshlandi. Qishloqda hamma u yoki bu jihatdan bir-biriga aloqador, masalan shu Toshtemirga o‘rta maktabda tarix fanidan saboq berganman, uning otasi Jabbor domla menga matematika sirlarini o‘rgatgan, o‘z o‘rnida Jabbor domla ham qariyb chorak asr maktabga rahbarlik qilgan otamni o‘ziga ustoz deb biladi. Xullas, o‘quvchim yetkazgan xushxabarni uydagilarga ilindim:

– Toshtemir shogirdimning o‘g‘li milliy kurashdan o‘quvchilar o‘rtasida o‘z vazni bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘libdi.

– Yaqindagina maktabimizda o‘qib ketgan Boboxonmi, – so‘radi nabiralarimdan biri.

– O‘sha, Buxoroning sport kollejida tahsil olayotgandi, – javob berdim ichki bir

qoniqish bilan. – Vaqtida bobosi, otasi ham binoyigina kurash tushishar edi.

O‘shandan buyon Mironshoh tinim bilmaydi, goh futbol to‘pini boshi, oyog‘i bilan urib, yerga tushirmaslikni mashq qilsa, goh hovlining u chekkasidan, bu chekkasigacha o‘mbaloq oshadi.

– Ha o‘g‘lim, bu nimaning tashvishi?

Yana o‘qing:  Bola baribir bola-da...

– Mashq qilayapman, dadam jismonan chiniqsang, sinovlardan o‘tolsang sport maktabiga o‘qishga qo‘yaman, dedi.

– U yerda nima qilasan?

– Chiniqib, chempion bo‘lib, yurtimiz bayrog‘ini chet ellarda boshim uzra ko‘tarmoqchiman.

– Barakalla o‘g‘lim, havas bilan yashaganga nima yetsin…

– Bobo, eshitdingizmi, – hovliqib savol berdi Niginabonu.

– Nimani?

– Dilnoz opamning qizi Milliy universitetning jurnalistika fakultetiga o‘qishga kiribdi, uning niyati sizdek jurnalist bo‘lib, “Oltin qalam” olish ekan.

Laylo jiyanimning qizi, Qarshidagi 2-sonli akademik litseyda o‘qib yurgan kezlaridan buyon qalam tebratib turishini bilaman, bir-ikki bitiklarini ko‘rib ham bergandim, mana, izlanishlari samara berib, mamlakatimizdagi eng nufuzli universitetlardan birining talabasi bo‘libdi:

– Mana, ko‘rdingmi, yaxshi o‘qiganning samarasini?! Sen ham maktabni, litseyni a’lo baholarga tugatsang, opangdek talaba bo‘lishing tayin, – bir-ikki she’riy mashqlari matbuot yuzini ko‘rgan nabiramning yuragiga g‘ulg‘ula solaman.

– Albatta shunga intilaman, – deydi u qat’iyat bilan…

* * *

… – Bobo quyoshning nur belanchagi qoyilmaqom, osilib mazza qilasan, – deydi Mironshoh kumushtus badanini oftob nurlariga toblarkan.

– Jonajon Vatanimiz o‘ziga xos baxt belanchagi, – deydi Niginabonu ukasiga javoban, – Qara, biz yoshlar uchun o‘qib, olim, shoira bo‘lish, chiniqib chempionlik maqomiga erishish uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etilgan, Yurtboshimizga qulluq, u kishi baxt belanchagimizni tebratib turibdi.

Abdunabi ABDIYEV,

Mirishkor tumanidagi 22-maktab direktori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: