VATANPARVARLIK saboqxonasi
Mustaqillik, tinchlik va taraqqiyot. Bu ulug‘ tushunchalar doimo bir-biri bilan yonma-yondir. Xalqimizning tarixiy yutug‘i – Vatanimiz mustaqilligining yigirma uch yilligi keng nishonlanayotgan shu kunlarda fikrimiz yana bir bor o‘z tasdig‘ini topmoqda. Ma’lumki, 31 avgust mamlakatimizda “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni” sifatida nishonlanadi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ulug‘ ajdodlarimiz xotirasini tiklash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish eng ezgu an’analardan biriga aylandi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan poytaxtimizning Bo‘zsuv sohilida bunyod etilgan “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmui xalqimiz, millatimiz ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lgan, jonini fido qilgan vatandoshlarimiz xotirasiga ko‘rsatilgan ulkan ehtiromning yorqin ifodasidir.
Mazkur majmua doim ziyoratchilar bilan gavjum. Bu maskan nafaqat shahidlar yodini ifoda etadi, balki bugungi avlodni tabarruk ona Vatanimizni, mustaqillikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga undaydi. Bu yerga ziyoratga kelgan inson osuda o‘tayotgan tonglarga shukrona keltiradi, qalbida shu ozod va obod yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi jo‘sh uradi.
– “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi poytaxtimizning eng xushmanzara joylaridan biridir, – deydi “Shahidlar xotirasi” xayriya fondi raisi Baxtiyor Hasanov. – Avvalari esa bu hudud juda vahimali ko‘rinishda bo‘lgan. Eng ayanchlisi esa mash’um qatag‘on siyosati “hujumi”ga duchor bo‘lgan xalqimizning ziyoli, ma’rifatparvar farzandlari ayni shu yerda qatl etilgan. Ularning xotirasini abadiylashtirish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan 2000 yili Bo‘zsuv bo‘yida “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi barpo etildi. Maydonda muzey, rotonda qurildi. Uning atrofi esa landshaft dizayni asosida ko‘kalamzorlashtirildi. Obod go‘shaga aylantirildi. Rotonda markazida naqshinkor milliy bezaklar tortilgan o‘ymakor qabr toshi o‘rnatildi. Muhtaram Yurtboshimiz majmua ochilish marosimida “Bu ziyoratgohni biz qatag‘on qurboni bo‘lgan, jismi olis-olislarda qolib ketgan yuzlab yurtdoshlarimizning ramziy mozori sifatida qabul qilmog‘imiz kerak”, deya xalqimizning dilidagi gapni aytgan edi. Ayni paytda esa maydon yurtimizda istiqomat qilayotgan 130 dan ziyod millat vakillari, xorijlik mehmonlar bilan gavjum. Quvonarlisi, yaxshi niyat bilan oila qurayotgan yoshlar – kelin-kuyovlar muazzam maydonni sayr etib, yaratgandan o‘zlariga xalqparvar bobolaridek solih farzandlar so‘rab niyat qilishadi.
Darhaqiqat, maydon bugun nafaqat ziyoratgoh, balki tarixiy saboqxonadir. Ayniqsa, eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida “Shahidlar xotirasi” xiyoboni ziyoratchilar bilan yanada gavjumlashadi. Bu yerga tashrif buyurgan kishi tarixiy xotira tuyg‘usini, ezgulik va adolatning boqiyligini, hurriyat va ozodlik ne’matining qadrini yanada chuqur his etadi. Bugungi tinch, osoyishta kunlarga, inson qadr-qimmati ulug‘lanadigan buyuk va muqaddas yurtda yashayotganiga shukronalar keltiradi. Vatandoshlarimiz xotirasini yodga olish ruhimizni poklaydi, o‘tmishdan saboq chiqarib, bugungi yorug‘ kunlarimizning qadriga yetib yashashga, mustaqilligimizni mustahkamlashdek sharafli mas’uliyatni anglashga undaydi. Maydon uzra qad rostlagan “Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi”da ham o‘n to‘qqizinchi asrning oxirlari va to istiqlolgacha bo‘lgan tarixning noma’lum bo‘lib kelgan haqiqatlarini o‘rganish, ko‘rish, bilish mumkin. Prezidentimizning 2008 yil 5 maydagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi muzeyga kelib-ketuvchilarning ma’lumotlarni to‘liq va mukammal olishlari uchun qator imkoniyat va qulayliklar yaratilishiga zamin hozirladi.
– Muzey dastlab bir gumbazli edi. Bitta eksponat zalidan iborat edi. Bino ayvonini ko‘tarib turish uchun 28 ta ustundan foydalanilgan, – deydi Baxtiyor Hasanov. – Yurtboshimizning 2008 yil 5 maydagi qaroridan so‘ng binoni kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha ishlar amalga oshirildi. Bitta gumbaz qo‘shildi. Ekspozitsiya zali ikkitaga ko‘paydi. Zallar sharq hunarmandchilik an’analariga monand bezatildi. Ayvon bilan o‘raldi. 5 metrli 48 ta ustun muzeyga o‘zgacha mahobat va chiroy baxsh etdi. Muzeyga sayrga kelgan odam kompyuter texnologiyalaridan, multimediya ma’lumot bazalaridan, audio-materiallardan keng foydalanish imkoniga ega bo‘ldi. Zallarda har bir bo‘lim uchun multimediali ma’lumotlar bazasi joylashtirilgan maxsus sensorli kiosklar va hujjatli filmlar yozilgan videomonitorlar o‘rnatilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, mustaqillik bayrami arafasida erishilgan g‘alabalarni nishonlash, bugungi kunimizga shukronalar aytish an’anasi bardavom ekan, Vatan ozodligi uchun kurashgan hamyurtlarimiz yodi va jasorati hamisha qalblarda e’zoz topaveradi.
Bahodir HALIMOV