Tibbiy-ijtimoiy markaz: el sog‘ligi uchun jonbozlik

Barcha sohalarda amalga oshirilayotgan ishlarni, islohotlarni ko‘rib beixtiyor dil yayraydi. Insonlarning ko‘nglida, yuz-ko‘zlarida barq urib turgan shukronalik hissi hur o‘lkamizda tinchlik-barqarorlikning hukmron ekanligidan dalolatdir. Ayniqsa, ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar mamlakatimizda inson manfaatlarining har narsadan ustun ekanini ifodalaydi.

Ortga boqib, bosib o‘tgan har bir kun, har bir odimimizni sarhisob qilsak, o‘sib, rivojlanib borayotganimizni his qilishimiz, tabiiy. Chin yurakdan, bor imkoniyatini ishga solib, oldinga intilayotgan har bir inson borki, bunday taraqqiyot nashidasidan bebahra qolayotgani yo‘q, albatta.

E’tirof etish joizki, mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki yillaridanoq yurt tinchligi, el salomatligini mustahkamlash, jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk avlodni voyaga yetkazishga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 5 martdagi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi hamda 1996 yil 22 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida tibbiy-ijtimoiy patronaj tizimini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq tashkil etilgan “Sog‘lom avlod uchun” fondi Tibbiy-ijtimoiy markazi ham mana bir necha yildirki, ona va bola sog‘lig‘ini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va respublikada barkamol avlodni tarbiyalashga yo‘naltirilgan vazifalarni amalga oshirishda faol ishtirok etib kelmoqda.

Tibbiy-ijtimoiy markaz keng faoliyat yuritishida va mamlakatimizning aholisiga ijtimoiy yordam ko‘rsatib kelishida hukumatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlarning o‘rni beqiyos. Ayniqsa, markaz faoliyatini takomillashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga hukumatimiz tomonidan alohida e’tibor qaratilayotgani ham ehtiyojmand aholiga bepul, sifatli va kengaytirilgan tibbiy-ijtimoiy yordamlar ko‘rsatishda bir qator qulayliklarni keltirib chiqardi. Chunonchi, 2008 yilda Koreya sog‘liqni saqlash fondi – “KOFIH” tomonidan umumiy qiymati 214 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan “HYUNDAI” rusumli “Mobil klinikasi” insonparvarlik yordami sifatida berildi. Pirovardida, Tibbiy-ijtimoiy markaz tasarrufidagi zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan mazkur ko‘chma klinika orqali respublikamizning ekologik jihatdan noqulay va ijtimoiy yordam yetkazib berish qiyin hududlarida istiqomat qiluvchi aholini malakali shifokorlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, sog‘lom turmush tarzi, ona va bola sog‘lig‘ini ta’minlashga qaratilgan davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Shuningdek, qariya va nogironlar holidan xabar olinib, manzilli beg‘araz yordamlar yetkazib berilmoqda. Ayniqsa, 2011 yilda Koreya sog‘liqni saqlash fondi – “KOFIH” tomonidan Tibbiy-ijtimoiy markaz qoshida yangi poliklinika foydalanishga topshirilgani ham aholini beminnat ijtimoiy himoya qilishda hukumatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning yana bir namunasi bo‘ldi. Mazkur binoning qurilishi uchun umumiy qiymati 586 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan mablag‘ sarflandi.

Yana o‘qing:  Anhor bo‘ylarining endi KO‘RKI O‘ZGACHA

Tibbiy-ijtimoiy markazning asosiy vazifalaridan biri fondning hududiy filiallari tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadalarining faoliyatini muvofiqlashtirish hisoblanadi.

Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, tibbiy-ijtimoiy patronaj brigalarining 18 yillik faoliyati davomida respublika bo‘yicha 600 mingga yaqin oila va 3 million 600 mingga yaqin aholining ijtimoiy sharoiti, undagi psixologik muhit, oila a’zolarining, ayniqsa, tug‘ish yoshidagi ayollar, bolalar va o‘smirlarning sog‘lig‘i o‘rganildi.

Tibbiy, ijtimoiy va psixologik yordamga, ijtimoiy-huquqiy muhofazaga muhtoj bo‘lgan ayollar va bolalar o‘z vaqtida aniqlanib, tegishli amaliy yordamlar berilmoqda.

Shuningdek, 2008 yildan Tibbiy-ijtimoiy markaz huzurida “Yosh onalar” maktabi o‘z faoliyatini boshladi. Ushbu maktabda homilador ayollarni tug‘ishga tayyorlash, go‘dakni parvarish qilish, ko‘krak sutining foydali jihatlari bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlar olib boriladi. “Yosh onalar” maktabi o‘tgan 6 yillik faoliyati davomida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi 653 nafar ayolning farzandini muvaffaqiyatli dunyoga keltirishiga omil bo‘ldi.

Muxtasar qilib aytganda, har bir davlatning barqarorligini, dunyo hamjamiyatida mustahkam o‘rin egallashini va uning bardavomligini ta’minlovchi asosiy omil, buyuk qudrat – bu barkamol avloddir. Darhaqiqat, Yurtboshimizning har bir nutqida yosh avlodning erkin va obod Vatanda keng quloch yozib, komil insonlar bo‘lib yetishishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berish talabi qo‘yiladi. Mamnuniyat bilan aytish joizki, shunday farahbaxsh zamonda istiqlol mevasi sifatida mamlakatimiz aholisiga “Farzandlari sog‘lom yurt – qudratli bo‘lur” shiori ostida beminnat xizmat ko‘rsatib kelayotgan Tibbiy-ijtimoiy markaz barkamol avlodni voyaga yetkazishda, oilada tibbiy madaniyatni oshirishda, turli kasalliklarning oldini olishda va davlat dasturlarini hayotga tatbiq etishda bor imkoniyatini safarbar etadi. Qolaversa, o‘z faoliyati doirasida doimo oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalarni to‘laqonli bajaradi, deya ishonch bildiramiz.

Adhamjon USMONOV,

Tibbiy-ijtimoiy markaz rahbari

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: