MA’RIFATGA INTILISH xalqimizning azaliy odatlaridan biridir
Vaqt – oqar suv. Tarix oldida yigirma uch yil ko‘z ochib yumgulik fursat. Lekin ana shu qisqa davr yurtimiz ijtimoiy-ma’naviy hayoti rivoji uchun olamshumul yutuqlarni olib keldi. Istiqlol xalqimizga ozod va obod Vatanda erkin yashash baxtini berdi. Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, odamlarning ongi, dunyoqarashi o‘zgardi, xalqimiz o‘z haq-huquqiga ega bo‘ldi, qadr-qimmatini angladi. Xalqimizning bir paytlar toptalgan qadriyatlari qayta tiklandi.
Oilalarimiz tinch, xonadonlarimiz fayzli. Unda yashovchi odamlar kundan-kun yorug‘ orzu-umidlar bilan tong ottirmoqda. Ayniqsa, yosh avlodning zamonaviy bilimlarni puxta o‘zlashtirayotgani cheksiz quvonch baxsh etadi.
Birgina misol: bundan 20-30 yil oldingi ota-onalar orasida qizini o‘qitib, oliy ma’lumotli bo‘lishini istovchilar juda kamchilikni tashkil etgan bo‘lsa, bugun qizlarimiz har sohada yigitlar bilan yelkama-elka mehnat qilishmoqda.
Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi rahbari Qahramon Quronboyev bilan bo‘lgan suhbatimiz ham yurtimizdagi ana shu o‘zgarishlar, odamlarimiz ongi va dunyoqarashining kundan kun o‘sib borayotgani, bir so‘z bilan aytganda, jamiyatimizdagi ma’naviy-ma’rifiy muhit va yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar xususida bo‘ldi.
– Qahramon aka, ma’lumki, farzand tarbiyasi, avvalo, oiladan boshlanadi. Sog‘lom oiladagina sog‘lom bolalar kamolga yetadi. Ana shu ezgu amallar rivoji yo‘lida Siz rahbarlik qilayotgan markaz tomonidan qanday ibratli ishlar amalga oshirilmoqda?
– Darhaqiqat, farzandlarimiz ma’naviyatiga e’tibor qaratish nafaqat oilaning, balki butun bir jamiyatimizning burchidir. Shu sababdan Markazimiz tomonidan umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari, davra suhbatlari, uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Mahallalarda ham ota-onalar uchun turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning tashkil etilishiga e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, Markazimiz tomonidan viloyatlarda tashkil etilayotgan o‘quv-seminarlar, videoanjumanlar ham o‘z samarasini bermoqda. Xususan, respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklari va O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi hamkorligida “Amalga oshirayotgan islohotlarimizni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyati qurish – yorug‘ kelajagimizning asosiy omilidir” nomli ma’ruzaning barcha ta’lim muassasalarida o‘qitishning nazariy va amaliy jihatlariga bag‘ishlangan videoanjumanlar o‘tkazildi.
Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi tomonidan joriy yilning yanvar oyida hududlardan saralab olingan 140 nafar jamoatchi targ‘ibotchilar uchun ikki bosqichli o‘quv seminari tashkil etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha yordamchilari Respublika Ma’naviyat va Ma’rifat Kengashining 2013 yil 15 noyabrdagi yig‘ilishi bayoniga ko‘ra bevosita, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markaziga hisobdorligi belgilab qo‘yildi. “Navro‘z” umumxalq bayrami munosabati bilan hududlarda shoir-yozuvchilar, olimlar, kino va teatr namoyandalari, estrada xonandalaridan iborat jami 287 nafar targ‘ibotchidan tashkil topgan guruhlar shakllantirilib, ular tomonidan joylarda 1 ming 562 ta ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, jonli muloqot va ijodiy uchrashuvlar o‘tkazildi.
Joriy yilning fevral oyida Buxoro viloyati hokimligi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi hamda uning mintaqaviy bo‘limlari, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi hamda uning hududiy bo‘limlari hamkorligida “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturini keng targ‘ib etish maqsadida “Sog‘lom bola – yorug‘ kelajagimiz asosi” mavzusida respublika ko‘rgazmali seminari tashkil etildi.
– Bugun istiqlol tuhfa etgan tinchlikning qadriga yetish, uni ko‘z qorachig‘idek asrash, turli yot g‘oyalar ta’siridan yoshlarimizni himoya qilish, eng muhimi, xalqimiz ongi va tafakkurining o‘sishida jonbozlik ko‘rsatish, nafaqat yurtimiz ziyolilarining, balki o‘zini mana shu yurt rivojiga daxldor deb biluvchi har bir zamondoshimizning fuqarolik burchidir. Bir so‘z bilan aytganda, odamlarimiz bu hayotiy haqiqatlarni to‘la anglagan holda har jabhada o‘z ma’naviy pozitsiyasini belgilab olmoqda…
– Mushohadalaringizni mazmunan davom ettirsam. Bugungi kunda dunyo miqyosida sodir bo‘layotgan turli noxush voqealarni kuzata turib, go‘zal O‘zbekistonimizda hukm surayotgan tinchlikning naqadar aziz ne’mat ekanligini yana bir bor yurakdan his etamiz. Ayniqsa, turli millat va elatlar istiqomat qilayotgan yurtimizda o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik rishtalarining mustahkamligi kishiga xushnudlik baxsh etadi.
Bugun hech bir yurtdoshimiz mamlakatimiz gullab-yashnashi, uning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborining yuksalishi, turmush darajamizning yanada yaxshilanishi yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy voqeliklardan chetda turgani yo‘q. Mustaqillik bergan keng imkoniyatlar sabab o‘z orzu-maqsadlari yo‘lida tinimsiz izlanmoqda, mehnat qilmoqda. Ayniqsa, tadbirkorlikka berilgan keng imkoniyatlar xalqimiz uchun ayni kutilgan tarixiy voqea bo‘ldi, desak xato bo‘lmaydi. Chunki qadimdan ijodkorlik va mehnatsevarlik qon-qoniga singib ketgan, dunyo miqyosida hunarmandchilik va me’morchilikning tamal toshini qo‘ygan o‘zbek xalqi bu erkinlikdan chin ma’noda zavqlandi, mustaqillikning tub mohiyatini yurakdan his qilgan holda belini mahkam bog‘lab ishga kirishdi. Natijada, yurtimiz bo‘ylab ko‘plab fabrikalar, katta-kichik sexlar, korxonalar ishga tushdi. Ularda bizga faxr ulashuvchi o‘zimizning mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarila boshlandi. Ayniqsa, chet davlatlar bilan hamkorlikda ochilayotgan qo‘shma korxonalar kishiga yuksak g‘urur bag‘ishlaydi. Endi biz qandaydir chet el shaharlariga xomashyo yetkazib beruvchi joydan xalqaro talablarga javob bera oladigan mahsulot ishlab chiqaruvchi yirik industrial davlatga aylandik. Quvonarlisi, bu mahsulotlar ko‘plab xalqaro iqtisodiy anjumanlarda iliq fikrlar bilan qabul qilindi. Yana bir dilga quvonch ulashuvchi jihati shuki, tadbirkorlik natijasida bugungi kunga qadar minglab, millionlab yangi ish o‘rinlari yaratildi va yaratilmoqda.
Bu misollarni bejizga tilga olmayapmiz. Chunki har qanday o‘zgarish, avvalo, inson irodasi va mehnati bilan amalga oshiriladi. Ongi va tafakkuri yuksalmagan, boqimandalik va o‘zibo‘larchilik kayfiyatiga berilgan, asosiysi, shukronalik tuyg‘usi bilan yashamaydigan insondan, xalqdan bunday katta o‘zgarishlarni kutish qiyin. Bugun har bir yurtdoshimiz ana shu tarixiy haqiqatni teran his qilgan holda orzu va maqsadlarini ana shu mezonlar asosida shakllantirmoqda.
– Haqli ravishda aytish kerakki, bugun yoshlarimiz uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlarning sanog‘iga yetish qiyin. Ayniqsa, mamlakatimizda yoshlarga oid qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlarning ko‘lami va davrtalabliligi, mohiyati kishini quvontiradi. Shu o‘rinda markazning mamlakatimizdagi yoshlar bilan olib borayotgan amaliy ishlari haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.
– Joriy yilning Sog‘lom bola yili deb nomlanishi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorining e’lon qilinishidan ham anglash mumkinki, yoshlar masalalari hozirda davlat siyosatining ustuvor jihatlaridan biridir. Olib borilayotgan mazkur izchil ishlar davomi sifatida Markazimiz tomonidan ham bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Markaz va uning mintaqaviy-hududiy bo‘limlari, davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda olimlar, siyosatchi mutaxassislar, ijodkor ziyolilar ishtirokida aholining turli qatlamlari o‘rtasida joriy yilning olti oyi davomida 24 ming 690 ta uchrashuv, suhbat, ma’ruza, savol-javob va boshqa ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Shuningdek, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi qoshida oliy ta’lim muassasalarining “Ma’naviy-axloqiy va tarbiya ishlari” bo‘yicha prorektorlaridan iborat Kengash tashkil etildi. Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi va uning mintaqaviy-hududiy bo‘limlari o‘rtasida tezkor ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish maqsadida Markaz UNICON.UZ DUK tomonidan elektron hujjat aylanishi tizimi (e-hujjat va e-xat) bilan ta’minlandi. Qo‘shimcha ravishda Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazining ezgulik.uz veb-sayti yaratildi.
Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi tomonidan joriy yil davomida 15 nomdagi kitob va uslubiy qo‘llanma, 8 nomda 25 ming nusxada bukletlar, 8 nomda 80 ming nusxada plakatlar majmui tayyorlandi hamda 30 ga yaqin turli dolzarb mavzularda slayd materiallari, yo‘riqnomalar ishlab chiqilib, ta’lim muassasalariga hamda turli vazirlik, idoralar, korxonalarga bepul tarqatildi. Ma’naviy xurujlar, axborot va mafkuraviy tahdidlarning oldini olish, milliy g‘oya targ‘iboti va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan 12 ta respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
Jamila HAYDAROVA
suhbatlashdi