Shifobaxsh mutolaa
turli janrlardagi kitoblar turfa xil kasalliklarga davo ekan
Klassiklarning aytishlaricha kitob mutolaa qilish qalbga huzur bag‘ishlaydi va unga shifobaxsh malhamday ta’sir etadi. Yaqinda shifokorlar bu haqiqatni amalda isbotlashdi. Kitob o‘qish – juda katta ta’sir kuchiga ega ekan.
Liverpul universiteti olimlari Shekspir asarlarini mutolaa qilgan ko‘ngillilarda miya faoliyati faolligi oshganligini maxsus tibbiy uskunalarda kuzatishdi. Poeziya janridagi kitoblar miyaning his-tuyg‘ulariga javob beradigan sohasi faoliyatini oshirib, kishida o‘z-o‘zini nazorat qilishni kuchaytirar ekan. Bu usul bilan tibbiyotchi olimlar turli ruhiy zo‘riqish (stress) holatlari va fobiya (qo‘rquv)larni davolashda samarali foydalanadilar. Shifobaxsh mutolaa bilan har bir inson shug‘illanishi mumkin. Ammo bibliotekaterapiyaning qa’tiy va bosh tamoyillariga amal qilish kerak. Ya’ni, o‘qiladigan asar nafaqat qiziqarli, balki kishini o‘ylashga ham majbur etishi zarur. Bir so‘z bilan aytganda inson o‘qigan kitobidan o‘ziga xulosa yasab, ibrat olishi va o‘z hayot yo‘lini belgilab olishi shart. Shuningdek, kitobdagi bosh qahramon o‘qiyotgan inson ruhiyatiga mos bo‘lishi va o‘zining boshidan o‘tkazgan voqealarga monand voqea-hodisalarni boshidan kechirgan bo‘lishi lozim. Chunki, hayoti o‘xshash qahramonlar turmush tarzidagi voqealar uni bezovta qilayotgan muammolarni bartaraf etishga va o‘zini chetdan kuzatishga hamda xolisona baho berishga undaydi. O‘qilayotgan asar qalbi jarohatlangan insonda hayotga jo‘shqinlik uyg‘otishi yoki unda shirin xotiralar uyg‘otib, qalbiga malham bo‘lishi darkor. Shundagina shifokor kutilgan natijaga erishishi mumkin.
Quyida biz qaysi kasalliklarda qanday kitoblar o‘qish mumkinligini tavsiya etamiz.
Klassik adabiyot: Turli asab kasalliklari, stress holatlari, miyaga o‘rnashib qolgan vasvasa va qo‘rquvlarda bu janrdagi kitoblarni o‘qish bemorda o‘ziga ishonch uyg‘otadi. Birovlarning xatosi insonning o‘z xatolarini anglab yetishda yordam beradi.
Detektiv va sarguzasht asarlar: Diqqatni jamlashni o‘rgatadi. Mantiqni rivojlantiradi. Bosim o‘tirib ishlashda kishida sabr-toqatni tarbiyalaydi. Kuzatuvchanlik kishida atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalarga o‘z fikrini bildirishga undaydi. Asardagi o‘tkir syujetli voqealar kishi ruhiyatida kechayotgan g‘amgin kayfiyat va turli muammolardan chalg‘itadi. Kishini ta’qib etayotgan vasvasa o‘y-fikrlar va turli psixozlarda tavsiya etiladi.
Ilmiy fantastika: Bemorda real voqelik chegaralaridan chiqib, orzu-maqsadlarini amalga oshirishga undaydi. Ya’ni, hayotda mo‘jizalar sodir bo‘lishiga ishontiradi. Patsiyentni qo‘rqmasdan istaklarini amalga oshirishga da’vat etadi. O‘zgalarga ham bemor shu janrdagi kitoblarni o‘qigach yuksak orzular qilishga maslahat beraoladi. Qa’tiy tartib-intizom bilan rejim asosida yashaydigan, bir so‘z bilan aytganda “o‘z qobig‘iga o‘ralib qolgan” insonlarga bu janrdagi kitoblar tavsiya etiladi. Yana turli fobiya (qo‘rquv)larga duchor bo‘lgan odamlarga ham ushbu kitoblar shifobaxsh ta’sir etadi.
Poeziya (she’riyat): She’riyatga qiziquvchan insonlarda she’rdagi qa’tiy ritm – organizmda kechayotgan jarayonlarni mo‘tadil qiladi. She’r inson qalbida ijobiy o‘y-fikrlarni uyg‘otadi. Atrofdagi insonlarga bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lish, insonparvarlik g‘oyalarini shakllantiradi. Poeziya – insonning o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi. She’riy kitoblar depressiya – tushkunlikka tushgan insonlar ruhini ko‘taradi. Logoped mashg‘ulotlarida insult (bosh miyada qon aylanishi buzilishi)ga chalingan bemorlar nutqining buzilishini tuzatishda shifokorlar she’r o‘qishni tavsiya etadi.
Ertak va folklor adabiyoti: Kishida kuzatuvchanlikni shakllantirib, yengil o‘qilgani uchun bu janrdagi asarlar odamlar orasida o‘zaro muloqot qilishni o‘rgatadi.
Bolalarda giperfaollik kuzatilsa, ya’ni, maqsadsiz huda-behuda harakatlarning oldini olishda va yana og‘ir tabiatli, gapga kirmaydigan o‘smirlarni tarbiyalashda qo‘llaniladi.
Falsafiy va diniy adabiyot: Insonning yerdagi o‘rni va koinot, olam va odam mushtarakligi, hayot va o‘lim haqida fikrlashga undaydi. Kuchli va o‘tkir ruhiy zo‘riqish (stress)larda hamda surunkali depressiya (ruhiy tushkunlik)da tavsiya etiladi.