Istirohat bog‘ida iqtidorli bolalar jamlandi
Poytaxtimizning so‘lim maskanlaridan biri G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma uch yilligiga bag‘ishlab, “Sog‘lom bola – sog‘lom yurt kelajagi” nomli madaniy-ommaviy sport tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Toshkent shahar xalq ta’limi boshqarmasi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hamda YUNISEF, istirohat bog‘ining ommaviy-madaniy va sport tadbirlarini tashkil etish bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan ushbu bayram tadbiri yana yangi bo‘lg‘usi sport yulduzlarini kashf etdi.
Poytaxtimiz mahallalarida istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan oilalarning farzandlari hamda “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari ishtirokida shaxmat-shashka, 60 metr uzoqlikka yugurish, arqon tortish, armrestling, stol tennisi, arqonda sakrash kabi sport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda kim chaqqon va kuchli ekani namoyon bo‘ldi. Shuningdek, “Men sportni sevaman” mavzuida asfaltga rasm chizish bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqa bolajonlarga bir olam zavq-shavq ulashdi.
Bog‘ning san’at va sport maydonida tashkil etilgan Respublika “Barkamol avlod” bolalar texnik-ijodiyoti markazi qoshidagi “Turon” bolalar sport jamoasi va bolalar vokal-raqs guruhi, “Voyaj” bolalar ashula va raqs ansambli, G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i qoshidagi qo‘g‘irchoq teatri, “Ulug‘bek yulduzlari” ansambli xonandalarining konsert dasturlari bayram ishtirokchilariga bir olam zavqu shavq ulashdi. Tadbir so‘nggida g‘olib bolalar jamoalariga faxriy yorliqlar hamda qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi.
Osiyo JAYLOBOVA,
O‘zDJTU talabasi