O‘zbekiston – chempionlar Vatani
bu bolalar sportiga berilgan e’tibor samarasidir
Bolam. Xalqimizning o‘ziga xos fazilati, ezgu niyati, maqsad-muddaosi ham ana shu birgina so‘zda jamlangan. Darhaqiqat, azaldan o‘zining bolajonligi bilan nom qozongan elimiz norasidasining kamoli yo‘lida har qanday mashaqqatni yengib o‘ta oladi. Farzandi tolei uchun bor kuchini ayamaydi. Istiqolning ilk yillaridanoq yosh avlod tarbiyasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilishi xalqimizning dilidagi, orzusidagi farovon zamon kelganidan bir nishona edi.
“Hech bir soha mamlakatni sportchalik tez dunyoga mashhur qila olmaydi”, Prezidentimiz mustaqillikka erishgan chog‘imizdayoq shu so‘zlarni baralla aytarkan, yurtimiz ravnaqi, tug‘ilajak har bir bolaning taqdiri uchun yorug‘ sahifani ochib berdi. 2002 yilda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining tashkil etilishi esa qisqa muddatda xalqaro maydonlarda davlatimiz bayrog‘ini baland ko‘taradigan chempion yoshlarning kashf etilishiga zamin hozirladi. Yurtimizning shaharu qishloqlari ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishlab turgan muhtasham sport inshootlari o‘g‘il-qizlar salomatligini mustahkamlash, ularni jismoniy tarbiya va sportga, sog‘lom turmush tarziga keng jalb etishga xizmat qilmoqda.
BU RAQAMLAR HAR BIR BOLA TAQDIRIGA DAXLDOR
O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda 163 ob’yekt, jumladan, 115 bolalar sporti inshootini qurish-tiklash ishlari ko‘zda tutilgan. O‘tgan oylarda Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlarida bir necha bolalar sporti inshootlarini qurish ishlari yakunlandi. Zamonaviy qiyofadagi, eng so‘ngi sport inventarlari bilan jihozlangan mazkur ob’yektlar qishloq joylarda barpo etildi.
Ushbu sport komplekslarini jihozlashga 4 milliard 647 million so‘m,2004-2012 yillarda foydalanishga topshirilgan bolalar sporti inshootlari, maktab sport zallari va suzish havzalarini qayta jihozlash uchun 16 milliard 950 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan bo‘lib, uni yangi o‘quv yiliga qadar joylardagi inshootlarga to‘liq yetkazib berish ko‘zda tutilgan. Mazkur raqamlarni joriy yilning 1 iyul holatidagi vaziyat bilan taqqoslasak bu boradagi ishlar barqaror amalga oshirilayotgani ayon bo‘ladi.
Ta’kidlash joiz, 2014 yilning olti oyi davomida jihozlash dasturiga ko‘ra 2,1 milliard va qayta jihozlash dasturiga asosan 6,4 milliard so‘mlik sport anjomlari hududlarga yetkazib berildi.
– Bolalar sporti inshootlarida o‘g‘il-qizlarimiz nafaqat salomatligini mustahkamlamoqda, balki xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib ona Vatanimizning sha’nini munosib himoya qilmoqda. Jamg‘armamiz mablag‘i hisobidan 2014 yilning o‘tgan davrida yosh sportchilarimiz ko‘plab xalqaro turner va musobaqalarda medallar shodasini qo‘lga kiritib kelmoqda, – deydi O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktorining o‘rinbosari Akmal Bobonov.
HAR QISHLOQNING CHEMPIONI BOR
Hozir shahar ko‘chalarining har qadamida, balki qishloqlarimizda ham qad rostlayotgan zamonaviy futbol maydonchalari gavjumligini ko‘rib, albatta, quvonasiz. Shunday paytlarda bolalik xotiralarim yodimga tushadi. Qishlog‘imizning chang ko‘chalarida ikki katta toshni darvoza qilib futbol o‘ynardik. O‘yin vaqtida shunday holatlar bo‘lardiki, to‘p toshning tepasidan o‘tib ketar, uning golga aylanishi yoki aylanmasligi, qisqasi o‘yin taqdiri ikkala guruh bolalarining qay biri “mushtumzo‘r”ligi bilan aniqlanardi.
Istiqlolimiz sharofati bilan manzara butunlay o‘zgardi. Bugun yurtimizda iste’dod sohiblari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda, ularga sharoit yaratilmoqda, xalqimiz Prezidentimizning yuksak ishonchiga, rag‘batiga sazovor bo‘layotir.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturining uzviy va muhim bo‘lagi hisoblangan “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va “Universiada” musobaqalari iqtidorli sportchilarning yangi-yangi avlodini tarbiyalaydigan, minglab sportsevar yoshlarga unutilmas lahzalarni hadya etadigan, ularning orzularini ro‘yobga chiqaradigan, pirovardida hayot yo‘lini belgilab beradigan tom ma’noda sport bayramiga aylanganini hayotning o‘zi isbotlab turibdi.
Mazkur tizim qanchadan-qancha iste’dodlar uchun kashfiyot maydoniga aylandi. Ularning izidan yana minglab iqtidor egalari yetishib chiqmoqda.
Sportchilarimiz mustaqil jamoa sifatida yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini 1996 yili AQSHning Atlanta shahridagi musobaqalardan boshlagan bo‘lsa, shu kungacha mazkur musobaqalarda beshtadan oltin va kumush, o‘nta bronza medalni qo‘lga kiritdi. Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlaridagi yutuqlarimiz yanada salmoqli bo‘layotgani sportni rivojlantirish borasidagi tizimli ishlar naqadar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganining samarasidir.
O‘zbekistonga yozgi Olimpiya o‘yinlarining birinchi oltin medalini keltirgan bokschi Muhammadqodir Abdullayevning yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘targan holat hali-hanuz ko‘z oldimizdan ketmaydi. Shaxmat bo‘yicha 17-jahon chempioni Rustam Qosimjonov yoki o‘zbek qizlari o‘rtasida birinchi xalqaro grossmeyster Nafisa Mo‘minova, og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempioni Ruslan Nuriddinov kabi sportchilarimizni bugun butun dunyo taniydi, ularning yuksak salohiyatiga tan beradi.
Ana shu aka-opalariga havas qilib, jahon arenalarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilish, yurt sha’nini ulug‘lashdek oliy maqsadni beg‘ubor qalbiga joylagan yosh sportchilarimizning musobaqalarda erishayotgan natijalari tahsinga loyiq. Ularning qo‘lga kiritgan medallarini sanab ham, hisoblab ham adog‘iga yetish qiyin.
SPORT VA SALOMATLIK
Sport – salomatlik demakdir. Buning amaliy tasdig‘i sifatida o‘tgan davrda o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkir respirator virusli infeksiyalar, pnevmoniya (zotiljam), bronxit, skolioz bilan kasallanish holatlari sezilarli darajada kamayganini, mamlakatimizning barcha hududlarida bolalar salomatligi yaxshilanishi kuzatilayotganini ta’kidlash mumkin.
Yana bir muhim natija shundan iboratki, so‘nggi o‘n yilda 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida o‘rtacha vazn ko‘rsatkichi 43 kilogrammdan 47 kilogrammga, qizlar o‘rtasida esa 44 kilogrammdan 48 kilogrammga ortgani kuzatilmoqda.
Bolalarning bo‘yi esa o‘g‘il bolalar o‘rtasida o‘rtacha 3 santimetrga, qiz bolalar o‘rtasida esa 2,9 santimetrga o‘sgani aniqlangan. Ta’kidlash joizki, hozirgi vaqtda 92 foiz o‘g‘il-qizlarimizning vazni va bo‘yiga doir ko‘rsatkichlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartlariga to‘la mos keladi.
Ayni vaqtda bu raqamlar sport bilan muntazam shug‘ullanish o‘sib kelayotgan yosh avlodning salomatligi va jismoniy rivojlanishiga naqadar katta ta’sir ko‘rsatayotganining yana bir yorqin dalilidir.
SAKKIZIGACHA SARA BO‘LGANLAR
O‘tgan yili shaxmat bo‘yicha 8 yoshgacha o‘g‘il bolalar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lgan Nodirbek Abdusattorovga havas qilmagan bolani topish qiyin. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay Gretsiyaning Kavala shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan rapid va blits shaxmat bo‘yicha jahon chempionatida Islombek va Javohir Sindorovlar ikkitadan oltin medalni qo‘lga kiritib, o‘zbek yoshlari salohiyatini yana bir bor butun dunyoga namoyish etdi. Yosh jahon chempionlari Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy kompyuterlar bilan taqdirlandi.
Bunday quvonchli voqealarning deyarli har kuni bo‘layotgani o‘zbek sportining jahon miqyosida yuksak pog‘onaga chiqqanidan dalolatdir. Ha, bunday natijalarga o‘z-o‘zidan erishilmagani, uning zamirida tinimsiz mehnat, har jihatdan puxta o‘ylangan, keng qamrovli va tizimli chora-tadbirlar mujassam ekani ayni haqiqatdir.
Dunyoga o‘z yurtini tanitayotgan bu yosh bolalar yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanayotganidan darakdir. Shuni ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Shaxmat bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar olimpiya zahiralari sport maktabi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori yuqoridagi so‘zlarimizning tasdig‘idir.
Erkin va obod, tinch va osoyishta yurtda voyaga yetayotgan o‘g‘il-qizlar o‘z hayotini Vatani ravnaqi, el-yurtining obro‘siga daxldor, deb bilishi tayin. Bu yo‘lda bilim va salohiyatini, iste’dodu iqtidorini ayamaydi.
Ayni kunlarda Xitoyning Nankin shahrida o‘smirlar o‘rtasidagi II Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu nufuzli sport anjumanida muvaffaqiyatli ishtirok etib, jonajon O‘zbekistonimiz mustaqilligining 23 yilligiga munosib sovg‘a hozirlashlarini o‘smir yigit-qizlarimizdan kutib qolamiz.
Navro‘z NORBOBOYEV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri