Kavkaz tog‘larida: O‘ZBEKISTON
O‘zbekiston Respublikasi 1991 yil 31 avgustda mustaqil deb e’lon qildi. O‘sha paytda Rossiyadagi mamlakatimizning bir parcha yeri – “O‘zbekiston” sihatgohida edik. Biz o‘zbekistonliklar xabarni telefon orqali eshitgan bo‘lsakda, kechqurun “Vremya” teledasturini intiqlik bilan kutdik. Yo‘lakdagi dam olish maydonchasiga qo‘yilgan televizorga barchaning nigohi qadalgan, xonaga sukunat cho‘kkan edi. Moskva orqali xushxabar e’lon qilinganida barcha yurtdoshlarimiz qarsak chalib yubordi. Bir-birini qutlashdi. Yonimda turgan o‘g‘lim quvonchimiz sababini so‘radi. “O‘g‘lim, xalqimizning yuz yillik orzusi amalga oshdi”, dedim ko‘zlarimda beixtiyor yosh qalqib. O‘zbekiston mustaqilligi Ona xalqimizga XX asr so‘ngida nasib etgan ulkan tarixiy g‘alaba ekanligini tushuntirdim.
Darhaqiqat, o‘tgan yigirma uch yil xalqimiz mustaqil taraqqiyot yo‘lini belgilab olgani, tanlagan yo‘li – tinchlik, bosqichma-bosqich taraqqiyot yo‘li to‘g‘ri yo‘l ekanligini isbotlay oldi. Bugungi kunda rivojlanishning “o‘zbek modeli”ni dunyo e’tirof etmoqda. O‘zbekiston 250 dan ortiq davlat bilan diplomatik aloqa o‘rnatdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti binosida bayrog‘imiz hilpirab turibdi. Mustaqillik yillarida respublikada paxtachilik, g‘allachilik, chorvachilik, pillachilik, meva-sabzavotchilik sohalari, sanoatning gaz, neft, qimmatbaho metallar qazib chiqarish turlari keng rivoj topdi.
Men Rossiyaning Stavropol o‘lkasida joylashgan Kislovodsk shahridagi “O‘zbekiston” sanatoriysiga yigirma uch yil o‘tib borganimda buni yana bir marta qalbdan his etdim. Millatimizning mashhur sarkardalari Jaloliddin Manguberdi va Amur Temur bobolarimizning qadamlari yetgan tog‘lar bag‘rida mamlakatimizning bir parchasi – dam olish maskani borligi va u yanada obod bo‘lgani dillarni yashnatadi.
“Minvoda” aeroportidan chiqiboq, “O‘zbekiston” sanatoriysi” deb yozilgan mashinaga ko‘zimiz tushdi. U ko‘ngillarga yorqinlik bag‘ishladi. Dam olish maskanining peshtoqida ona tilimizda yozilgan “O‘zbekiston” sanatoriysi yozuvi va yurtimizning ramzi – bayrog‘i va gerbini ko‘rganimizda qalbimizni beixtiyor faxr tuyg‘usi chulg‘ab oldi. So‘lim maskanda hordiq chiqarayotgan yurtdoshlarimiz o‘zbekona lutf bilan “xush kelibsiz” deganlarida yanada yayrab ketdik.
Tabiat mo‘jizasi, shifo manzili, kurortlar shahriga aylangan – Kislovodskda o‘ttiz sakkizta sanatoriy joylashgan. Ularning biri – “O‘zbekiston” sihatgohidir. U o‘rmon-parkning xushmanzara joyida bunyod etilgan. Havosi rohatijon, yam-yashil archalar hidi ayvon orqali xonalarga ufurib, dilga xushkayfiyat baxsh etadi. Sharqiroq soyning toshlarga urilib, billurdek tovlanib oqishi ruhiyatga osoyishtalik olib kiradi.
Bizning dam olish maskanimiz ham o‘z navbatida kelinchakdek bezangan o‘rmon hududiga alohida ko‘rk bag‘ishlab turibdi. Jonajon Vatanimizning bir bo‘lagi bo‘lmish Kislovodskdagi “O‘zbekiston”imizning hayratomuz go‘zalliklari bepoyon moviy osmonga intilgan, tog‘lar bilan bo‘ylashgan sarvqomat daraxtlar, oy bilan chiroy talashgan gullar, milliy ruh bilan bezatilgan yo‘laklar so‘lim oromgohga yanada ko‘rkamlik baxshida etgan. Dam olish maskanining orqa eshigidan shunday o‘rmonga yo‘nalasiz va “Billur buloq” yodgorligiga duch kelasiz. Uning bir tomonida ikki buyuk ijodkor Pushkin va ikkinchi tomonida esa Lermontovga qo‘yilgan yodgorlik qad rostlagan. Bu yerlar ulug‘ shoirlarning qadami yetgan va ijod manbai bo‘lgan makondir.
Ijodkorlarning poyqadamida gullarning bellashib, chiroy talashib turishi ham tasodif emas, albatta. O‘rmon tabiati – gulzorlaru bog‘-rog‘lar, xush manzaralar inson va uning qadoq qo‘li, qaynoq qalbi hamda nozik didining mahsulidir. “O‘zbekiston” sanatoriysi esa o‘zbek xalqining baxtli turmushi, farovonligi va ijodkorligi, tashabbuskorligi timsolidir! Zero, tabiat o‘z quyoshi bilan, inson tafakkuri, ijodiy faoliyati bilan ajralib turadi.
“O‘zbekiston” sanatoriysining o‘ziga xos an’analari bor. Ularning avvali toza havo, shifobaxsh “Narzan” bulog‘i suvi hamda tibbiy muolajalardir.
Oromgohning orqa eshigidan o‘rmonga chiqib, billurdek tovlanayotgan soy yoqalab borib shifobaxsh suvdan qonib ichamiz. Bu borada vrachlar ham dam oluvchilarga hamfikr, hammaslakdir. Xizmatga shay sanatoriy xodimlari turli millat vakillari bo‘lib, ularning maqsadu muddaosi yagona – millatning yuzi bo‘lgan bu maskanda buyuk Vatanimizga munosib xizmat ko‘rsatish, sihatgohning go‘zal, rang-barang gullariga hamohang yaxshi kayfiyat baxsh etishdir.
OROMGOHLAR ShAHRI
Kislovodsk Kavkaz tog‘lari bilan o‘ralgan shahar bo‘lib, kavkaz-abazin tilida maftunkor degan ma’noni anglatadi. Kavkaz tog‘larining adrlarida joylashgan Kislovodsk nafaqat Stavropol o‘lkasida, balki butun jahonda eng mashhur kurort shaharlardan biridir. Yessentuki, Pyatigorsk, Jeleznovodsk shaharlari u bilan yonma-yon joylashgan. Kislovodskning shahar shaklida tashkil topganiga ko‘p bo‘lmadi, endigina ikki yuz yil to‘ldi. Uni Kislovodsk kurort-shahar ma’muriyati boshqaradi. Bu yerda 95dan ortiq shifo va dam olish maskanlari mavjud. O‘ttiz sakkizta sanatoriy, 12ta pansionat, 4ta klinika va 39ta mehmonxona va undan tashqari mini mehmonxonalar ham mavjud. Kurortlar makonida mamlakatimizning shifo maskani ham borligi, albatta, bu yerga kelgan yurtdoshlarimiz qalbini g‘ururga to‘ldiradi.
Aholisi. Kislovodsk nafaqat shifo maskanlari bilan mashhur, balki ko‘p millatli aholisining do‘stona yashayotgani bilan ham e’tiborga molikdir. Bu yerda turli mazhab va millat vakillari yashaydi. Asosiy aholisi diniy mazhab bo‘yicha nasroniy va musulmonlardan tashkil topgan. Shaharda 13 ta milliy madaniyat markazi bor. 2 ta slavyan, nemis, qorachoy, grek, osetin, abazin, ozarbayjon, arman, dog‘iston, yahudiy, adigey va gruzin xalqlarining madaniy markazlari faoliyat yuritadi.
Tabiati ham o‘ziga xos. Kechqurun yomg‘ir yog‘ib, ertalab quyosh porlab turadi. Shuning uchun ruslar bu yerni quyoshli o‘lka deyishadi. Diyorimizdagi kabi to‘rt fasl to‘rt fazilatni o‘zida namoyon etib, turli ko‘rinishda tovlanib ko‘zni quvontiradi. Kishilari yil davomida archalar ifori ufurib turgan havodan nafas oladi. Mamlakat tabiatida, aholisining urf-odatlarida, turmush tarzida betakror rang va ohanglar mavjud. Kavkaz xalqining shiori go‘yo ”Birdamlik – rang-baranglikda” degandek tuyuladi.
Tili. Ko‘p millatli shahar xalqlarining umumiy tili – rus tili. Shahar xalqining ko‘p tilli ekanini o‘rmonning malikasi turli-tuman archalarga mengzayman. Turfa millatli do‘stona yashayotgan xalqni rus tili uyg‘unlashtirib turadi. Archalarga kelsak, turli tuman shaklli, rang-barang archalar bitta yashillikda mujassamlashgan. Ularning ba’zilari baxmal guldek turli xil tovlanadi, faqat yam-yashil, ba’zilari baxmaldek yumshoq, ba’zilari bizning o‘lkalarda ko‘p o‘sadigan nina bargli daraxtlardir. Ular go‘yo yuqorida ta’kidlaganimizdek Kavkazning turli fe’lli, turfa tilli odamlariga o‘xshab ketadi.
Shahar kezar ekansiz, bozoru do‘konlarining peshtaxtalarida turkiy tilimizga o‘xshash so‘zlarni ham uchratish mumkin. Sotuvchilari bilan o‘zbekcha suhbatlashamiz, deyarli ko‘pchiligi tushunadi.
ATIRGULLAR VA ARCHALAR VODIYSI
Inson turfa tilli, turfa shakl-shamoyilli bo‘lganidek atirgullar ham turli-tuman ekanligini ana shu vodiyda his qilasiz. Bu yerda atirgulning yuzlab turlari mavjud bo‘lib, barchasi qizil va oq rangda. Bu ikkala rangning ko‘pligini ko‘rib lol qolasiz. Ular bir-biridan na faqat shakli-shamoyili balki, qizil va oq-sariq ranglarining turfaligi bilan ham ajralib turadi. Ularni o‘rab turgan bulut bilan bo‘ylashayotgan archalar ham atirgullardek shakl-shamoyilga ega. Ushbu qaddi tik archalarning shoxlariga e’tibor bersangiz, ular ham atirgullardek qat-qat tovlanib o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Beixtiyor hayratga tushamiz. Bu mo‘jizamikan yoki inson qo‘li bilan yaratilgan yangi bir daraxt navi?! Bu yerda archadan g‘orlar yasalgan. Bu maskanda archadan tonnellar bunyod etilgan. Archadan yana betakror ayvonlar qad rostlagan bo‘lib ko‘zni qamashtiradi. Ularning biri nina bargli, biri yashil gulga o‘xshaydi, biri yashil archaga tonggi qirov tushgandek kayfiyat uyg‘otadi. Yana birining ulug‘vorligidan ko‘z uza olmaysiz. Soyasida yuzlab odam dam olishi mumkin. Tanasiga o‘nlab quchoq birlashsa yetmaydi. U donishmand nuroniyni eslatadi. Ularning yonida pastakkina dum-dumaloq pufakdek bo‘lib o‘sgan archalar ko‘zga tashlanadi. U “donishmand archa”ning yonida bo‘y cho‘zayotgan bolani yodga soladi. Betakror manzarani kuzatar ekanman, beixtiyor biz bilan birga dam olayotgan, sobiq tuzum zamonida Pskent tumanida ishlagan rus ayoli Larisaxonimning so‘zlari xayolimga keladi. “Men O‘zbekistonda uch yil yashab, donishmand xalqingizdan uch hikmatni o‘rgandim: mansab – sarob. Cho‘lda sarob suvdek ko‘zga tashlanadi, uning ketidan borsang aldaydi, adashtiradi. Boylik – qo‘lning kiri. Vaqtida yuvib tashlamasang xastalik chaqiradi. Dunyoning ustuni – mehr-muhabbat! Mehrli oilada sog‘lom avlod kamol topadi. Boylik aslida salomatlik va farzandlardir. Zero, farzandlar kelajakda tarix g‘ildiragini aylantiradi.
Rossiyaga qaytgach, bu katta donishmandlik ekanligini angladim. Zero, mansab ham, boylik ham o‘tkinchi, qariganda belingni quvvati, ko‘zingning nuri farzandlaring ekan. Kengroq sharhlasak, mamlakatning tayanchi, suyanchi ham o‘g‘il-qizlarimizdir.
– Men O‘zbekistonni, uning donishmand, bolajon xalqini qo‘msaganim uchun “O‘zbekiston” sanatoriysiga keldim. Bu imkoniyatni bolalarim tuhfa etdi – dedi u samimiy.
Darhaqiqat, jahonni o‘rganmay, dunyoni tanimay turib kishi, o‘zligini tan olmaydi. O‘zligini tanigan odam har taraflama uyg‘un rivojlangan insondir. Barkamol shaxs va sog‘lom avlod xalqlarning go‘zal tajribasidan, umuminsoniy qadriyatlaridan o‘rganib, o‘zining ildizlariga – xalq salohiyatining munosib o‘zanlariga, asrlar davomida qaror topgan axloqiy mezonlarga suyanib, o‘ziga xos, o‘ziga mos yo‘lni tanlab oladi. Agar e’tibor bersangiz nafaqat odamzotning, balki millatlarning, davlatlarning ham yashash tarzi, yuksalish a’mollari ana shundan iborat. Izlanish, o‘rganish, yaratish… deyman unga.
Darhaqiqat, Larisaxonim so‘zlarini amalda isbotlaydi. Dam olish maskanida muntazam Botir Zokirov qo‘shiqlari yangrab turardi. U o‘zbekcha xirom bilan ohista raqsga tushadi. “Bu mening sizning xalqingizga bo‘lgan mehr-muhabbatim ramzi”, deya tabassum bilan tavoze ko‘rsatadi.
(Davomi kelgusi sonda).
Ra’no Zaripova,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist