Epli qizlarning iqtidori namoyishi
Poytaxtimiz markazida joylashgan “Yoshlar ijod saroyi” bayramona ko‘rinishda bezatilgan. “Hayotim bezagi, jonajon sport!” deb nomlangan ko‘rgazmadan o‘rin olgan kuboklar, diplomlar va medallar shodasiga ko‘zingiz tushib, beixtiyor ularning egalariga havasingiz keladi. Ular sport sohasidagi yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan qizlardir.
Yaqinda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan BMTning “Aholishunoslik” jamg‘armasi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma uch yillik bayramiga bag‘ishlangan va 12 avgust – xalqaro Yoshlar kuni munosabati bilan “Yagonasan, muqaddas Vatanim, sevgi va sadoqatim senga baxshida, go‘zal O‘zbekistonim!” shiori ostida “Muhabbatim senga, ona Vatanim” nomli bayram tadbiri o‘tkazildi.
Hozirda butun dunyoda 75 millionga yaqin qiz ta’lim olish huquqidan mahrum. Ularning aksariyati 14 yoshgacha bo‘lgan qizlar ekanini ma’lumot o‘rnida keltirish joiz.
Yurtimizda esa hali 15 yoshga to‘lmagan 200 nafardan ziyod qiz orasida Osiyo chempionlari, adabiyotga ixlosi baland ijodkor hamda ilm-fan vakilalari, san’atkor va rassomlar borligi qalbimizga faxr bag‘ishlaydi. Buning barchasi yoshlarning huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatining ustuvorligini anglatadi.
– Biz mustaqil O‘zbekistonning baxtiyor yoshlarimiz. Negaki, bizning bilim olishimiz, sport bilan shug‘ullanishimiz, xohlagan oliy ta’lim maskanlariga o‘qishga kirib o‘qishimiz uchun davlat tomonidan barcha sharoitlar yaratilgan. Men to‘rt yoshimdan badiiy gimnastika bilan shug‘ullana boshlaganman. Onam, ham ustozim Saodat Naimova gimnastikachi bo‘lgani uchun shu sport yo‘nalishiga qiziqqanman. Ustozim Rima Xoxlovadan bu sport turining sirlarini qiziqish bilan o‘rgandim. 2011 yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori bo‘ldim. 2014 yilda Buxoro Davlat universitetining jismoniy tarbiya va sport fakultetiga o‘qishga kirdim. Niyatim – sport ustozi bo‘lish, – deydi qator xalqaro va Osiyo chempionatlari g‘olibi, 100 ga yaqin oltin, kumush va bronza medallari sohibasi buxorolik Sarvina Holiqova.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova so‘zga chiqdi.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri