Hayotni asrash omillari
yoki qutirishdan qutilish yo‘llari
Bolalar jonivorlarni yaxshi ko‘rishadi. Ba’zan ular kattalar nazoratisiz qolishsa ko‘cha-ko‘yda yurgan daydi it-mushuklarni ham silab, ularga mehr ko‘rsatishga harakat qilishadi. Ammo, bu jonzotlarning ko‘pchiligi kasal bo‘lishi mumkin. Shuningdek, ularning yunglarida gijja urug‘lari va tanasida zararli kanalar bo‘lishi ehtimoli bor.
Ba’zi hayvon va odamlarda uchraydigan o‘ta yuqumli va o‘tkir kasallik sanalmish quturish “gidrofobiya” ham deb atalib “suvdan qo‘rqish” degan ma’noni anglatadi. Kasallikni qo‘zg‘atuvchi filtrlanuvchi neyrotrop virus bo‘lib, uni dastlab 1884 yilda fransuz olimi Lui Paster kashf etgan. U quturish kasalligiga qarshi vaksina ishlab chiqqan va bu em dori it, bo‘ri tishlagan odamlarda quturishga qarshi vosita sifatida birinchi bor qo‘llangan. Neyrovirus o‘z nomi bilan eng avvalo asab tizimiga kuchli ta’sir qiladi, uni falajlaydi.
Kasallik virusining saqlovchisi va manbalari yovvoyi va yirtqich tulki, bo‘ri, chiyabo‘ri, uy hayvonlaridan ot, tuya, it, mushuk, shuningdek, kalamush, sichqon, yumronqoziq, ko‘rshapalaklar, qushlar hisoblanadi. Virus quturib o‘lgan hayvonlarning chiriyotgan murdalarida, ayniqsa qish oylarida bir necha haftagacha saqlanadi. Kasallik odamga daydi va qarovsiz hayvonlar tishlaganida, uning so‘lagi yoki zarrachalari terining tirnalgan, jarohatlangan sohasi yuzasiga, og‘iz-burun, lab, ko‘z, shilliq pardasiga tushganida yuqadi. Keyin virus asab tolalari bo‘ylab organizmga tarqaladi, bosh va orqa miyadagi o‘zi tanlagan maxsus joydan makon topadi.
Kasallikning yashirin davri hayvonlarda 14-16 kun, odamlarda esa 8-10 kundan bir necha hafta, hatto 30-90 kun, bir yilgacha davom etishi mumkin. Qolaversa, bu muddat quturgan hayvon odam tanasining qaysi sohasini, yuqori va pastki qismlarini qay darajada jarohatlaganiga ham bog‘liq. Tananing yuqori qismi, ayniqsa, yuz, bo‘yin, yelka va qo‘l sohalari shikastlansa, bu juda xavfli hisoblanadi. Chunki, bu joylarda qon tomirlar nihoyatda sertarmoq bo‘lib, organizmga kirgan infeksiyaning tezda tarqalishi va kasallik belgilarining qisqa fursatda paydo bo‘lishiga olib keladi. Agar tananing quyi qismi shikastlangan bo‘lsa, kasallik belgilarining namoyon bo‘lishi biroz kechikadi. Shunga ko‘ra shifokor muolaja tadbirlarini to‘liq yoki qisqartirilgan shaklda belgilaydi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, kasallik hayvondan hayvonga, hayvondan odamga o‘tadi, lekin odamdan odamga o‘tmaydi. Tabiiyki, kasallik turlari hayvonlarda va odamlarda o‘ziga xos, turlicha kechadi. Ilmiy-tibbiy, statistik ma’lumotlarga qaraganda, boshqa hayvonlarga nisbatan quturish kasalligiga ko‘proq moyillik va uni yuqtirishning 63 foizi itlar bilan bog‘liq ekan.
Kasallikning dastlabki davrida it og‘zidan ko‘plab miqdorda so‘lak ajrala boshlaydi, u tez-tez o‘qchib, qusadi. Boshqa bir holatlarda itning ko‘zi qonga to‘lib, hech narsani ko‘rmaydi, g‘ilay bo‘lib qoladi, “tiq” etgan shovqin, sharpadan ham qo‘rqib (akustofobiya), o‘zini qayoqqa qo‘yish, urishga joy topa olmay, bezovtalik bilan u yoq-bu yoqqa tez yuguradi, yo‘lidagi yeb bo‘lmaydigan hamma narsa: tosh, latta, kesak, hatto panjaralar, zanjirni ham og‘ziga olib, g‘ajishga kirishadi. Xuddi pashsha tutayotgandek tumshug‘ini osmonga ko‘tarib, bo‘g‘iq ovozda uvillaydi, huradi. Keyin jag‘i, yutish mushaklari, oldingi va orqa oyoqlari falajlanib, boshi, bo‘yni osilib, dumi qisilib, suv ichishdan (gidrofobiya) va nafas olishdan (aerofobiya) qo‘rqadi. Chunki, mushaklari va tomirlari tirishib tortishadi, nafas olishi, yurak faoliyati tobora yomonlashadi va nihoyat it og‘ir ahvolda o‘ladi.
Agar biror hayvon odamni tishlasa, qopsa, terisini tirnasa yoki unga so‘lagi tegsa, o‘sha zahotiyoq, jarohat yuzasini oqib turgan kir sovunli suv bilan yuvish, atrofiga yod eritmasini surtib, ustiga toza, steril bog‘lam qo‘yish, shikastlangan odamni zudlik bilan tibbiy muassasalar, travmatologiya bo‘limlarida faoliyat ko‘rsatayotgan maxsus shifokor-rabiologga ko‘rsatish zarur.
Muammoning yana bir muhim jihati shuki, xo‘jalik va xonadonlardagi barcha katta-kichik hayvonlar veterinariya xizmati xodimlari tomonidan hisobga olinishi, ular har yili quturish kasalligiga qarshi albatta, emlanishi zarur.
Iskandar RAHMON