Hunar – farovon turmush asosi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD)ning “Tashqi savdoga ko‘mak va O‘zbekistonga investitsiyalar jalb etish” loyihasi doirasida mahsulot sifatini oshirish, ishlab chiqarish jarayonini yaxshilash, savdoni rivojlantirishga ko‘maklashish borasida tadbirkorlarning bilimini oshirish orqali tadbirkorlikni rivojlantirishga amaliy yordam berib kelinmoqda.

Risliqxon Jo‘rayeva Namangan viloyatida hunarmand oilasida tavallud topgan. U ancha yillar umumta’lim maktabida fizika fanidan saboq berdi. Keyinchalik ota-onasi hunarini davom ettirish hamda oila farovonligini ta’minlash maqsadida tadbirkorlik faoliyatiga mehr qo‘ydi. To‘rt nafar farzandini ham kasb-hunarli etib voyaga yetkazmoqda.

Namangan viloyatining Uychi tumanida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ish yuritayotgan Risliqxon opa to‘rt nafar tikuvchi ayol bilan birga mazkur tashkilotga milliy mahsulotlar sifatini yaxshilash va ko‘paytirish uchun “Qo‘li gul chevarlarni birlashtirish loyihasi” bilan murojaat qildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) tashkilotchilari ularning fikrini qo‘llab-quvvatlab ham moddiy ham ma’naviy yordam ko‘rsatdi. Shu tariqa “Hunarmandchilikni rivojlantirish va savdosiga ko‘maklashish markazi” tashkil etildi. Yangi tashkilotning mahsulotlari ajralib turishi uchun o‘zlarining ramziy belgisini ham ishlab chiqdilar. Bugun opa “Hunarmandchilikni rivojlantirish va savdosiga ko‘maklashish markazi” rahbari.

Mahsulotlar sifatini yaxshilash borasida BMTTD tomonidan kashtachilik va tikuvchilik dastgohlari sotib olindi. Kashta tikish uslublarini ayollarga va yoshlarga o‘rgatish borasida treninglar uyushtirildi. Qolaversa, BMTTD tomonidan hunarmandlar mahsulotlari savdosiga ko‘maklashish maqsadida Toshkentda bo‘lib o‘tgan ikki turdagi maxsus “Bazaar Art” yarmarkasida ular ishtiroki moliyalashtirildi.

Markaz o‘z mahsulotlari bilan ilk bor 2012 yilning may oyida Toshkentdagi “Interkontinental” mehmonxonasida, so‘ng shu yilning iyul oyida poytaxtdagi “Dedeman Silk Road” mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmada ishtirok etdi.

Ko‘rgazmada 200 nafardan ziyod hunarmand orasida mazkur markazning uch nafar xodimi 80 turdagi mahsulotlarini namoyish qildi. Besh nafar hunarmandning 20 turdagi mahsulotlari sotildi.

Ushbu markaz mahalliy hokimiyat, Mahalla jamg‘armasi hamda Nogironlar jamiyati bilan hamkorlik qila boshladi. Bugungi kunda markazda 10 nafar imkoniyati cheklangan ayol samarali mehnat qilmoqda. Qo‘li gul tikuvchilar milliy mato – adrasga kashta tikadilar. Ularning yaratayotgan mahsulotlarini san’at asariga mengzash mumkin. Xorijlik mehmonlar tomonidan bu mahsulotlarga talab katta. Jumladan, Uychi tumanidagi imkoniyati cheklangan hunarmand qiz Zuhraning tikkan sumkalari Yaponiya va Koreyadan kelgan mehmonlar tomonidan sotib olindi.

Yana o‘qing:  YOSHLAR – SOG‘LOM TURMUSH TARZI TARAFDORI

– Markazimizda ishlayotgan hunarmand ayollarga imkon qadar barcha sharoitlarni yaratib berishga harakat qilayapmiz. Mehnat jarayonining uzluksizligini ta’minlash maqsadida xom ashyoni o‘z vaqtida yetkazib bermoqdamiz. Uyda ishlaydigan hunarmandlarimizga kelsak, ular oldidagi eng katta muammo — tayyor mahsulotni sotish edi. Biz hamkorlik shartnomalarini imzolab, ularga mahsulotlarini sotishda ko‘maklashayapmiz. Kelajakda markazda ish hajmini oshirib, xodimlar soni 30 nafarga yetkaziladi. Bundan tashqari uyda kasanachilik bilan shug‘ullanayotgan hunarmand ayollar soni ham kamida 100 nafarga yetkaziladi, – deydi Risliqxon opa Jo‘rayeva. Shu kunga qadar ish faoliyatimizni o‘zimizdagi tikuv uskunalari bilan yuritgan bo‘lsak, endilikda davlatimiz tomonidan biz tadbirkorlarga yaratilgan imkoniyatlar tufayli hozirda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vazirligi hamda BMTTDning qo‘shma loyihasi yordamida mazkur yo‘nalishda faoliyat yuritishimiz uchun eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy dastgohlar olib berildi. Yaqin orada ularni o‘rnatamiz va umid qilamizki, tez orada bu o‘z mevasini beradi, bizning mahsulotlar endi nafaqat yurtimiz bozorlarida, balki jahon bozorida ham yetakchi o‘rin egallaydi – deydi mamnuniyat bilan R.Jo‘rayeva.

Hunarmandchilikni rivojlantirish va savdosiga ko‘maklashish markazida bugungi kunda 20 nafar hunarmand ayollar mehnat qilishmoqda. Bundan tashqari o‘nlab qizlar o‘z uylarida mehnat qilib, shartnoma asosida o‘z mahsulotlarini mazkur markaz orqali sotishmoqda. Demak, oila farovonligi, farzandlar rizqi-nasibasi ortmoqda, natijada oila mustahkamligi ta’minlanmoqda. Ana shunday mehnatsevar kishilar haqida eshitsangiz “Hunar, hunardan unar”, deb xalqimiz bejiz aytishmaganiga ishonch hosil qilasiz.

Nilufar Shermatova

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: