DEMOKRATIYa VA ADOLAT KAFOLATI
Mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimovning “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” rasmiy nashridan ikki yarim yillik (1989 yil 24 iyun – 1992 yil 4 yanvar) ulug‘vor davrdagi ma’ruza va nutqlari joy olgan. Ikki yarim yil. Katta tarix oldida kichkina bir davr hisoblanadi.
Bo‘lajak mustaqil O‘zbekiston uchun eng sinovli, eng og‘ir va eng mas’uliyatli davrlar bo‘lganligini kitobdagi har bir satrni o‘qib his etasiz. Unda aytilgan so‘zlar, fikrlar va o‘z vaqtda zudlik bilan amalga oshirilgan ishlar 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga asos bo‘lganligini, mamlakatimizning mustaqil taraqqiyoti uchun huquqiy zamin yaratganini, shu bilan birga demokratik rivojlanishning poydevori bo‘lib xizmat qilganligini qayta-qayta his qilamiz. Kitobdagi ma’ruzalarda bildirilgan fikr va mulohazalar, Mamlakatimiz Prezidentining Qarori va farmonlari Konstitutsiyamizda belgilangan huquqiy normalarning zamini va asoslari edi, desak xato bo‘lmaydi.
Kitobni o‘qib, davrni kuzatsak, yurtimizdagi mavjud holatni tubdan o‘zgartirish, O‘zbekistonni nafaqat iqtisodiy balki tom ma’nodagi suveren va mustaqil, kelajagi buyuk davlatga aylantirish, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lib, dunyo hamjamiyatidan mustahkam o‘rin egallash, xalqimiz uchun dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagan hayot sharoitlari yaratishdek bugungi kunda real voqelikka aylangan ulug‘ maqsadlarning tamal toshi o‘sha yillardayoq qo‘yilganligi yaqqol aks etib turibdi.
Masalalarning aynan shunday qo‘yilganligi to‘g‘ri bo‘lganligini bugungi kun va bosh qomusimizda belgilangan har bir modda ham belgilab turibdi.
Konstitutsiya barcha fuqarolarning qonun oldida huquqiy tengligini hamda qonunning ustuvorligini kafolatlovchi asosiy huquqiy hujjatdir.
Konstitutsiyamizning 14-moddasida Davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi, degan huquqiy norma belgilab qo‘yilgan.
Uning I bobida Vatanning davlat suvereniteti, II bobida xalq hokimiyatchiligi, III bobida Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi aks ettirilgan.
Konstitutsiya 4-moddasida millatimizning tiliga davlat maqomini berdi, 2-moddasida davlat xalq irodasini ifodalab, uning manfaatlariga xizmat qilishi belgilab qo‘yildi. Xalqni davlat hokimiyati manbai sifatida (7-modda) e’tirof etdi. Unda ijtimoiy hayotda siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarni xilma-xilligi kafolatlandi (12-modda), insonning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati daxlsiz oliy qadriyat deb e’tirof etildi (13-modda).
Konstitutsiyada inson eng mo‘tabar mavqega ko‘tarildi. E’tibor qilsangiz, “Asosiy prinsiplar” (Birinchi bo‘lim)dan so‘ng darhol “Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” (Ikkinchi bo‘lim) boshlanadi. Keyin esa “Jamiyat va shaxs”, “Ma’muriy-hududiy va davlat tuzilishi”, “Davlat hokimiyatining tashkil etilishi” (Uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi bo‘limlari) joy olgan.
Ikkinchi bo‘lim “Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” deb nomlanadi. “Inson va fuqarolarning” deya bosh qomusimizda tilga olishidan maqsad nafaqat mamlakatimiz fuqarolarining balki mamlakatimizda yashayotgan fuqaroligi bo‘lmagan insonlarning ham haq-huquqlarini e’tiborga oladi.
Konstitutsiyamiz, bir tomondan, milliy tafakkurimizning, dinimizning adolat, bag‘rikenglik, saxovat, to‘g‘riso‘zlik kabi qadriyatlarimizni o‘zida aks ettirsa, ikkinchi tomondan, unda xalqaro huquq me’yorlari, umuminsoniy qadriyatlar uyg‘unlashtirilgan.
Olti bo‘lim, 26 bob, 128 moddadan iborat bo‘lgan Konstitutsiyamiz bugungi kunda taraqqiyotning o‘zbek modeli deb nom olgan rivojlanish yo‘limizni yoritib berdi.
Ilhom OTAJONOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati