OILADA AYOLNING O‘RNI
Sohibqiron Amir Temur: “Ayollarga imkon qadar iliq muomalada bo‘lishga harakat qildim”, – degan purma’no so‘zlari asrlar oshsada o‘z mohiyatini yo‘qotmagan. Qadimdan ayolni e’zozlagan davlat gullab yashnagan, ravnaq topgan. Ayolni ardoqlagan oila esa bu dunyoning jannatiga erishgan.
“Epli kelin olma sepli kelin ol” – deydi ota-bobolarimiz. Agar ayol kishi xar jabhada tadbirkor va oqila bo‘lsa uning turmushida ham ro‘zg‘orida ham baraka bo‘ladi. Xalqimizda azaldan “Erni er qiladigan xotin…” degan naql mavjud bo‘lib bu ibora aynan ana shunday epli bugungi kun tili bilan aytganda tadbirkor ayollarimizga nisbatan aytilgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, erkak kishining topganini ro‘zg‘orda to‘g‘ri taqsimlagan ayollarimiz oilalarida hamisha ro‘zg‘or butligini ta’minlagan bo‘ladilar.
O‘zbek ayolining o‘ziga xosligi nimalarda ko‘rinadi? Uning ma’naviy qiyofasi, mustaqil davrimizda oila va jamiyatda tutgan o‘rni va jamiyatning ayolga munosobat qanday? Biz ana shu muhim masala yuzasidan qisqacha fikr yuritamiz.
O‘zbek oilasi va jamiyatda ayolning azal-azaldan tutgan yuksak mavqei, izzat-ikromini anglash uchun avvalo bir necha umumiy mulohazalarni aytib o‘tish kerak.
Mehr-oqibatning yuksakligi sababli o‘zbek oilalari jahonda eng oldingi qatorda turadi.
O‘zbek oilalarida azaldan eru xotin teng huquqli bo‘lib kelgan. Biroq, er boquvchi sifatida oila boshlig‘i hisoblangan. Shu sababli ma’lum bir imtiyozlarga ham ega bo‘lgan. Xalqning “Eru xotin-qo‘sh ho‘kiz” degan maqoli oilaviy demokratiyani anglatsa, “Xotin erning vaziri” degan hikmat esa ayolning oilada o‘ziga xos o‘rniga urg‘u beradi.
O‘zbek oilasi demokratiyasining o‘ziga xosligi shundaki, oilada har ikki tomonning roziligi bilan qabul qilinadigan o‘ziga xos qarorlar jamoaga er fikri sifatida bildirilgan. Er oilada ayol bilan kelishmay biror kattaroq tadbir o‘tkazish u yoqda tursin, ikki-uchta mehmonni ham uyga taklif etgan emas. Chunki, oqila, orasta va pazanda uy bekasi oila ustunining mehmonlar oldida yuzi yanada yorug‘ bo‘lishi uchun bor mahoratini ishga solib, oldindan tayyorgarlik ko‘rib qo‘yishi kerak.
– Har bir inson uchun Vatan tushunchasi, avvalo, oiladan boshlanadi. Shu bois oila va mafkura tushunchalari chambarchas bog‘liqdir. Oilaning jamiyatdagi o‘rni, tarbiyaviy va axloqiy ahamiyati, qadr-qimmatini anglab yetmasdan, oilaga millat manfaati nuqtai-nazaridan yondoshmasdan turib, xalqchil mafkura yarata olmaymiz, – deydi Yurtboshimiz.
Millat tarbiyachisi bo‘lgan o‘zbek ayolining o‘ziga xosligi avvalo erga hurmati, hayosi, bolajonligi, oilaga sadoqati, sabr-bardoshidan ko‘rinadi.
Boltaboy Yeshmuratov,
tibbiyot fanlari nomzodi