Sog‘liq va ogohlik
Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “Aholi orasida ovqatdan ommaviy zaharlanishning oldini olish tadbirlari” deb nomlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.
Kechani O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari Hakimjon Abdulazizov olib bordi. Unda FVV Tibbiy-biologik muhofaza bo‘limi boshlig‘i Abdusami Ahmatov hamda Respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi ovqatlanish bo‘limi mutaxassisi Qamriddin Boqiyevning “Aholi orasida ovqatdan ommaviy zaharlanishning oldini olish tadbirlari” hamda “Ovqatdan zaharlanish profilaktikasi” mavzusidagi ma’ruzalari tinglandi.
Ma’lumki, ovqatdan zaharlanishning eng og‘ir shakli bu botulizm kasalligi hisoblanadi. Uning sababi, oddiy – uy sharoitida sabzavot tuzlamalari hamda meva mahsulotlaridan sharbat, konserva tayyorlashda texnologik jarayonlarga, shaxsiy gigiyenaga amal qilmaslik hamda mahsulotlarni yetarlicha yuvilmasligidir.
Aholi orasida ovqatdan ommaviy zaharlanishning oldini olish borasida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar, Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirliklari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda joylarda qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.
M. XO‘JAMURODOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri