Hunarmand yoshlar oila ziynatidir

Poytaxtimizning diqqatga sazovor qadamjolaridan biri Shayxontohur tumanida joylashgan Abulqosim shayx madrasasi XVIII-XIX asrlarda bunyod etilgan. U mustaqillik yillarida qayta ta’mirlanib, mahobati tiklandi. Bu dargohda “O‘tkan kunlar” romanini bizga tuhfa etgan buyuk adib Abdulla Qodiriy bobomiz ham tahsil olgan.

O‘ymakor naqshlar bilan bezatilgan ikki tabaqali darvoza yonidan boshlanuvchi jimjimador gullari turli bo‘yoqlarda “yal-yal” tovlanib, ko‘zni qamashtiruvchi eshikli hujralarda ayni paytda kichik-kichik ustaxonalar tashkil etilgan. Chet ellik sayyohlarning qadami uzilmaydigan ushbu binoda yog‘och o‘ymakorligi, lak miniatyurasi, naqqoshlik, misgarlik, sandiqsozlik kabi ustaxonalar mavjud. Bu yerda mehnat qilayotgan qo‘li gul ustalar hamda ularning shogirdlari bilan tanishar ekanmiz, hunarmandlar qo‘li bilan yaratilgan tengsiz san’at asarlariga lol qoldik.

Dilshod Ismoilov dastlab hunarmandchilik sirlarini hozirgi “Barkamol avlod” ijodiyot markazidagi rassomchilik to‘garagida ustozi Ulug‘bek Ne’matovdan o‘rgandi. Jussasi nozik bolakay endigina 4-sinfda o‘qiyotgan bo‘lsa-da rangtasvir olamiga bo‘lgan beqiyos qiziqishi bilan tengdoshlaridan ajralib turardi.

– Talabchan ustozimiz bizga qalamni yo‘nishdan tortib, qog‘ozni qanday tartibda tutishimizgacha o‘rgatar edi, – deydi Dilshod biz bilan suhbatda. – Sariq, qizil, ko‘k ranglarning asosiy rang ekanligini bot-bot takrorlagani holda sariq rangga qizilni qo‘shsak olovrang, ko‘k rangni qo‘shsak siyohrang, sariqni ko‘kka qo‘shsak yashil rang paydo bo‘lishini ko‘rsatib, ko‘z o‘ngimizda rangtasvir olamining mo‘jizakor dunyosini namoyish etardi. Keyinchalik Respublika Rassomlik kollejida o‘qiganimda ham ustozlarim Boriy Mahkamov, Nikolay Kalashnikov bu mo‘jizakor olamning sir-asrorlarini mukammal egallashimiz uchun bor bilim va mahoratini ayamadi. So‘ngra Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn institutining “Reklama va amaliy grafika” bo‘limining bakalavr yo‘nalishini, “Interyerni loyihalash mutaxassisligi” bo‘yicha magistraturani tugatdim. Qaysi kasbning etagidan tutmang, avvalo, uni puxta egallash uchun kishidan kuchli bilim va sabr-toqat talab etiladi.

Mamlakatimizda biz yoshlar uchun Prezidentimiz rahnamoligida yaratilgan sharoitlarning adog‘i yo‘q. Yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, men kabi yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ish boshlagan yosh mutaxassislar aslo kam bo‘lgani yo‘q, – deydi u g‘ururlanib.

Betakror Samarqand hamda qadimiy Registon, Buxoro shahrining tarixiy obidalari, ishlov berilgan teriga aks ettirilgan Toshkentning Eski shahar ko‘rinishlaridan iborat grafika asarlari bilan respublika miqyosida o‘tkazilgan “Tasviriy san’at” haftaligida ishtirok etgan Dilshod Ismoilov g‘oliblikni egallab diplom bilan taqdirlandi. Vatanimiz Mustaqilligining 23 yilligiga bag‘ishlab Toshkentning umumiy ko‘rinishi asari ustida ish olib borayotgan qahramonimizning ayni paytda sira bo‘sh vaqti yo‘q. Uning monotipiya usulida yaratgan grafika asarlariga xorijliklarning qiziqishi beqiyos. Yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini muvaffaqiyatli olib borishi bilan birga, o‘zi tahsil olgan kollejda yoshlarga kasb sirlarini o‘rgatayotgan ustozning shogirdlari – Zulfiya Nasrullayeva hamda Mirshod Fayziyev 2013 yilda respublika miqyosida o‘tkazilgan “Yosh musavvirlar” ko‘rik-tanlovida grafika yo‘nalishi bo‘yicha davlat grantini qo‘lga kiritishdi.

Yana o‘qing:  Abituriyentlar Oliy ta’lim muassasalarimizga rekord darajada hujjat topshirdi

Dilshod Ismoilov bilan yonma-yon mehnat qilayotgan Farhod Ahmadjonov ham 2007 yilda respublika miqyosida o‘tkazilgan “Yosh musavvirlar” ko‘rik-tanlovida qovoqqa ishlangan “Buyuk ipak yo‘li”, Samarqand qog‘oziga ishlangan naqshlari hamda katta-kichik qutichalarga chizilgan naqshlari bilan faxrli birinchi o‘rinni egallab, grant asosida Toshkent Arxitektura qurilish institutiga o‘qishga qabul qilindi. 2011 yilda “Tashabbus”ko‘rik-tanlovida sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritgan shogird ustozlariga munosib bo‘lishga doim intiladi. Joriy yilda Samarqand shahrida o‘tkazilgan “HAND MADE BAZAR” yarmarkasida o‘z asarlari bilan qatnashib, sertifikat bilan taqdirlangan Farhod Ahmadjonovning o‘zi ham endilikda yoshlarga ustozlik qilmoqda. Hunarmandchilik sohasida yakka tartibda ish olib borayotgan tadbirkorning munosib shogirdlari ko‘pchilikni tashkil etadi. Yozgi ta’til paytida ham bu yerga hunar o‘rganish maqsadida kelayotgan yoshlarga Uchtepa tumanidagi Respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati qoshidagi naqqoshlik to‘garagida Hikmatilla Fayzullayev, Respublika Rassomlik kollejida Nodir Ikromov kabi ustozlaridan o‘rgangan naqqoshlik sohasining nozik sirlarini o‘rgatib kelmoqda. Farhod Ahmadjonov tomonidan sopol va chinni idishlarga chizilgan guldor naqshlar chetlariga zarhal bo‘yoqlarda ishlov bergani ularga yanada zeb berib turibdi. Respublika miqyosida o‘tkazilgan “Kamalak yulduzlari” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida g‘oliblikni egallagan Dilmurod Yo‘ldoshev, Mirasad Mirahmatov kabi shogirdlari bilan haqli ravishda faxrlanayotgan Farhod Ahmadjonov yana yangi naqshlar yaratish ustida ish olib bormoqda. Birgina bu emas ishlov berilgan teriga zamonaviy ko‘rinishdagi binolar tasvirini aks ettirish borasida izlanayotgan ijodkor yana yangi marralarni ko‘zlab mehnat qilmoqda. Biz esa buyuk ajdodimiz Abulqosim shayx madrasasida ertamizning munosib vorislariga hunarmandchilikning nozik sirlarini qunt bilan o‘rgatayotgan ustozlar va ularning shogirdlariga aslo charchamang, deymiz.

Jamila HAYDAROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: