TINIB-TINCHIMAGAN ODAMLAR
Hozirgi kunda fan-texnika shu darajada ilgarilab kettiki, biror kashfiyot bilan insonlarni hayron qoldirish mushkul bo‘lib qoldi. Ammo bugun biz sizga hikoya qilmoqchi bo‘layotgan kashfiyotlar tom ma’noda rivojlanishning yangi bosqichini boshlab berishiga aminmiz.
Barcha sohada bo‘lgani kabi tibbiyotda ham zamonaviy texnologiyalarning qo‘llanilishi soha mutaxassislariga ko‘plab qulayliklar yaratmoqda. Avvallari davosi yo‘qdek ko‘ringan ko‘plab kasalliklarni davolash usullari kashf etilib, qanchadan qancha bemorlar dardlariga davo topishmoqda.
Yaqinda olimlar tomonidan tibbiyotda inqilob yasashi mumkin bo‘lgan kashfiyotlar dunyo hamjamiyatiga e’lon qilindi. Bular kelajak tibbiyoti poydevori bo‘lishi mumkin bo‘lgan yangiliklardir.
Britaniyalik olimlar uzoq yillardan beri o‘z izlanishlari bilan barchani hayratga solib kelishmoqda. Mana bugun ular yana bir bor ana shunday ajabtovur kashfiyot qilishga bel bog‘lashdi. Ular insonning suratiga qarab unga tashxis qo‘ya oladigan uskuna kashf qilishga bel bog‘lagan. Ushbu qurilma rasmingizga qarab sizga tashxis qo‘yish bilan birga, kelajakda sizga qanday genetik kasalliklar xavf solishi mumkinligini ham “bashorat” qiladi.
Zero, tibbiy tadqiqotlar insonning yuz tuzilishidagi o‘zgarishlar ma’lum ma’noda undagi surunkali va genetik xastaliklardan darak berishini isbotlagan.