Naslimiz davomchilari va OILA GULTOJI
Bolani biz niholga, gulga qiyoslaymiz. Shuning uchun ham bola tarbiyasi nozik va jiddiy masala hisoblanadi. O‘zbek xalqi bolajon bo‘lganligi tufayli farzandlarini mehr bilan tarbiyalaydi, yaxshi nom qoldirib, ularga o‘rnak bo‘lishga harakat qiladi. Ammo dunyoning turli mamlakatlarida farzand tarbiyasiga turlicha yondoshiladi. Farzand ulg‘aytirishda har bir xalq o‘z milliy urf-odatlari va an’analariga rioya qiladi. Dunyo xalqlarining bola tarbiyasidagi muhim uslublari albatta, ko‘pchilikni qiziqtiradi.
Germaniyada ko‘pchilik 30 yoshga yaqinroq farzand ko‘rishadi. Chunki, ular bo‘lajak bolalari uchun hamma sharoitni yaratib qo‘yishlari lozim. Bu yerda bo‘lajak ona homiladorligidayoq farzandini 3 yoshga qadar katta qilishda ko‘maklashuvchi enaga qidira boshlaydi. Bola 4 yoshga to‘lgach esa dunyoqarashni o‘stiruvchi har xil o‘yin guruhlariga olib borishadi. Bu esa go‘dakning boshqalar bilan muloqot qilishda erkin bo‘lishini ta’minlaydi. Shundan so‘ng bolani maktabgacha ta’lim muassasasiga berish mumkin.
Fransiyada bolani ertaroq maktabgacha ta’lim muassasasiga berishadi. Bu, ona o‘z ishida malakasini yo‘qotib qo‘ymasligi uchun zarur ekan. Fransiyalik bolalar chaqaloqlik vaqtidan yasliga, keyin bog‘chaga borishadi. Shuning uchun ham ular juda erta mustaqil bo‘lib ulg‘ayishadi. Buvi va buvajonlar esa nabiralarini faqat ta’tildagina ko‘rishlari mumkin.
Italiyada esa aksincha milliy an’analarga ko‘ra farzandlarni buvi va buvajonlar tarbiyalaydi. Bu yurtda maktabgacha ta’lim muassasaiga faqat ota-onasiz yoki buvi va bobosi bo‘lmagan bolakaylar borishadi. Italiyada oilaviy ovqatlanishga katta e’tibor qaratiladi. Bunda oilaning hamma a’zolari bir dasturxon atrofida yig‘iladi.
Britaniyaliklar farzandlarini juda qattiqo‘llik bilan tarbiyalaydi. Kichikligidanoq ota-onalar bolalariga aniq chegaralar qo‘yishadi va o‘z his-tuyg‘ularini nazorat qilishni o‘rgatishadi. Ota-onalar farzandlariga bo‘lgan mehrlarini oshkor qilishavermaydi, ularni erkalatib ham yuborishmaydi. Buning hammasi bolada oliyjanoblik va yaxshi xulq-atvorning shakllanishiga sabab bo‘ladi deb hisoblashadi.
Amerikalik oilalar kamida ikkita farzand ko‘rish kerakligini ta’kidlashadi. Chunki, yakka farzand kelajakda yolg‘izlanib qolishi mumkin. Bu mamlakat ota-onalari farzandlarini hamma yerga o‘zlari bilan olib yuradi. Bu kino, bazm yoki sayr bo‘lishi mumkin. Shu sababli AQSHning ko‘pgina maskanlarida alohida bolalar uchun sayrgohlar mavjud.
Yapon xalqi esa 5 yoshgacha bolasini erkalaydi va o‘zbeklardek “Bola podsho” degan naqlga amal qilishadi. Ular bu yoshda istagan narsalarini qilishlari mumkin. Shu tarzda bola dunyoni anglay boshlaydi. Maktab davridan boshlab ota-onalar farzandlarini qattiqqo‘llik va talabchanlik bilan tarbiyalashni boshlaydi. Bu yerda har bir bola xulqi va qobiliyati, yutuqlariga qarab rag‘batlantirib boriladi.
O‘zbek xalqi ham boshqa xalqlar singari farzand tarbiyasini muhim jarayon deb hisoblaydi. Shuning uchun ham bir paytning o‘zida bolaga ham mehr, ham e’tibor va tarbiya berishga harakat qilishadi. Ular uchun farzandlarining kelajakda yaxshi inson bo‘lib voyaga yetishi juda muhim.
Bolani qay usulda tarbiyalashdan qat’iy nazar, har bir ota-onaning burchi sog‘lom, aqliy yetuk, jismonan rivojlangan, komil insonni o‘stirishdir. Inoqlik, mehr va sog‘lom turmush tarziga amal qiluvchi oilada ham ruhan, ham jismonan sog‘lom farzandlar voyaga yetishi aniq.
Saida IBODINOVA tayyorladi