KARDIOXIRURGIYa MAJMUASI: YURAKNING IKKINCHI UMRI

Yurak… Har bir insoning o‘z mushtidek keladigan bu hayotiy muhim a’zo kechayu-kunduz betinim va beorom uradi. Ona qornida homila yuragining ilk urishi uning faoliyati boshlanganidan darak beradi. Jismimizning zalvorli yukini yelkasida ortmoqlagan yuragimizga ulkan vazifa yuklangan.

U tirikligimizni ta’minlovchi bemisl va bebaho quvvat manbai. Umr yo‘llarimizni yorituvchi mash’ala. Yurak urishdan to‘xtasa inson umri tugaydi. Vujudimiz zavolga yuz tutadi. Chunki, ba’zan hayot davomida turli kasalliklar asorati sifatida orttirilgan yurak nuqsonlari odamzotni qiynasa, ba’zan ko‘pgina yuqumli kasalliklar, homilador ayolning ruhiy zo‘riqishi (stress), uning dori-darmonlarni shifokor tavsiya etmasdan o‘zbilarmonlik bilan ichishi, kamqonlikning og‘ir turlari, gipo va avitaminozlar, moddalar almashinuvining buzilishi, ayrim irsiy kasalliklar sababli homilada tug‘ma yurak nuqsonlari rivojlanish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Oilada to‘rt muchasi sog‘lom farzand tug‘ilsa, ota-onalar va yangi tug‘ilgan go‘dakning yaqinlaridan baxtiyor insonlar bo‘lmaydi. Sababi sog‘lom tug‘ilgan har bir chaqaloq nafaqat oilasi baxti, balki u kelajakda jamiyat taraqqiyoti va ona Vatan ravnaqiga hissa qo‘shuvchi barkamol shaxs sifatida voyaga yetishiga ishonamiz.

Agar oilada farzand nogiron yoki birorta nuqson bilan tug‘ilsachi!? Ayniqsa, dunyoga kelgan go‘dakda tug‘ma yurak nuqsoni kuzatilsachi? Bunday holatda yorug‘ olam ko‘ziga zimiston bo‘lib ko‘ringan yoki farzandining shamdek so‘nayotgan nigohiga bemajol tikilgan ota-ona yuragida shifokorlar umid uyg‘otishadi. Umid uchquni insonga hayotbaxsh kuch ato etadi va hamisha uni yashashga undaydi.

Yaqinda O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “O‘zbekistonda kardioxirurgiya sohasida erishilayotgan yutuqlar, ushbu yo‘nalishda ixtisoslashtirilgan davolash muassasalarining zamonaviy ko‘rinish olayotgani va istiqboldagi rejalar” mavzuidagi o‘tkazilgan matbuot anjumanida sohada erishilayotgan yutuqlar xususida so‘z yuritildi.

Istiqloldan so‘ng Prezidentimiz rahbarligidagi mamlakatimizda eng so‘nggi rusumdagi, zamonaviy uslubda qurilgan va qayta rekonstruksiya qilingan birlamchi tibbiyot, respublika hamda viloyatlar shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish, hamda xirurgiya, kardiologiya, urologiya, ko‘z mikroxirurgiyasi, akusherlik va ginekologiya, terapiya va tibbiy reablitatsiya kabi o‘nlab yo‘nalishlardagi ixtisoslashtirilgan markazlarni o‘z ichiga olgan tibbiy muassasalarning mukammal tarmog‘i yaratildi. O‘zbekistonda tibbiyot sohasidagi amalga oshirilayotgan ana shu tub islohotlar jarayonida aholiga kardiologiya yo‘nalishida ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirish, profilaktika va diagnostika ishlari samaradorligini oshirish hamda tibbiy madaniyatga e’tiborni kuchaytirish o‘zining ulkan samarasini bermoqda. Hozirda mamlakatimiz kardioxirurglari tomonidan eng murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Yana o‘qing:  DEMOKRATIYa VA ADOLAT KAFOLATI

Respublika ixtisoslashtirilgan Xirurgiya markazi, Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti klinikasi va Xorazm viloyat kardiologiya hamda Namangan viloyat kardiologiya markazlarida olib borilayotgan eng noyob amaliyotlar tahsinga loyiqdir.

– O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 21 yilligi arafasida akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan Xirurgiya markazida zamonaviy kardioxirurgiya majmuasi qurib, foydalanishga topshirildi. To‘rt qavatli mazkur majmua kardoxirurgiya yo‘nalishida foydalanadigan barcha zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan ta’minlangan.

Majmuaning birinchi qavatida kuniga ikki yuz nafar bemorni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga mo‘ljallangan poliklinika, qon quyish stansiyasi, statsionar sharoitda davolanadigan bemorlarni qabul qilish xonasi, konferensiya zali va boshqa xizmat xonalari bor.

Yana ushbu binoning ikkinchi qavatida uch yoshgacha bo‘lgan bolalarning tug‘ma yurak nuqsonlarini davolash bo‘limi – intervension kardiologiya va yurak urishi ritmi buzilishi bo‘limi hamda angiografik jarrohlik xonalari mavjud. Muassasaning uchinchi qavatida kardioxirurgiya bo‘limining palata, gemodializ va transplantatsiya bo‘limlari, klinik-diagnostika laboratoriyasi hamda diagnostika xonalari joylashgan. To‘rtinchi qavatda esa reanimatsiya bo‘limi va ikkita kardiojarrohlik xonalari mavjud, – deydi biz bilan suhbatda markazning bosh shifokor o‘rinbosari, tibbiyot fanlari nomzodi Qodir Zokirov.

Markazning faoliyatiga bir nazar solar ekanmiz Prezidentimiz tashabbusi bilan sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimizda qay darajada ulkan samara berayotganiga yana bir bor guvoh bo‘ldik. Yurtboshimizning 2007 yil 19 sentyabrda qabul qilingan “Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va uni rivojlantirish Davlat dasturini amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi Farmoni bu sohada dasturilamal bo‘lmoqda. Hukumatimiz tomonidan tibbiyot sohasiga katta e’tibor qaratilishi kardioxirurglarimizning ham dunyodagi eng murakkab operatsiyalarni muvaffaqiyatli o‘tkazish imkoniyatini yanada kengaytirmoqda.

Respublika ixtisoslashtirilgan Xirurgiya markazida o‘tkir miokard infarkti, rentgen endovaskulyar xirurgiya, o‘pka jarrohligi, yurakning ishemik kasalligi xirurgiyasi, rekonstruktiv va plastik mikroxirurgiya, orttirilgan yurak nuqsonlari xirurgiyasi, tug‘ma yurak nuqsonlari xirurgiyasi, buyrak tomirlarining shikastlanishi, qorin bo‘shlig‘i, qo‘l-oyoq tomir tizimi kasalliklari bo‘yicha murakkab operatsiyalarni amalga oshirish uslubi mukammal o‘zlashtirildi. Mikroxirurgiya va kardioxirurgiya xizmatini rivojlantirishga erishildi. Operatsiyalar yurak ochilgan holda ham, u ishlab turgan paytda sun’iy qon aylantirish uskunasi ulanmasdan ham amalga oshirilmoqda. Markaz mintaqamizda jigar sirrozi va uning asoratlarini jarrohlik yo‘li bilan davolaydigan yagona klinikadir.

Yana o‘qing:  Sport xabarlari (2015–46)

Kardioxirurgiya majmuasining zamonaviy binosini aylanar ekanmiz bu yerda faoliyat yuritayotgan yuqori malakali mutaxassislar va bemorlarga yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘rib har qanday rivojlangan davlatning klinikalaridan qolishmasligiga amin bo‘ldik.

Majmuaning Kardiojarrohlik bo‘limi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Mirzarahim Alimov, Kardioanesteziologiya va reanimatsiya bo‘limi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Alisher Haydarov, Koronar xirurgiya bo‘limi rahbari, tibbiyot fanlari doktori Abror Mansurov, Angiokardiografiya laboratoriyasi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Mirjamol Zufarov, bo‘lim mudiri Farhod Iskandarov, Yurak qo‘shma patologiyalari xirurgiyasi bo‘limi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Sherzod Aliyev kabi o‘z sohasining bilimdon, yetuk va tajribali mutaxassislari fidoiyliklari tufayli ko‘plab bemorlar ikkinchi umrini yashamoqda desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Respublika ixtisoslashtirilgan Xirurgiya markazi yuqori malakali kardioxirurglar, anesteziologlar, reanimatologlar, perfuziologlar, intervension kardiologlar kabi salohiyatli mutaxassislarga ega. Ular eng murakkab kardioxirurgik operatsiyalarni amalga oshirishga qodir. Chunki, markaz rahbariyati kardioxirurgiya majmuasi qurilishi boshlanishi bilan bu yerda faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning ham malakasini oshirishga katta e’tibor qaratdi. Shuningdek, o‘tgan 2008-2012 yillar mobaynida xorijdagi sohaga doir nufuzli markazlarda 37 nafar shifokorlar o‘z malakasini oshirib qaytishdi. Italiyaning Bergamo shahrida 10 nafar, Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida 3 nafar, Rossiyaning Moskva shahrida 2 nafar, Novosibirskda 4 nafar, Sankt-Peterburgda 2 nafar, Fransiyaning Lil shahrida 5 nafar, Turkiyaning Anqara shahrida 8 nafar mutaxassis xorijlik kasbdoshlari tajribasini o‘rganib qaytishdi.

Kardioxirurgiya majmuasi barcha zarur zamonaviy, eng so‘nggi rusumdagi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Bu esa bemorlarga aniq va tez tashxis qo‘yish hamda yurak, qon tomirlarda murakkab operatsiyalarni amalga oshirish imkonini beradi. Jumladan, angiografiya kompleksi, yurak aritmiyalarini davolash va elektrofiziologiyasi laboratoriyasi, raqamli rentgen kompleksi, magnit-rezonans tizimi, kompyuter tomografiyasi, sun’iy qon aylanish uskunasi, chaqaloqlar reanimatsiya kompleksi mutaxassis-kardioxirurglar ishida qo‘l kelmoqda.

Ha, aziz yurtdoshlar, yurak xastaligini davolashda qanchadan-qancha oq xalatli najotkor farishtalar bemorlar joni qil ustida turganida ularni yana hayotga qaytarishmoqda. Ammo bir narsani unutmaylik, insonlar o‘zaro munosabatlarda dilozorlikdan o‘zlarini tiysalar va bir-birlariga ruhiy zarba bermasalar yurakning hamisha bardavom urishiga zamin yaratadilar. Yana istardikki, har bir inson o‘z vaqtida shifokor ko‘rigidan o‘tib, salomatligiga jiddiy e’tibor bersa nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi. Sog‘lom fuqarolar esa yurtimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar va bunyodkorlik ishlarining bevosita faol ishtirokchilaridir desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Yana o‘qing:  ISHBILARMON TALABA

Tohir IBRAGIMOV,

tibbiyot fanlari doktori, professor

Gulchehra ShIRINOVA

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: