Tanish holatning notanish qirralari

Uyda, internet klublarda, kinoteatrlarda film tomosha qilayotgan yoshlarga ko‘zimiz tushadi. Bu odatiy hol, albatta. Lekin, o‘sha yoshlar qanday kino ko‘rishayotgani ko‘pchilikning xayoliga ham kelmaydi. “Bolaning tarbiyasi buzilyapti” degan gaplarni eshitamizu uning tub mohiyatini axtarmaymiz. Balki, bunga o‘sha filmlar, ularda yashiringan yot g‘oyalar sabab bo‘layotgandir…

Bir kuni dugonamning uyiga bordim. Birgalashib dars tayyorladik. Uning “gap do‘koni” ochilib, vaqt o‘tganini ham sezmay qolibmiz. Uy bekasining kechgi ovqatga chaqirganidan so‘ng, atrofga qorong‘ulik cho‘kkanini angladim.

Ovqatlanish uchun hammamiz stol atrofiga yig‘ildik. Ammo ukasi A’zamjon “keyinroq yeyman” deya rad javoni berib, qo‘shni xonada televizor ko‘rardi. Yanglishmasam, uyga kirib kelganimda ham u ekran qarshisida o‘tirgan edi. Onasining “darsingni tayyorla, A’zam”, degan so‘zini eshitmaganday jimgina tomoshada davom etayotgandi. Qiziq, maktab o‘quvchisi uchun darsdan-da muhimroq narsa nima ekan?..

Dugonam bilan A’zamjonning xonasiga kirdik:

– Nima tomosha qilyapsan, A’zam?

– Kino.

– Qanday kino, nomi nima?

– “Povorot ne tuda”.

– Juda ham qiziq filmmi?

– Ha, dahshat kino! Bir guruh yigit va qizlar o‘rmonda adashib qoldi. U yerda yomon “maxluqlar” yashaydi. Boya sariq sochli qizni arra bilan …

Dahshat! Uning xotirjamlik bilan aytgan gapini eshitib, cho‘chib ketdim. O‘n besh yoshli bola shunday film ko‘rsa-ya?

Ko‘chada, kimnidir mashina turtib yuborganini ko‘rsa, kattalar sarosimaga tushib qoladi. Hali hayot tashvishidan og‘rinmagan yosh yurak, bunday filmni o‘ziga singdirayotganidan hayratlandim.

Kinoni biroz tomosha qildim. Undagi voqealar kishida shunchalar qo‘rquv uyg‘otadiki, davomini ko‘rishga irodam yetmadi. Nigohini ekrandan uzmay o‘tirgan A’zamjondan:

– Bunday filmlarni ko‘rib qo‘rqmaysanmi? – deb so‘radim.

– Yo‘q. Kinoda bo‘lyaptiku – deya javob berdi.

To‘g‘ri, bu kino. Lekin undagi dahshatlar bolaning ma’naviyatiga ta’sir o‘tkazmaydi, deb kim kafolat beradi?!

E’tibor berganmisiz, belanchak quchgan ona, qalbidagi eng ezgu tilaklari bilan farzandiga alla aytadi. Go‘dak sehrli nolani tinglab uxlab qoladi. Buvijonlar nabirasini tizzasiga o‘tkazib, unga ertak aytib beradi. Mana shunday shirin so‘zlar, ezgulikka yo‘g‘rilgan ertaklarni eshitib ulg‘aygan bola faqat yaxshi ishlar qilishga harakat qiladi, kitobga mehr qo‘yadi.

Yana o‘qing:  Har bir bola – e’tiborda

Onasining allasi va buvisining ertaklari bolaga ozuqa beradi. Demak, yovuz manzaralar tasvirlangan filmning ham qaysidir jihatini u o‘ziga singdiradi. Bolaning suvdek tiniq, beg‘ubor xayollarini qora tutun zaharlaydi.

Ma’naviy ongi shakllanayotgan bolaning xotirasiga kinoning har xil voqealari muhrlanadi. Bu esa salbiy holatlarni yuzaga keltirishi, yomon o‘y-fikrlarni rivojlantirishi ham ehtimoldan holi emas.

Dildora MURODOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: