Barchamiz birdek mas’ulmiz
Mustaqil O‘zbekistonimizning ertasi o‘sib-ulg‘ayib, kamolga yetayotgan farzandlarimizga, yoshlarimizga bog‘liq. Shu bois, yurtimizda yoshlar va o‘smirlarning bezavol kamol topishi qonunlar bilan kafolatlangan. Barkamol farzand tarbiyalash umumxalq harakatiga aylantirilgan mamlakatimizda kelajak taqdiri har birimizdan katta mas’uliyat talab qiladi. Shuningdek, voyaga yetmagan bolalar bilan ishlashni tashkil qilish ichki ishlar xodimlariga ham katta mas’uliyat yuklaydi.
Toshkent shahri Mirobod tuman ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Shavkat Mavlonovga “Sog‘lom bola yili”da voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilish, ularning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar xususida bir necha savollar bilan murojaat qildik.
– Mamlakatimiz Prezidenti joriy yilni “Sog‘lom bola yili”deb e’lon qilganidan so‘ng an’anaga binoan davlat dasturi ishlab chiqildi. Unda tegishli tashkilotlar oldiga vazifalar qo‘yildi. Har bir muassasa dastur asosida o‘z rejasini belgilab oldi. Ushbu hujjat asosida o‘tgan olti oyda tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan qanday tadbirlar amalga oshirildi?
– Dasturdan kelib chiqib tuman ichki ishlar bo‘limi ham o‘z vazifalarini qayta ko‘rib chiqdi va samarali tadbirlar belgilandi. Zero, jinoyatchilikning oldini olishda va unga qarshi samarali kurashishda keng qamrovli tadbirlarning ahamiyati juda kattadir.
Tumandagi yoshlar va voyaga yetmaganlar bilan ishlash guruhi xodimlari jinoyat va huquqbuzarlikning oldini olish, diniy ekstremizmning mohiyatini anglatish, giyohvandlik hamda kashandalikning inson salomatligiga salbiy ta’siri, OITS kasalligi, odam savdosining mudhish oqibatlari kabi mavzularda 288 ta tadbir o‘tkazib, mutaxassislar yordamida jonli suhbat va ma’ruzalar uyushtirishdi. Ularning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish maqsadida filmlar namoyish etildi.
Raqamlarga murojaat qilsak, o‘tgan olti oy davomida tumanimizdagi 6 ta oliy o‘quv yurtlarida 10 ta tadbir uyushtirildi. Shuningdek, tumanimiz hududidagi 5 ta akademik litsey, 7 ta kasb-hunar kollejida ham turli tashkilot va mutaxassislar yordamida 49 ta ma’ruza va uchrashuvlar tashkil etildi. 17 ta maktabda esa 27 ta tadbir bo‘lib o‘tdi. Uning 11 tasi ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda uyushtirildi.
– “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona”, deydi xalqimiz. Shundan kelib chiqib aytsak, ichki ishlar xodimlarining mahallalar bilan hamkorligi o‘ta muhim vazifadir…
– Darhaqiqat, farzandlar tarbiyasiga qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y, qo‘yingki, barcha mas’ul bo‘lishi lozim. Militsiya tayanch punktlarining mahallalar qoshida joylashgani, ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligida juda qo‘l kelyapti. Ular mahalla faollari yordamida har bir oilaga kirib borishga, ular bilan tanishishga intilishadi. O‘tgan olti oyda tuman ichki ishlar bo‘limining tergov bo‘limi xodimlari, profilaktika inspektorlari, jinoyat bo‘limi xodimlari tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda mahallalarda 83ta tadbir uyushtirdi.
– Yoshlar o‘rtasidagi jinoyatlarning oldini olishda turli tashkilotlar va ota-onalar bilan hamkorlikni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega. Buning uchun o‘quv yurtlarida, mahallalarda turli qiziqarli tadbirlarni tashkil etish lozim. Ma’lumotlarga qaraganda, voyaga yetmaganlar huquqbuzarligining ko‘pchiligi aynan ota-onaning farzandlari tarbiyasiga salbiy ta’siri yoki befarqligi, bolalarning qarovsiz qolishi natijasida sodir bo‘lyapti.
– Fikringizga to‘la qo‘shilaman. “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, deydi xalqimiz. Bolalarni tarbiyalashda, qiziqishlarini to‘g‘ri yo‘lga solishda mahalla bilan birga, ota-onaning ham roli katta. Lekin, ayrim mahalla oqsoqollarining oilalarga e’tiborsizligi tufayli ko‘ngilsiz hodisalar sodir bo‘lyapti. Ular faqat madaniy-ma’rifiy ishlar emas, balki qonunbuzarlikning oldini olish ishlariga ham bosh-qosh bo‘lishlari lozim. Notinch oilalar bilan profilaktik ishlarni talab darajasida olib borish, farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanmaydigan ota-onalarni javobgarlikka tortish masalalariga loqayd qarab bo‘lmaydi. Boshi berk ko‘chaga kirgan o‘quvchilarni pedagoglar va ota-onalar ishtirokida muhokama qilish ham yaxshi samara beradi.
– Prezidentimizning bir hikmatli so‘zi bor: “Go‘dak ona suti, ota namunasi, bobolarimiz o‘gitlari hisobiga ulg‘ayadi”. Shunday emasmi?
– Ha, hujjatlarga qarasak, yoshlar tomonidan jinoyat sodir etilganligi ma’lum. Biroq, jinoyatni amalga oshirgan bolalarning kelib chiqishiga qarasak, ularning ko‘pchiligi notinch oilaviy muhitda ulg‘ayayotgan oilalarning farzandlaridir. Bular bari bolalarni boshi berk ko‘chaga kirib qolishiga olib keladi. Aslini olib qaraganda davlatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shishni o‘ylamasdan maqsadsiz, bebosh yashayotgan kattalar kichiklarning fe’l-atvoriga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Bolalardagi salbiy oqibatlar kattalarning shaxsiy namuna bo‘la olmaganligidandir, degan fikringizga to‘la qo‘shilaman.
O‘tgan yilning shu davriga nisbatan bu yil qotillik, og‘ir tan jarohati yetkazish sodir bo‘lmadi. Talonchilik, bezorilik va boshqa jinoyatlar ham kamaydi. Agar voyaga yetmaganlar tomonidan bittagina jinoyat sodir etilsa ham biz ehtiyot choralarini ko‘rishimiz kerak.
– Toshkent shahrida voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi ishlab turibdi. Ushbu markaz tarbiyasi og‘ir bolalarga huquqiy va ruhiy yordam berib kelyapti. Mazkur muassasa bilan hamkorlik borasidagi tajribangiz qanday?
– Bu yil profilaktik tizim yanada kuchaytirildi. O‘tgan olti oyda 53 nafar maktab o‘quvchisining huquqiy onggi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida Toshkent shahar Ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirildi. Kasb-hunar kollejlaridan esa 112 bolani u yerga yo‘lladik.
– Bolalarning internet kafelarda tungi vaqtlarda, ya’ni milliy qonunchiligimizda ta’qiqlangan vaqtlarda ham o‘tirganlarini kam bo‘lsa ham uchratish mumkin.
– Tumanimizda bugungi kunda 42 ta internet kafe bor. Barini nazoratga olganmiz. Shu yilning o‘tgan olti oyida 14 marta reyd o‘tkazdik. Reyd natijasida internet kafe rahbarlaridan to‘rt nafariga chora ko‘rildi. Dars paytida va tungi soat o‘ndan keyin u yerda o‘tirgan bolalar aniqlanib, tegishli o‘quv muassasalariga, ota-onasiga yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga 37ta taqdimnoma jo‘natildi.
– Voyaga yetmaganlar orasida turli jinoyatlarning oldini olishda ularning bo‘sh vaqtlarini to‘g‘ri tashkil etish ham katta ahamiyatga ega. Bolalarning yozgi dam olish oromgohlariga ichki ishlar organlari ham jalb etilgan. Bu boradagi ishlar xususida ham to‘xtalib o‘tsangiz?
– Tumanda 154-, 94-, 125-sonli umumta’lim maktablarida bolalar oromgohi tashkil etilgan. Ularda 1300 nafar bola dam olishi belgilangan. Har bir maktabga bittadan profilaktika inspektori biriktirilgan. Ushbu guruhga tajribali xodim, huquqbuzarlikning oldini olish bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari, mayor Rauf Qayumov rahbarlik qiladi. Biz ushbu oromgohlarda turli tadbirlar uyushtirib turamiz.
– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.
Javlon SA’DULLAYEV suhbatlashdi