Tarbiya – kelajak poydevori

Bayramlar tinchliksevar xalqimizning baxti va farovon turmushi ifodasidir. Har tong ko‘ksini hayotbaxsh nasimlarga tutib, ozod va obod Vatan taqdiriga mas’ullik hissi bilan ishga otlanayotgan navqiron ota timsolida bugun o‘zbek xalqining, eng qadimiy va muqaddas qadriyat sanalmish oilaning yorqin kelajagi o‘z ifodasini topgan. Shunday umidli lahzalarda hurlik tuyg‘usini qon-qoniga singdira olgan vatandoshlarimiz O‘zbekistonning dunyo maydonida munosib o‘rin egallashiga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Qaysi kasb vakiliga qaramang, oilasi, shu yurt farovonligi uchun ter to‘kib, mehnat qilmoqda.

Men ham o‘qituvchiman. Istiqlol sharofati bilan mamlakatimizda o‘qituvchi va murabbiylarga Prezidentimiz tomonidan katta e’tibor bildirilmoqda, ularning mashaqqatli, shu bilan birga sharafli mehnati qadrlanmoqda. Qator samarali islohotlar amalga oshirilmoqda. Zamonaviy axborot va ilg‘or pedagogik texnologiyalar keng joriy etilmoqda. Ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi, ta’lim-tarbiya mazmuni yangilanmoqda va takomillashtirilmoqda.

Kadrlar tayyorlash milliy dasturini dunyo tan oldi. Mamlakatimizda 9+3 sxemasi bo‘yicha 12 yillik umummajburiy bepul ta’lim tizimi joriy etildi.

O‘zbekistonda ta’lim sohasini rivojlantirish va isloh etishga yo‘naltirilayotgan yillik xarajatlar yalpi ichki mahsulotning 10-12 foizini tashkil etmoqda. Dunyodagi ko‘plab mamlakatlarda esa bu ko‘rsatkich 2-5 foizdan oshmaydi.

Respublikamizda ta’lim tizimi faoliyatini ta’minlaydigan 50ga yaqin me’yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi.

Mana shunday ezgu ishlarning samarasi o‘laroq, Butunjahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimiz aholisining savodxonlik darajasi 99,34 foizga yetgan. Vaholangki, bu ko‘rsatkich, Italiyada 98,4 foiz, Ispaniya va Janubiy Koreyada 98 foiz, Isroilda 97,1 foizni tashkil etadi. Bundan yuraklar g‘urur va iftixorga to‘ladi.

Mamlakatimizda har yili davlat byudjeti xarajatlar qismining 35 foizdan ziyodi ta’lim sohasiga yo‘naltiriladi. Keyingi o‘n yilda o‘qituvchi va murabbiylarning maoshi iqtisodiyotimizning real sohasidagi ish haqi miqdoridan o‘rtacha 1,5 barobar ko‘p o‘sdi, pedagog xodimlar mehnatini baholash va rag‘batlantirishning zamonaviy tizimi joriy etildi.

Yosh avlod jamiyat taraqqiyoti va istiqbolini ta’minlovchi yetakchi kuch hisoblanadi. Shu bois, mamlakatimizda yoshlarni ijtimoiy himoyalash tizimi tobora takomillashib bormokda. Yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.

1991 yil 20 noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi Qonunga asosan mamlakatimizda millati, irqi, tili, dini, ijtimoiy mavqei, jinsi, ma’lumotidan qat’iy nazar yoshlarga g‘amxo‘rlik qilinmoqda, ular huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoyalanmoqda.

Yana o‘qing:  Uy sharoitida yuzni oqartirish

Navqiron avlod davr ruhida ma’naviy kamol topib, buyuk ajdodlarimiz barhayot mevasidan oziqlanib, zamonaviy bilimlarni egallab, ularni ongi, shuuriga singdirib bormas ekan, bizning o‘z oldimizga qo‘ygan ulug‘vor maqsadlarimizga erishishimiz, nurli istiqbolimizni bunyod etishimiz ham qiyin. Shu bois, ham yoshlar tarbiyasi, ularni barkamol insonlar etib shakllantirish, voyaga yetkazish masalasi har doim davlatimiz oldidagi birinchi darajali vazifalardan biridir.

Mustaqillik tufayli buyuk qadriyatlarimizning haqiqiy egasiga aylandik. Vatandoshlarimiz chehrasidagi samimiylik va bugungi farovon turmushdan qanoatni ko‘rib, “Bu muqaddas Vatanda azizdir inson” shiorining amaldagi ifodasidan mamnuniyat hissini tuyamiz.

Darhaqiqat, hayotimizning qaysi jabhasiga qaramaylik rivojlanishni ko‘ramiz.

Ushbu jarayonlarning mukammal amalga oshishida yagona maqsad va bosh omil Vatanga bo‘lgan muhabbat va sadoqat tuyg‘usining shakllanishi hamda takomillashuvi bilan belgilanadi.

Go‘dak mehmonga borgan joyida tezgina uyga ketish uchun xarxasha qila boshlaydi. Mana shu tuyg‘u uning o‘z uyi, “kichik Vatani”ga muhabbat tuyg‘usidir. Bu tuyg‘u Vatanga bo‘lgan sadoqatning dastlabki ko‘rinishi bo‘lib, uni yurt sarhadlarini qamray oladigan darajadagi buyuk muhabbatga aylantirish zarur.

Shunday ekan, Vatan taraqqiyoti yo‘lida daxldorlik mas’uliyati, mustaqillikka shukronalik hissi bilan yo‘g‘rilgan tarbiyagina mamlakatda barqarorlik va yorqin kelajakni ta’minlaydi.

Feruza SINDAROVA,

Sergeli politexnika kasb-hunar kolleji katta o‘qituvchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: