Nashr dizayniga zamonaviy yondashuv
Jurnalistik mahsulotning eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri uning maxsus “qadoqlanishi”, ya’ni dizayni hisoblanadi. Buning uchun esa bosma media dizayniga yangi vositalar ishlab chiqish va tatbiq qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilishi lozim. Shu maqsadda poytaxtimizda “Bosma OAVning zamonaviy dizayni” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur seminar O‘zbekiston Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Jurnalistlarni qayta tayyorlash xalqaro markazi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ofisi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Seminar-trening davomida ishtirokchilar gazeta va jurnallar dizaynining zamonaviy vazifalari va tamoyillari, dizayn tarkibiy qismlari va majmualari, dizayn va sahifalashning kompyuter dasturlari bilan tanishdilar. Tadbir davomida bo‘lib o‘tgan interfaol sessiyalarda mahalliy va xorijiy bosma OAV dizayni muammolari muhokama etildi, ularni bezash va sahifalash tendensiyalari va qoidalari ko‘rsatilib o‘tildi. Amaliy sessiyalar jarayonida ishtirokchilar olgan nazariy bilimlarini gazeta va jurnallarni sahifalash dasturlari orqali mustahkamlamoqdalar.
T.ORTIQOVA