Ixtisoslashgan tibbiyot markazlari: malakali tibbiy xizmat kafolati
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari va Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi ahamiyati, bugungi kunda ushbu davolash muassasalarida eng murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli o‘tkazilayotganligi” mavzusida navbatdagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash joiz, mustaqillik yillarida mamlakatimizda shakllangan zamonaviy tibbiyot muassasalari tizimidagi tibbiy-ilmiy maktablar negizida barpo etilgan ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining alohida o‘rni bor. Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining joylarda 13 ta mintaqaviy filiali, tuman tibbiyot birlashmalari huzurida 172 ta subfiliali aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, mamlakatimizning barcha hududida tez tibbiy yordam stansiyalari, sanitar aviatsiya xizmati yo‘lga qo‘yilgan.
Respublika ixtisoslashtirilgan Xirurgiya markazi va uning qoshida Kardioxirurgiya majmuasining ochilishi, yurak xirurgiyasi sohasida yanada yuqori texnologiyalarni tatbiq qilishga, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam ko‘lamini kengaytirishga, ixtisoslashtirilgan kadrlarni tayyorlash uchun qulay sharoitlarni yaratishga va hududiy markazlar rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Birgina o‘tgan yilning o‘zida Respublika ixtisoslashtirilgan Xirurgiya markazining Kardioxirurgiya majmuasi va boshqa shunday shifoxonalarda yurak-qon tomir kasalliklariga chalingan 4 mingdan ziyod bemor dardiga davo topishi ham tizimda amalga oshirilayotgan yutuqlarning nechog‘li salmoqli ekanligidan dalolat beradi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri A.Alimov so‘zga chiqib, sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan bosqichma-bosqich islohotlar natijasida aholiga zamonaviy tibbiy-sanitariya, profilaktika, diagnostika, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishning yaxlit va mukammal tizimi yaratilgani inson salomatligini asrash, xalqimizning sog‘lom va uzoq umr kechirishini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Anjumanda jurnalistlarga mamlakatimiz aholisiga zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatishning bugungi holati, sohada yuksak texnologiyalarni qo‘llash samaralari, kadrlar malakasini oshirish, tibbiyot va ilm-fan yutuqlarini keng ommalashtirish borasida hayotga tatbiq etilayotgan loyihalar, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni yanada takomillashtirishga oid ma’lumotlar namoyish etildi.
Jurnalistlar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.
M.TOLIPOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri